O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod
INOYATOV ULUG‘BEK ILYASOVICHNING
TARJIMAI HOLI
Inoyatov Ulug‘bek Ilyasovich 1962 yil 6 avgustda Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1985 yili Toshkent politexnika institutini, 1998 yili Toshkent moliya institutini tamomlagan. Muhandis-iqtisodchi, pedagogika fanlari doktori, professor. 2006 yilda «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.
Mehnat faoliyatini 1985 yil Toshkent politexnika institutida o‘qituvchi lavozimidan boshlagan. 1993-1999 yillarda Toshkent arxitektura qurilish institutida dekan o‘rinbosari, dekan lavozimlarida ishlagan.
1999-2011 yillar davomida Toshkent moliya va iqtisodiyot kolleji direktori lavozimida ishlagan.
2011 yildan Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori, 2013 yildan xalq ta’limi vaziri, 2018 yildan esa, Namangan davlat universiteti rektori sifatida faoliyat yuritgan.
U.I.Inoyatov 2019 yildan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi hamda 2020 yildan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.
U.I.Inoyatov o‘zining deputatlik faoliyati davrida davlat va jamiyat boshqaruvi, ichki va tashqi siyosat, sud-huquq va aholini ijtimoiy himoya qilish yo‘nalishlarida takliflari bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
U.I.Inoyatov 100 dan ortiq ilmiy ishlarning muallifi hisoblanadi. Bundan tashqari, uning taklifi asosida ta’lim sifatini oshirish, yoshlarni yuqori texnologiyalar bo‘yicha kasbga tayyorlash sohasida Germaniya, Rossiya kabi davlatlarning ilg‘or tajribasini mamlakatimizda qo‘llashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
U.I.Inoyatov oilali, ikki nafar farzandi bor.