Oliy Majlis Qonunchilik palatasining fevral oyi yakunidagi yana bir yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisda ham insoniylik, ham demokratik nuqtai nazardan muhim konseptual masalalar muhokamadan o‘tdi.
Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan Qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Loyiha mazmuni bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov tanishtirdi.
Aytilishicha, qonun loyihasida bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar, ularning vakolatlari aniq belgilab berilmoqda.
Amaldagi qonunchiligimizda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik jismoniy, jinsiy, ruhiy kabi uchta shakli mavjud edi. Taklif etilayotgan loyiha bilan g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling singari zo‘ravonlik shakllari bilan to‘ldirilmoqda.
Yangi institut joriy qilinishi ham ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni, endilikda bolalarga ham himoya orderi berish taklif etilmoqda. Bunda order vakolatli organ tomonidan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxsga hamda zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining o‘ziga beriladi.
Bundan tashqari, loyihada bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning ishtiroki va ularning majburiyatlari belgilab qo‘yilmoqda.
Jumladan, ota-onalar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi hamda zararli ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasida ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligi, ta’lim muassasalarida intizomiy jazo chorasi sifatida zo‘ravonlikning har qanday shakli, shu jumladan, jismoniy jazo va boshqa shafqatsiz xatti-harakatlarni amalga oshirish yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilanmoqda.
Yana shuni ham ta’kidlash kerakki, yetim, nazoratsiz, aqliy rivojlanishda nuqsoni bor, fohishalik, tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan bolalar zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalar toifalari sifatida qonun loyihasida aniq belgilab berilgan.
Muhokamada quyi palatadagi siyosiy partiyalar fraksiyalari ham o‘z pozitsiyalarini bildirishdi. Jumladan, O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov shunday dedi:
– Bugun O‘zbekistonda bolalarni ijtimoiy himoya qilish, ularning ta’lim-tarbiyasi, sog‘lig‘i va kelajakda davlatimizning tayanchi bo‘lishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Umuman, keyingi yillardagi qonunchilik hujjatlari ham yoshlarga e’tibor davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanini yaqqol ko‘rsatmoqda. Shu nuqtai nazardan bugun muhokamaga kiritilgan qonun loyihasiga ham ushbu siyosatning uzviy davomi sifatida qarashimiz kerak.
O‘tgan yili qabul qilingan yangi Konstitutsiyamizda oila, bolalar, yoshlarga bag‘ishlangan alohida bob qo‘shildi. Xususan, 78-moddada bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi belgilab qo‘yildi.
Mazkur qonunning alohida jihatlarini ta’kidlab o‘tishimiz kerak.
Birinchidan, davlat siyosatini belgilab bermoqda.
Ikkinchidan, mas’ul vakolatli organni belgilab bermoqda.
Uchinchidan, zo‘ravonlikka uchragan bolalarni himoya qilish mexanizmi yaratilmoqda.
Qonun loyihasi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining asosiy g‘oyasi bo‘lgan ijtimoiy tenglik va ijtimoiy adolat prinsiplariga asosan ishlab chiqilganini e’tirof etgan holda, fraksiyamiz loyihani birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullab, barcha deputatlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqiradi.
Yakunda qonun loyihasi ma’qullandi.
3 milliondan ortiq huquq masalasi
Shu kuni majlisda yana bir yirik qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokamadan o‘tkazildi.
Bu o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishga qaratilgan qonun loyihasi edi.
Loyiha bilan tanishtirgan adliya vaziri o‘rinbosarining ta’kidlashicha, 2018 yilda Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq o‘tkazilgan bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida 621 ming nafardan ortiq fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasida tegishli ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylariga nisbatan egalik huquqi e’tirof etilib, ularga kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilgan.
Shunga qaramasdan, bugungi kunda 3 milliondan ortiq fuqaroning ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylarga nisbatan egaligini belgilash masalasi qonuniy yechimini kutayotgan ekan.
