Deputatlik nazorati yakunlari muhokama qilindi

 

Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Toshkent shahar kengashidagi media markazida ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan onlayn davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, boshqarish tashkilotlari tomonidan aholiga sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash borasida Namangan viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganish bo‘yicha deputatlik nazorati yakunlari muhokama qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi, Namangan viloyati kengashi mas’ullari, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari a’zolari, partiya faollari, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’ullari ishtirok etgan muloqotni O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Varisova Maqsuda Azizovna kirish so‘zi bilan ochib berdi. M. Varisova o‘z so‘zida yurtimizda xalqning farovon yashashi, oilalarning ahil va inoq yashashiga erishish maqsadida ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari yildan yilga takomillashtirilib borilayotganligi, boshqarish tashkilotlari tomonidan aholiga sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash borasida amaliy natijalarga erishilayotganligiga e’tibor qaratdi.

Davra suhbatida Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP deputatlik guruhining viloyatda ko‘p qavatli uylarga kommunal, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi boshqaruv kompaniyalar faoliyatini o‘rganish natijalari o‘qib eshittirildi. Hisobotda keltirilishicha, deputatlar, partiya faollari, viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi vakillaridan iborat Ishchi guruhi joriy yilning 6-20 fevral kunlari Namangan shahar hamda Uychi, Pop tumanlaridagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatayotgan boshqaruv kompaniyalar faoliyati o‘rganilgan.

Bugungi kunda Namangan viloyatida 1702 ta ko‘p qavatli uy (54360 ta xonadon) mavjud. Ularning 1551 tasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 iyundagi 5152-son qaroriga binoan tashkil etilgan boshqaruv kompaniyalari xizmat ko‘rsatadi. Namangan viloyatida 36 ta boshqaruv kompaniyasi tashkil etilgan. So‘nggi 2 va 4 yil ichida qurilgan yangi uylar quruvchi tashkilotlar tomonidan boshqarilib kelinmoqda. Shu yillar davomida qurilgan uylarda muammoli masalalar deyarli mavjud emas, muammo va kamchiliklar asosan eski ko‘p qavatli uylarda bor.

Masalan, birinchi navbatda ko‘p qavatli uylarning tashqi qiyofasi ta’mirtalab. Shuningdek, kommunikatsiya tarmoqlarining ishlashi qoniqarli ahvolda emas. Elektr tarmog‘ini tortishdagi palapartishliklar, oqava suv (kanalizatsiya), toza ichimlik suvi tarmoqlari eskirganligi kabi holatlar aniqlangan. Mazkur masalalar yuzasidan joyida tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborildi va deputatlik guruhi yig‘ilishi muhokamasiga kiritildi.

Yig‘ilishda ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi servis kompaniyalar rahbarlarining, ko‘p qavatli uylarda yashovchi mulkdorlarning, viloyat qurilish va uy-joy xo‘jaligi boshqarmasi vakillarining, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’ullari hamda deputatlarning muammoli masalalar yechimi bo‘yicha takliflar tinglandi. Fikr-mulohaza va takliflar tahlil qilinib, tegishli tashkilotlarga ma’lumot kiritildi.

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish