Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda qator qonun loyihalari birinchi va ikiknchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Xususan, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” qonun loyihasi deputatlar diqqat markazida bo‘ldi.
Ta’kidlandiki, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida qo‘llanilgan ayrim tushuncha, atamalar, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning fuqarolik va siyosiy huquqlarini amalga oshirish mexanizmlari amaldagi qonunda mavjud emas. Misol uchun, Konvensiyada qo‘llanilgan “muomala” va “oqilona moslashtirish” kabi tushunchalar “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilmagan.
Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslarning odil sudlovdan foydalanish hamda siyosiy huquqlarini amalga oshirish bo‘yicha normalar qonunda ko‘rsatib o‘tilmagan.
Fraksiya a’zolari muhokamalar chog‘ida bu masalalar taklif etilayotgan loyihada inobatga olinayotganini ijobiy baholadi. Shuningdek, amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini kamsitishga qaratilgan me’yorlar yo‘qligi bois ham o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ehtiyoj borligi ta’kidlandi.
Deputatlarning fikricha, yuqorida qayd etilgan tushunchalarning milliy qonunchilikka kiritilishi hamda ularga ta’rif berilishi, nogironligi bo‘lgan shaxslarning odil sudlovdan foydalanish huquq hamda siyosiy huquqlari alohida modda sifatida ko‘rsatib o‘tilishi jamiyatda tenglik va ijtimoiy himoyaning manzilliligini ta’minlashga xizmat qiladi. Ayrim masalalar deputatlarda savollarni yuzaga keltirdi.
Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagidagi
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:
— Loyihaning konsepsiyasini ma’qullagan holda, ba’zi savollarim bor. Odil sudlov bilan bog‘liq yana bir yangi modda taklif etilyapti. Bevosita Sudlar to‘g‘risidagi qonunga, Jinoyat protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish esa nazarda tutilmagan. Surishtiruvda yoki tergovda ham nogironligi bo‘lgan shaxslarga maqbul sharoit yaratib berish lozim. Shuningdek, saylov masalasiga oid qo‘shimcha ham taklif etilgan. Ammo Saylov kodeksi hamda Referendum to‘g‘risidagi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish belgilanmagan.
Qonun tashabbuskorlari Jinoyat protsessual kodeksi va Saydlov kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasi albatta o‘rganib chiqilishi, loyiha qayta ishlanishi haqida ma’lum qilishdi.
Savol-javob hamda muhokamalardan so‘ng loyiha deputatlar konseptual ma’qullandi.