O‘ylab qaralsa, bu O‘zbekiston aholisining deyarli 10 foizi o‘zi yashab turgan uy-joyiga nisbatan egalik huquqi qonuniy tartibda belgilanmaganligini anglatadi. Birgina shu xulosaning o‘zi qonun loyihasining konsepsiyasi qanchalik muhim va dolzarbligini anglashimiz uchun kifoya.
Qonun loyihasi 37 moddadan iborat bo‘lib, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilmoqda.
Unga ko‘ra,
– 2018 yil 1 may kuniga qadar fuqarolar tomonidan yakka tartibdagi uy-joy qurgan holda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlar;
– 2018 yil 1 may kuniga qadar fuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident yuridik shaxslar tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlar;
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tashkil etilgan Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalari tomonidan fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish mumkin, deb topilgan holatlar;
– 2021 yil 8 iyun kuniga qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan qonunchilik hujjatlariga muvofiq fuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident yuridik shaxslarga ajratilgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlash masalasi o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmagan yer uchastkalariga, bundan yer uchastkasida ikki yil mobaynida bino va inshoot qurilmagan yoki qurilishi boshlanmagan hamda maqsadsiz foydalanilgan holatlar mustasno;
– bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer uchastkasi;
– 2020 yil 9 martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik subyektlarining bino va inshootlari (yoki ularning qismlari) joylashgan yer uchastkasi;
– xususiylashtirilgan ko‘chmas mulk obyektlari, xususan, bino va inshootlar hamda yakka tartibdagi turar joylar egallagan yer uchastkasi;
– fuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulk huquqi e’tirof etilgan bino va inshootlari hamda yakka tartibdagi uy-joylari egallagan yer uchastkalari kabilarga tatbiq etiladi.
Loyihada 2018 yil 1 may kuniga qadar fuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident yuridik shaxslar tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer uchastkalariga faqat ijara huquqi, unda qurilgan bino va inshootlarga mulk huquqi e’tirof etilgan. Bunda ijara muddati yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yer uchastkalari uchun to‘qson to‘qqiz yil, boshqa yer uchastkalari uchun qirq to‘qqiz yil etib belgilanmoqda.
Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun bir martalik to‘lov undiriladi. To‘lov miqdori Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari, Nukus shahri va viloyatlar markazlarida – bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari, viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda – bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari, boshqa aholi punktlarida – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari etib belgilash nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, bir martalik to‘lovni I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘lashdan ozod etilgan bo‘lsa, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga kiritilgan shaxslardan to‘lovning 50 foizi undirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, qonun loyihasi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqi hamda ularda qurilgan uy-joy, boshqa bino va inshoot yoki ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan mulk huquqi rasmiylashtirilishi uchun huquqiy asoslar yaratilishiga xizmat qiladi.
Deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qullashi bilan birga, o‘z takliflarini ham aytishdi. Jumladan, palata spikeri qonunning nomi haqida o‘ylab ko‘rish kerak, ba’zilarga yashayotgan yeri ota-bobosidan qolgan, ularning butun avlodi shu joyda yashab kelgan, shunday fuqarolar uchun «o‘zboshimchalik», degan so‘z sal noto‘g‘riroq bo‘lib qoladi, ya’ni kimningdir nafsoniyatiga tegib qo‘yishimiz mumkin, degan fikrni bildirdi.
Deputatlar loyihani bir ovozdan ma’qullashdi.
Ko‘rinib turibdiki, ikkala qonun loyihasi ham dolzarbligi jihatidan huquqiy davlatchilik asoslari va jamiyat farovonligi uchun juda ham muhim. Bu loyihalarning hayotga tatbiq etilishi millat genofondi bo‘lgan yoshlarga e’tiborni ham, millionlab fuqarolarning uy-joylariga nisbatan egalikni belgilash masalasi ham qonuniy tartibga solinishini anglatadi.
Ahmad QURBONOV,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 28.02.2023, №8