Giyohvandlikka qarshi kurashish — hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi kerak

 

Keyingi paytlarda yoshlarimiz orasida kuchli ta’sir qiluvchi va tarkibida psixotrop moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalariga qaramlik illatiga ruju qo‘yish holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Bu illat yosh oilalarning barbod bo‘lishiga, bolalarning tirik yetim qolishiga zomin bo‘layotgani taassuflidir.

Bugungi kunda giyohvandlik dunyo jamoatchiligini хavotirga soladigan darajada yoyilib ketmoqda. Oxirgi 20 yilda ko‘p mamlakatlarda giyohvandlik vositalari bilan birga psixotrop va psixofaol moddalarni iste’mol qiluvchilarning soni oshib bormoqda.

Ushbu illatning yoshlar orasida ommalashishi juda xavflidir. Yoshlar o‘rtasida bu illatning ko‘payib ketishini o‘smirlarning har xil narsalarga qiziquvchanligi, tez ta’sirga beriluvchanligi, ularning ushbu kasallik tufayli kelib chiqayotgan asoratlarni bilmasligi hamda aholi orasida giyohvand vosita yoki giyohvandlik kasalligi to‘g‘risidagi axborotlarning kamligi bilan tushuntirish mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yilda respublika hududida giyohvandlik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi vositalar noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar orasida yoshlar 74 foizga oshgan. Narkologik hisobga olingan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan giyohvandlik vositalari iste’molchilari 60 foizga ko‘paygan.

Endi savol tug‘iladi: xo‘sh, yoshlarni giyohvandlik moddalari ta’siriga tushib qolishiga nima sabab bo‘lmoqda? Oxirgi vaqtlarda bu illatga ruju qo‘yish holatlari nega borgan sari ko‘paymoqda?

Fikri ojizimcha, ayrimlar to‘qlikka sho‘xlik qilsa, boshqalar o‘zi bilmagan holda – aldovlar natijasida uning qurboniga aylanib qolyapti. Yoshlarning ajal girdobiga tushib qolishida ko‘pincha oiladagi muhit yoki e’tiborsizlik ham sabab bo‘lmoqda. Bu dardga mubtalo bo‘lganlar orasida yoshlar bilan birga, ayollar ham borligi kishini o‘ylantiradi.

Shu ma’noda, bugun muammoning oqibatlari bilan emas, balki sabablari bilan kurashish samaraliroq. Bu kurash qanday amalga oshiriladi? Faqat targ'ibot-tashviqot va media imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali.

Mamlakatimizda barcha turdagi giyohvandlikka qarshi izchil kurash olib borilmoqda. Xususan, mahallalarda, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida, barcha mehnat jamoalarida giyohvandlikning inson sog‘lig‘iga zarari va uning ayanchli oqibatlari haqida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Har yili fevral oyida ichki ishlar organlari tomonidan “Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishiga qarshi kurashish” oyligi o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur tadbirlarda yoshlar orasida yangi turdagi sintetik giyohvandlik vositalari va “yengil narkotik” sifatida ommalashib borayotgan dori-darmonlarning inson salomatligi bilan bir qatorda, turmush tarziga, kelajagiga, yaqinlariga salbiy ta’siri tushuntirilyapti.

Ushbu illatning oldini olish uchun avvalo, xastalikning sabab bo‘luvchi omillarini bartaraf etish, xususan, aholi bandligini ta’minlash, yoshlarni sportga jalb etish, ularning ma’naviy dunyosini umuminsoniy qadriyatlar va milliy g‘urur hissi bilan boyitish ham hayotiy zaruratdir.

Yoshlarni dunyoqarashi endigina shakllanib borayotgan bir paytda, ularni aldov yo‘llari bilan giyohvandlik qurboniga aylantirayotganlar oz emas. O‘z hamyonini qappaytirish ilinjida og‘uni voyaga yetmagan yoshlar orasida tarqatib, uni iste’mol qilishga targ‘ib qilayotganiga jim qarab turib bo‘lmaydi. Giyohvandlikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ishi emas, hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi kerak. Zero, bunga hamma – butun jamiyat birdek mas’ul!

 

Muqaddas O‘RAZALIYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish