Bugun globallashuv davrida yashayapmiz. Hayot shiddat bilan o‘zgarmoqda. Mamlakatimizda yoshlar qariyb 60 foizni tashkil etadi. O‘zbekiston yoshlar mamlakati. Davlatimiz rahbari yoshlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratishi ham bejizga emas. Yilning nomiga ham “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb belgilanishida ham ramziy ma’no bor. Yoshlar tarbiyasiga bugundan e’tibor qaratmasak, ertaga kech bo‘ladi.
Ba’zan insonlar bilan muloqot qilsangiz, yoshlar hozir juda yomon bo‘lib ketdi, kundalik turmush sharoitimizda noxush voqealar ko‘p bo‘lyapti deb noshukurlik qilishadi. Lekin o‘z fikrimni bildiraman. Hayotimizda oldin ham shunday holatlar kuzatilgan. Ammo biz hozir tezkor texnika asrida yashayapmiz. Chekka qishloqda bo‘lgan voqealar bir zumda butun jahonga internet ijtimoiy tarmog‘i orqali tarqalib ketadi. Aytmoqchimanki, ijtimoiy tarmoq, virtual olamning salbiy va ijobiy tomonlari bor. Undan foydalanish esa har kimning ma’naviyatiga, oiladagi tarbiyasiga bog‘liq bo‘lib qoldi. Shunday tezkor va globallashuv davrida ba’zi odamlarimiz ko‘proq mablag‘ topish, kim o‘zar holatlariga o‘tib, farzandlari tarbiyasini ikkinchi darajaga qo‘yishmoqda.
Farzandga tikilgan sarmoya ertaga o‘n barobar o‘ziga yaxshi bo‘lib qaytishini, o‘zi tushunib yetmaydigan ota-onalar ham afsuski, oramizda uchraydi. – Qo‘y bugun maktabga borib nima qilasan, undan ko‘ra bozorda menga yordam ber yoki qo‘y boqib kel, o‘qib shahar olib berarmiding, – deydiganlar ham borligi achinarlidir. Bolalarimizning kim bilan do‘st bo‘lishini bilishimiz lozim. Xalqimizda bir maqol bor “Qozonga yaqin yursang, qorasi yuqar”. Jamiyatda yaxshi va yomon insonlar doimo bo‘lgan va bundan so‘ng ham bo‘ladi. Shuning uchun oilalardagi ma’naviy muhit yaxshilab, doim farzandlarimizni yomon jihatlarga qarshi immunitetini shakllantirib borishimiz zarur. Virtual olamda ayniqsa, qizlarning behayo hatti-harakatini ko‘rib o‘sayotgan yoshlar, ertaga kim bo‘ladi? Yoshlarga nimani taqiqlasangiz shuni qilishga va ko‘rishga harakat qiladi. Oilada ota-onaning tarbiyasi bugun juda ham muhim. Farzand oilada nimani ko‘rsa, shuni o‘z hayotida ham davom ettiradi. Qush uyasida ko‘rganini qiladi.
Bugun davlatimiz rahbari bu borada ham jon kuydiryaptilar. Har bir bola maktabni bitiryaptimi, u ikkita tilni, bitta kasb-hunarni o‘rgansin deb bejizga aytilmayapti. Xorijga ketyapti na til biladi, na kasbi bor. Oqibatda turli oqimlarga va buzg‘unchi g‘oyalilarga qo‘shilib qolmoqda. Qachonki, farzand tarbiyasida bo‘shliq bo‘lsa, u yomon yo‘lga kirib ketishi oson bo‘ladi. Shunday ekan oilalarda bola tarbiyasiga ota ham, ona ham birdek mas’uldir.
Kuni-kecha davlatimiz rahbari 8-mart xalqaro xotin-qizlar bayramidagi nutqida ham bu masalaga alohida e’tibor qaratdilar. Onalar o‘z farzandlarining tarbiyasiga juda e’tiborli bo‘lishini, maktablarga borish, davomatini yaxshilash, yoshlarning bandligini ta’minlash, xorijiy tilni mukammal bilib, sertifikatlarni qo‘lga kiritish haqida otalarcha jon kuydirib, bu asosiy masala sifatida davlatning muhim vazifasi ekanligini ta’kidladilar.
Biz ma’naviy tarbiya ishlarini endi mutlaqo yangicha usulda olib borishimiz kerak. “Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz” деган g‘oya asosida bu jarayonni avvalo oiladan, mahalladan boshlashimiz lozim. Zotan, hadisi sharifda aytilganidek, “Ota-ona o‘z farzandiga yaxshi tarbiyadan boshqa meros qoldira olmaydi.
Muhtarama opa-singillarimiz, duogo‘y onaxonlarimizning mas’uliyati – aynan ana shu masalalarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Chindan ham, jondan aziz bolalarimiz hamma havas qiladigan ta’lim va tarbiya olsa, bilasizlarmi, jamiyatimiz, hayotimiz qanday o‘zgaradi?
– Hal qiluvchi ahamiyatga ega bu vazifani ado etishda biz avvalo siz, azizlarga ishonamiz va tayanamiz, – deya ta’kidladi yurtboshimiz. Inson o‘zidan faqat yaxshi meros qoldirishi uchun oilalarda farzandlar tarbiyasiga e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Shundagina bolangizning kelajagidan ko‘nglingiz to‘q, siz ham jamiyat ham manfaatdor bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari ayniqsa, qizlar tarbiyasi va o‘qishiga alohida e’tibor qaratib, bayram tabrigidagi nutqida: – Bunday sharoitda ijtimoiy sohalar uchun budjetdan mablag‘ ajratish albatta oson bo‘layotgani yo‘q. Lekin, qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz qo‘shimcha imkoniyat topib, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xotin-qizlarimizning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishlari uchun sharoit yaratmoqdamiz va bu ishlarimiz albatta davom ettiramiz, – deb ta’kidladi. Chunki ayollarning, xususan, qiz bolaning o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘lishi, kasb-hunar egallashi oila baxti, farzandlar kamoli uchun, shu asosda butun jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi. Hozirgi kunda oliygohlarda ta’lim olayotgan 1 million 300 ming nafarga yaqin talabaning yarmidan ko‘pi – e’tibor bering, yarmidan ko‘pi, ya’ni, 653 ming nafardan ziyodini qizlar tashkil etmoqda. Magistraturada o‘qiyotgan yoshlarimiz orasida qizlarning ulushi yanada ko‘p, ya’ni, salkam 14 ming nafarni tashkil etmoqda. Bu jami magistrantlarning qariyb 60 foizi deganidir. O‘tmishda buyuk insonlar ham yaxshi oilalarda o‘sgani va ularning tarbiyasida onalarning o‘rni muhim bo‘lganligini adabiyotlarda o‘qiganmiz.
Muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, farzandimiz tarbiyasi oila uchun ham mamlakat uchun ham muhim hisoblanadi. “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” hikmatli so‘zlardan kelib chiqib, bugungi yoshlar tarbiyasida hech kimning befarq bo‘lishga haqqi yo‘q. Chunki, yoshlar kelgusida jamiyatni boshqaradi. Kelgusi avlodlarga tariximizni, ma’naviyatimizni bezavol yetkazish har bir insoning burchi deb bilaman.
Mavjuda Hasanova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.