MARKAZIY OSIYO – YEVROOSIYO MINTAQASIDA MUHIM AHAMIYATGA EGA HUDUD

Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida 10-11 noyabr kunlari «Valday» xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

2004 yilda tashkil etilgan «Valday» munozara klubi taniqli xalqaro ekspertlarning rossiyalik olimlar, siyosatchilar va davlat arboblari bilan uchrashuvlari uchun qulay platforma sifatida qayd etiladi. Klubning bugungi kundagi faoliyati asosan global siyosiy va iqtisodiy jarayonlarni tadqiq etishga yo‘naltirilgan.

Tashkil etilgandan buyon klub ishida 74 mamlakatdan mingdan ortiq ekspert qatnashgan. Nisbatan yosh bo‘lishiga qaramasdan, ushbu munozara maydoni xalqaro ekspertlar jamoatchiligi tomonidan eng nufuzli tuzilmalardan biri sifatida tan olingan.

«Valday» klubi tadbirlarida dunyoda muayyan ta’sir kuchi va doirasiga ega kuchli ekspertlar, tahlilchi va mutaxassislar to‘planadi. Ular muhim muammolar yechimi bo‘yicha qarorlar ishlab chiqish jarayonida ishtirok etadi, jahon iqtisodiyoti va siyosatining dolzarb masalalariga oid takliflarni muhokama qiladi.

Mamlakatimizdagi yetakchi tadqiqot markazi, xalqaro siyosat, iqtisodiyot va xavfsizlik masalalariga ixtisoslashgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti «Valday" klubining X Osiyo konferensiyasini tashkil etish va o‘tkazishda mazkur tuzilma bilan yaqin hamkorlik qildi.

«Markaziy Osiyo va Yevroosiyo: global tartibsizliklarning oldini olish bo‘yicha keng qamrovli hamkorlik» mavzuidagi anjumanda 11 davlat, jumladan, O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Yaponiya, Shvetsiya, Hindiston, Filippin, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan 80 dan ortiq taniqli ekspert ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman qatnashchilariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.Mahmudov o‘qib eshittirdi.

Davlatimiz rahbarining tabrigida qayd etilganidek, Markaziy Osiyo Yevroosiyo makoni va, umuman, geosiyosatda tobora muhim rol o‘ynamoqda. Qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyo xalqlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli mintaqada mutlaqo yangi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik muhitini yaratishga erishildi. Siyosiy ishonch yuksak darajaga ko‘tarildi. Bu esa bugungi kunda mintaqadagi hayotiy muhim muammolarni samarali hal etish imkonini bermoqda. O‘zbekiston Respublikasi ko‘p tomonlama mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdori.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning anjuman qatnashchilariga tabrigini Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi V.Tyurdenev o‘qib eshittirdi.

Rossiya Federatsiya Prezidenti o‘z tabrigida Rossiya mintaqaning barcha davlatlari bilan o‘zaro amaliy, teng huquqli asosda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirib, Yevroosiyo mintaqasidagi tinchlik va farovonlik global ko‘lamdagi xavfsizlik va barqarorlikning muhim sharti ekani to‘g‘risidagi fikrga tayanishini ta’kidlagan.

Ekspertlar konferensiya sessiyalarida Markaziy Osiyo va Yevroosiyoning zamonaviy dunyoda tutgan o‘rni, mintaqaviy hamkorlik, xavfsizlik, Osiyo va Yevroosiyo kelajagiga munosabat, makromintaqalar shakllanishi va boshqa dolzarb mavzular yuzasidan o‘zaro fikr almashdi. Mintaqaning xavfsizlik masalalarini hal qilish va uzoq muddatli maqsadlarga erishishga ko‘maklashishi mumkin bo‘lgan ko‘ptomonlama hamkorlikni faollashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

— Samarqand anjumani mintaqa uchun dolzarb bo‘lgan, xalqaro darajada ajralib turadigan masalalarga oid mavzularni qamrab olgan, — dedi «Valday» xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash fondi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Fyodor Lukyanov. — Garchi hududlar ajratib tursa-da, biz uchun ayni paytda Uzoq va Yaqin Sharq bilan bog‘liq muammolar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Rossiya Yevroosiyodagi davlatlar bilan o‘zaro munosabatlardan xoli rivojlana olmaydi. Ayni jarayonda o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan yaxshi munosabat yo‘lga qo‘yilishi biz uchun ayni muddao. Mintaqa markazida joylashgan O‘zbekiston bilan keng miqyosli hamkorlik mavjud muammolarni ijobiy hal etishda muhim o‘rin tutadi. «Valday» konferensiyasi buning uchun qulay imkoniyatdir.

