Kitob – buyuk ustoz!

 

“Bilimsizlik insoniyat uchun eng qorong‘i tundir” deydi buyuk sharq faylasufi Konfutsiy. Ilm insoniyatni yuksaklikka ko‘tarsa, bilimsizlik uni faqat tubanlik, jarlik sari yetaklaydi. Shuning uchun ertasini farovon bo‘lishini o‘ylagan jamiyat ilm sari intiladi, yosh avlodga bilim o‘rgatish, ziyo tarqatish yo‘lida bo‘ladi. Buning sinalgan va samarali usuli mutolaadir.

Kitobning inson kamoloti, dunyoqarashi kengayishida tutgan o‘rnini boshqa hech narsa bosolmaydi. Bugungi kunda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni kuchaytirishga bo‘lgan e’tibor har doimgidan-da yuqori ekanligining tag zamirida esa kelajagimiz egalarining ilmli, ma’rifatli va zukko bo‘lib ulg‘ayishidek ezgu maqsad va muddoalar mujassamdir. Yurtboshimiz aytganlaridek,- “Ilm, izlanish bo‘lmagan joyda hech qanday rivojlanish, yuksalish va umuman, biron bir sohaning kelajagi bo‘lmaydi”.

Hozirgi texnologiyalar asrida turli gadjet, internet hayotimizning barcha jabhasiga chuqurroq kirib kelib, yoshlarning kitob o‘qimay qo‘ygani, kutubxonalarga tashrifi susayib ketayotgani haqidagi fikrlarni eshitib qolamiz. Lekin yoshlar orasida kundan kunga ilmli, salohiyatli yoshlar soni ortib borayotganligini ham inkor etib bo‘lmaydi.

Mamlakatimizda ilm-fan va kitobxonlikni yuksaltirish, kitoblar nashr etish hamda tarqatish tizimini qo‘llab quvvatlash borasida qabul qilingan hujjatlar o‘z mevalarini bera boshladi. Yosh ijodkorlarning ilk kitoblari Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi fond tomonidan bepul nashr etilmoqda. Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila” respublika tanlovlari g‘oliblariga yengil avtomobillar sovg‘a qilinmoqda. Bu boradagi ishlar yurtdoshlarimiz orasida katta aks sado berib, jamoatchilikda mutolaa madaniyati yuksalishiga, bilimga, ilmga intiluvchan yoshlar safi tobora kengayishiga hissa qo‘shmoqda.

Davlatimiz rahbari Buxoro viloyatiga safari chog‘ida “Zakovot” intellektual o‘yinining final bosqichiga tashrif buyurib, mazkur o‘yinni aholi orasida keng yoyish borasida katta tashabbuslarni ilgari surdi. “Sizlarning mana shunday jo‘shqinligingiz, bilimga intilishingiz uchun tashakkur aytaman. Biz keyingi yillarda ta’limga alohida e’tibor qaratib, qarorlar qabul qilganimiz, kitob o‘qishni rag‘batlantirganimiz natijasini bugungi yoshlarda ko‘rib, quvonaman. Men sizlar bilan faxrlanaman,” – dedi Sh.M.Mirziyoyev. Har yili “Zakovat” intellektual o‘yinlarini qo‘llab quvvatlash uchun 50 milliard so‘m ajratish, har bir maktabda, har bir oliygohda “Zakovat” klubi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, g‘oliblar uchun “Zakovat” stipendiyasini joriy qilish belgilandi.

Kitob o‘quvchilarni turli dunyolar, madaniyatlarni bir-biriga solishtirish, o‘rganish va o‘z nuqtai-nazarlariga ega bo‘lishlariga yordam berish, hamdardlik va tushunishni rivojlantirish qudratiga ega. Yosh kitobxonlar turli kelib chiqishi har xil bo‘lgan qahramonlar ishtirokidagi hikoyalarga sho‘ng‘ish orqali keng dunyoqarashni rivojlantirishlari, emotsional zehnlarini charxlashlari va boshqalarga nisbatan mehr-shafqatni ko‘rsatish hislarini rivojlantirishlari mumkin.

Kitob o‘qish tasavvur kengayishi, ma’lumot, personajlar va sujetlarni tahlil qilish, sharhlash va baholashga undaydi, shu kabi qobiliyatlarni shakllanishni rag‘batlantiradi. O‘z shaxsini rivojlantirish uchun kerak bo‘lgan tanqidiy fikrlash qobiliyatini shakllantiradi. Murakkab hikoyalar va xilma-xil mavzular esa yoshlarni o‘sha asardagi qahramonlarning noxush fikrlarini aniqlashi, so‘roq qilishi va asosli xulosalar chiqarishiga o‘rgatadi. Tahliliy fikrlashga undaydi.

Kitob yoshlar uchun stress, tashvish va kundalik hayot talablaridan biroz chekinish uchun o‘zining sahifalarida joy beradi. Kitoblar hozirgi globallashuv davrida moslashish, yangilik yaratish, kashfiyot qilish, o‘rganish kabi xislatlarning o‘sishi, rivojlanishi imkoniyatlarini kengaytiradi.

Darhaqiqat, kitob-buyuk ustoz! Zero, birgina kitob inson hayotini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Ya’ni baxt millionlab kitoblar ichida ruhimizga mos kitob topa olishda. Shuning uchun bolalarning ayni ulg‘ayish paytida mutolaaga jalb qilish uni shaxs sifatida shakllanishiga, hayotda o‘z yo‘lini topib, kasb tanlashida katta ta’sir kuchiga ega bo‘ladi.

 

Muqaddas O‘razaliyeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish