Azal-azaldan o‘z uy-joyimizga, xonadonimizga o‘zgacha mehr bilan yondoshgan millatmiz. Shuning uchun o‘zbeklar o‘z xonadonini kichik Vatan, deb ataydilar. O‘tgan asrda aholining uy-joyga ehtiyoji yillar davomida qondirilmagani sababli bu masala o‘tkir muammoga aylandi.
Mustaqillikka erishgach, xalqimizning asriy orzusi bo‘lgan o‘z yeriga egalik maqsadi amalga osha boshladi. Biroq uni amaldagi qonunlar asosida rasmiylashtirishga hamma ham yetarli e’tibor qaratdi, deb ayta olmaymiz. Shu sababli ham “noqonuniy”, “o‘zboshimchalik” bilan qurilgan uylar atamasi amaliyotga kirib keldi.
Prezidentimizning siyosiy irodasi bilan murojaatlarning katta qismini tashkil etgan ushbu muammoni hal etish uchun 2018 yilda Prezidentning tegishli farmoniga muvofiq o‘tkazilgan bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida 621 ming nafardan ortiq fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasida tegishli ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylariga nisbatan egalik huquqi e’tirof etilib, ularga kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilgan edi. Bu misli ko‘rilmagan o‘zgarish bo‘ldi.
Biroq ba’zida fuqarolarning e’tiborsizligi, ba’zida mahalliy hokimliklardagi mas’ullarning loqaydligi sababli juda muhim masala oxiriga yetmay qoldi. Toshkent viloyatidagi Toshkent tumani misolida qaraydigan bo‘lsak, yuqorida keltirilgan farmon ijrosi bo‘yicha fuqarolardan jami 10697 ta ariza qabul qilinib, ulardan 5886 tasi ijobiy hal etilgan, tuman komissiyasi tomonidan tasdiqlangan, lekin fuqaro tomonidan to‘lov qilib ulgurilmagani sababli hujjatlashtirilmaganlar soni 1141 ta, fuqaro tomonidan to‘lov ham qilingan, ammo hokim qarori chiqarilmaganlar soni 851 ta, ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqilmagan arizalar soni 1514 tani tashkil etgan.
Ular jamlansa, bitta tumanda deyarli 3,5 ming xonadon muammosi hal etilmay qolgan. Demak, respublika miqyosida katta raqamlar kelib chiqadi.
Muammoni tizimli hal etish uchun davlat muhim chora ko‘rdi. Yangi qonun ishlab chiqilib, parlament muhokamasidan o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, 2018 yil 1 may kuniga qadar yakka tartibda qurilib rasmiylashtirilmagan uy-joylar, avvaldan shu hududda istiqomat qilinib, tomorqa yoki dehqonchilik qilingan yerlarning ham hujjatlari tartibga keltiriladi.
Yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga chiqarilmagan bo‘lsa, yer uchastkasidan foydalanishda jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lmasa,
yer uchastkasi uchun yer solig‘i hamda unda qurilgan bino va inshootlar uchun mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lmasa,
ULARGA QONUNIY HUJJATLAR RASMIYLASHTIRILADI.
Fuqarolar tomonidan yakka tartibdagi uy-joy, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident yuridik shaxslar tomonidan noturar bino va inshoot qurgan holda, ularga 2018 yil 1 may kuniga qadar qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan qismiga nisbatan ijara huquqini hamda unda qurilgan bino va inshootlarga mulk huquqini e’tirof etish uchun shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos hisoblanadi.
Ortiqcha egallangan yer uchastkasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga tutashgan bo‘lsa va ajratilgan yer uchastkasi bilan ortiqcha egallangan yer uchastkasining yig‘indisi qonun talablariga muvofiq bo‘lsa, komissiya tomonidan hujjatlar o‘rganib chiqiladi va xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan qaror qabul qilinadi.
Yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasiga quyidagi hajmlarda ijara huquqi e’tirof etiladi:
1) 1998 yil 1 iyulga qadar egallangan bo‘lsa – barcha hududlarda 0,24 gektardan oshmagan hajmda;
2) 1998 yil 1 iyuldan 2018 yil 1 may kuniga qadar egallangan bo‘lsa – Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 0,06 gektardan, qolgan hududlarda 0,12 gektardan oshmagan hajmda.
Ko‘p vaqtdan beri hal etilmay kelayotgan masala, ya’ni xalq tilida “dachalar” deb ataladigan dala hovlilar masalasi ham qonun bilan tartibga solinmoqda.
Ma’lumki, shahar atrofidagi dala hovlilar bugungi kunda rasman “Bog‘dorchilik–uzumchilik shirkatlari”ga birlashgan bo‘lsa-da amalda allaqachon doimiy turar joylarga aylangan. Ammo bu manzilda istiqomat qiluvchilar tuman aholisi tarkibiga qo‘shilmasligi ularni tibbiy yordam, ta’lim muassasalaridan foydalanish imkoniyatini cheklab qo‘ygan edi. Qonun bilan ushbu shirkatlardagi xonadonlarning ham qonuniy huquqlari tartibga keltiriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu qonun “Inson qadri uchun” degan tamoyilga har tomonlama to‘g‘ri keladi, xalqimiz tomonidan minnatdorchilik va mamnuniyat bilan qabul qilinadi.
Biz, deputatlar hammamiz o‘z hududimizda, partiyamiz faollari mahallalarda yangi qonun mazmunmohiyatini keng tushuntirishi, yaxshi xabarni birbirimizga yetkazishimiz zarur.
Maqsuda Vorisova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.
«O‘zbekiston ovozi», 17.04.2023, №16