Darvozadan dengizgacha yo'l…

 

Pokiston O'zbekiston uchun ishonchli hamkordan strategik hamkorga aylanmoqda. Bu mamlakat O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligini birinchilardan bo'lib, 1991 yilning 20 dekabrda tan olgani e`tiborga molik.

Pokiston geografik jihatdan juda qulay makonda joylashgan Janubiy Osiyo davlati. Janubiy chegaralari Arab dengizi va Ummon ko'rfaziga tutashib ketadi. Aholisi 225 milliondan ortiq, aholi soni jihatdan dunyoda beshinchi o'rinda turadigan yirik davlat. Tarixan Ipak yo'li orqali Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O'zbekiston bilan yaqin hamkorlikda bo'lib kelgan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifi davomida Bosh vaziri Imron Xon bilan muzokaralar o'tkazdi.

Tor doirada tashkil etilgan uchrashuvda Pokiston Bosh vaziri davlatimiz rahbarini tashrifi bilan qutlab, O'zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish Pokiston uchun ustuvor ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Uchrashuvda asosiy e`tibor ikki davlat o'rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratildi.

Keyingi yillarda aloqalar ancha faollashdi. Bundan tashqari, ikki mamlakatning turdosh vazirlik va idoralari, hududlar rahbarlari doimiy muloqotda bo'lib, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirmoqda.

O'zbekiston Prezidentining tashrifi arafasida Islomobodda Hukumatlararo komissiya yig'ilishi, biznes-forum, siyosiy maslahatlashuvlar bo'lib o'tdi.

Ikki mamlakat o'rtasida o'zaro savdo ayirboshlash hajmi 2021 yilda 181 mln. dollarga teng bo'lgan. Umuman, so'nggi yillarda ikki davlat o'rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko'tarilganini alohida ta`kidlash joiz. 2022 yilning o'tgan ikki oyi davomida esa o'zaro savdo hajmi o'tgan yildagi ikki oylikka qaraganda 70 foizga oshgan.

Bir so'z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining Pokistonga tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi sheriklikning istiqbolli yo'nalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu tashrif har ikki mamlakatning o'zaro iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, biznes aloqalarini kengaytirish, shuningdek, barcha sohalarda samarali sheriklik uchun mavjud iqtisodiy salohiyatdan to'liq foydalanishga bo'lgan qiziqishini yaqqol namoyon etdi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegasiyalari ishtirokida davom ettirdilar.

Unda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport va logistika, turizm, madaniyat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

– Qadimiy Buyuk ipak yo'lida joylashgan O'zbekiston va Pokiston xalqlarini azaldan umumiy tarix, o'xshash til va boy ma`naviy meros bog'lab turadi. Biz bugun bu ko'hna an`analarni qayta tiklayapmiz. Davlatlararo munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko'tarilganidan mamnunmiz, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Davlatimiz rahbari yaqin istiqbolda o'zaro savdo hajmini 500 million dollar, kelgusida esa 1 milliard dollarga chiqarish imkoniyati borligini ta`kidlab, bu boradagi muhim yo'nalishlarni ko'rsatib o'tdi.

Avvalo, sanoat sohalarida kooperasiya dasturini, savdo aylanmasi tarkibini kengaytirish bo'yicha «yo'l xaritasi»ni birgalikda ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Ikkinchi muhim yo'nalish – mamlakatlarimiz va mintaqalarimiz o'rtasida multimodal transport, yuk va havo tashuvlari bo'yicha hamkorlikni kuchaytirish. Yaqinda Tranzit va savdo bitimi kuchga kirdi, muntazam yuk tashuvlari uchun asos yaratildi.

– «Termiz – Mozori Sharif – Qobul – Peshovar» temir yo'li bizning umumiy kelajagimizdir. Bu yo'l bitsa, Pokistonni Markaziy Osiyo bilan bog'laydigan, O'zbekistonni Karachi, Gvadar va Qosim portlariga olib chiqadigan eng yaqin, arzon va xavfsiz yo'lakni yaratamiz. Bu temir yo'l mintaqalarimiz qiyofasini butunlay o'zgartirib yuboradi, – deya ta`kidladi davlatimiz rahbari.

Muzokarada ushbu loyihani yanada ilgari surish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Doimiy avia qatnovlarni qayta tiklash istiqbollari muhokama qilindi.

Prezidentimiz ziyoratlarni tizimli tashkil etish maqsadida qo'shma guruh tuzish, ikki mamlakat Turizm vazirliklarining vakolatxonalarini ochishni taklif qildi.

– O'ylaymanki, bugungi ochiq va sermahsul muloqotlarimiz, imzolanadigan hujjatlar strategik sherikligimizning yangi istiqbolli yo'nalishlarini ochadi. Eng asosiysi, biz – ikki birodar bir-birimizni yaxshi tushunamiz. Biz qo'ygan katta marralarga erishish uchun Hukumatlarimiz doimiy muloqotda bo'lishlari zarur, – dedi Prezidentimiz.

Islomoboddagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Prezident Shavkat Mirziyoev va Bosh vazir Imron Xon ikki davlat o'rtasida strategik sheriklikning kelgusi qadamlari to'g'risidagi Qo'shma deklarasiyani imzoladilar.

Shuningdek, hukumatlar va idoralar o'rtasida imtiyozli savdo to'g'risida, atrof-muhitni asrash, ziyorat turizmi, temir yo'l sohalaridagi hamkorlik to'g'risida kelishuvlar, Surxondaryo viloyati bilan Xayber-Paxtunxva provinsiyasi, Toshkent shahri bilan Islomobod shahri o'rtasida shartnomalar kabi 10 ga yaqin hujjat imzolandi.

Bundan tashqari, tashrif arafasida o'tgan biznes forumda 800 million dollarlik qo'shma savdo va investisiya loyihalarini amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoevning Pokistonga davlat tashrifi OAV nigohida bo'ldi. Pokiston ommaviy axborot vositalarida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar alohida e`tirof etilmoqda, Toshkent mavqeining yanada mustahkamlanayotganiga e`tibor qaratilmoqda.

Jumladan, «Pakistan observer» nashrida O'zbekiston haqida shunday ta`rif berilgan: «O'zbekiston Markaziy Osiyoning «darvozasi» hisoblanadi. U mintaqa va uning chegaralarida ijtimoiy-iqtisodiy, transport va madaniy-gumanitar sohalar integrasiyalashuviga katta hisssa qo'shdi».

Aksariyat Pokiston axborot va yangiliklar onlayn portallari O'zbekistonning MDH, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari uchun nafaqat ishbilarmonlik markazi, balki investisiya kiritish, biznes va savdo uchun jozibador davlatga aylanganini e`tirof etishgan.

Mahalliy ekspertlar, ayniqsa, ikki davlat o'rtasidagi mustahkam hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim asos bo'ladigan Shavkat ­Mirziyoev va Pokiston Bosh vaziri ­Imron Xon o'rtasidagi ishonch va do'stona munosabatlarga alohida urg'u berishmoqda.

Shuningdek, «Urdu Point» nashrida ikki davlat hamkorligi haqida shunday jumlalar bor: «Tomonlar davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashish uchun katta imkoniyatlarga ega. Joriy yilning 1 mart kuni Islomobodda Pokiston va O'zbekistonning 100 nafarga yaqin vakillari ishtirokida «Shavkat Mirziyoev: Yangi O'zbekiston strategiyasi» kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi. Kitob taqdimoti ramziy ma`noga ega, chunki Prezident Shavkat Mirziyoev o'z yurtida hozir Pokistonda amalga oshirilayotgan demokratik va ijtimoiy keng ko'lamli islohotlarni amalga oshirdi».

 

«O'zbekiston ovozi» muxbiri

Ahmad QURBONOV

tayyorladi.

«O'zbekiston ovozi», 8.03.2022, №10

 

 

 

 
← Roʻyxatga qaytish