Anjumanning O‘zbekiston — Rossiya maxsus sessiyasi oldidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori E.Oripov hamda «Valday» xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kengashi raisi A.Bistritskiy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ikki davlat ekspertlari o‘rtasidagi hamkorlik, xalqaro va mintaqalararo tadqiqotlar sohasidagi aloqalarni faollashtirishga kelishib olindi. O‘zbekiston intellektual doiralari vakillari bundan buyon «Valday» xalqaro munozara klubi tadbirlarida, shuningdek, kelajakda birgalikda amalga oshiriladigan maqsadli loyihalarda muntazam ishtirok etishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda «Valday» xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.

— O‘zbekiston nafaqat mintaqa, balki xorijiy davlatlar bilan ham siyosiy kelishuvlarni ilgari surish imkoniyatlaridan samarali foydalanmoqda, — dedi Rossiya Fanlar akademiyasi Ye.Primakov nomidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar institutining «Yaqin Sharq tadqiqotlari markazi» laboratoriyasi rahbari Irina Zvyagelskaya. — Barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni saqlash va rivojlantirishga intilmoqda, jumladan, Rossiya bilan ham. Hozirgi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida 27 milliard dollarlik ikki tomonlama kelishuvlar mavjud. O‘zbekistonda 1000 dan ziyod Rossiya korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ilmiy va ta’lim yo‘nalishlarida sezilarli natijalarga erishildi. Yuzaga kelgan munosabatlarda ikki tomonlama manfaatlarni hurmat qilish va o‘zaro ishonch darajasi juda yuqori.

Anjuman yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori E.Oripov hamda «Valday» xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kengashi raisi A.Bistritskiy ikki kun davomida sessiyalarda muhokama etilgan masalalar va ularning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

— Ikki kunlik anjumanda mintaqada barqarorlikni ta’minlash, Yevroosiyo davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yuzasidan muhim fikrlar o‘rtaga tashlandi, — dedi E.Oripov. — Markaziy Osiyo haqida, mintaqa davlatlari o‘rtasida keyingi yillarda yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik aloqalari kuchaygani to‘g‘risida fikrlar bildirildi, Markaziy Osiyo davlatlarida chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, suv resurslaridan foydalanish, transport kommunikatsiya tizimlari bo‘yicha mavjud masalalarga yechim topildi. Chegaralar ochilib, odamlar bir davlatdan ikkinchisiga o‘tib-qaytishi osonlashdi. Tabiiyki, bu davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar kengayishiga xizmat qildi. Hozir mintaqa davlatlari bu munosabatni yanada rivojlantirishga harakat qilmoqda.

— Bugun Osiyo davlatlari jahon siyosati va iqtisodiyotida ham muhim o‘rin tutmoqda, — dedi A.Bistritskiy. — Shu bilan birga mintaqada global tahdidlarning oldini olish borasida ham muhim vazifalar turibdi. «Valday» xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasida bu haqda keng va atroflicha fikr almashdik. Lekin barcha masalalarni bir konferensiya doirasida muhokama qilishning imkoni yo‘q. Shu bois ushbu yo‘nalishda kelgusida ham hamkorlik qilish, birgalikda tadqiqotlar olib borishga kelishib oldik. Samarqand anjumani klubimiz faoliyatida alohida ahamiyat kasb etadigan, tarixiy tadbir bo‘ldi, deyishga to‘la asoslarimiz bor.

Xalqaro konferensiya qatnashchilari tadbir doirasida Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar bilan yaqindan tanishdi.

 

G‘olib HASANOV,

G‘ayrat XONNAZAROV,

O‘zA muxbirlari.

 
← Roʻyxatga qaytish