Aholi huquqlarini cheklaydigan, fuqarolarga noqulaylik keltiradigan qurilishlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi

 

Yakkasaroy tumani Yunus Rajabiy mahalla fuqarolar yig‘inidagi futbol maydoni va yashil hudud o‘rnida bino qurilishi rejalashtirilganligi haqidagi xabarlar keng jamoatchilik va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining muhokamalariga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi deputatlari ushbu masalaga tezkor e’tibor qaratib, muammo joyiga chiqib o‘rganildi.

O‘rganish davomida mazkur hududdagi 30 sotix yer Toshkent shahar hokimining tegishli qarori bilan shahar zaxira fondiga kiritilganligi, shunga ko‘ra yashil hudud va futbol maydoni joylashgan yer kimoshdi savdosi orqali tadbirkorga sotilganligi, tadbirkor u yerda ko‘p qavatli bino qurmoqchi ekanligi aniqlandi.

Fuqarolar yashil hudud va stadion joylashgan yerni shahar zaxira fondiga olish to‘g‘risidagi hokim qarorini bekor qilish to‘g‘risida sud organlariga murojaat qilishgan, biroq barcha sud instansiyalarida hokim qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Masalaning boshqa tomoni shundaki, qurilish mo‘ljallangan stadion 7 ming nafar aholi istiqomat qiladigan mahallada yagona hisoblanadi.

Yer kodeksi 64-moddasiga muvofiq, aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlar (daraxtzorlar, bog‘lar, sayilgohlar, xiyobonlar, shuningdek ariq tarmoqlari egallagan yerlar) aholi punktlarining umumiy foydalanishdagi yerlari hisoblanadi hamda umumiy foydalanishdagi yerlarda bu yer qaysi maqsadga xizmat qilsa, faqat shunga mos keladigan imorat va inshootlar qurishga ruxsat beriladi.

Qolaversa, Prezidentning 30.12.2021 yildagi PF-46-son Farmoni bilan daraxtlarni har qanday holatda kesish yoki yo‘q qilish to‘g‘risida hukumat farmoyishlari va hokimlar qarorlarini qabul qilish taqiqlangan. Ushbu hududda esa ko‘plab daraxtlar mavjud.

Yuqoridagilarga asosan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ko‘p qavatli uylar, aholi yashash punktlari yaqinida aholi huquqlarini cheklaydigan, fuqarolarga noqulaylik keltiradigan qurilishlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi va aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan Toshkent shahar hokimligining ushbu qarorini qayta ko‘rib chiqish va yoshlarning ommaviy sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratish lozim deb hisoblaydi. Bu borada partiya Toshkent shahar hokimligiga o‘z nuqtai nazarini bayon etish yuzasidan deputatlik so‘rovi yuboradi.

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Matbuot xizmati.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish