G‘oya va tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi

 

2023 yil 29 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining XIII Qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Unda partiya a’zolari tomonidan hududlardan saylangan delegatlar, partiya Markaziy Kengashi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya faollari, ekspertlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Qurultoy kun tartibida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish hamda nomzodning dasturi to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

 

 

Sharbat ABDULLAYEVA,

Toshkent moliya instituti o‘qituvchisi, iqtisod fanlari doktori, professor:

— Bugungi kunda mamlakatimizda ertangi kunimiz uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi siyosiy jarayonlar kechmoqda. Ya’ni, joriy yilning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi respublikamiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqelik hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish huquqi faqatgina siyosiy partiyalarga berilgan.

Ulug‘bek Inoyatovni qat’iy siyosiy pozitsiyaga ega, jamiyat manfaatini o‘z shaxsiy manfaatidan ustun qo‘yadigan rahbar sifatida yaxshi taniymiz.

Nomzodimiz dasturini barchamiz o‘qidik, tanishdik. Dasturda mamlakatimizda ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik va xalq hokimiyatchiligi mezonlariga mos keladigan demokratik ijtimoiy davlatni barpo etish g‘oyasi asosiy maqsad qilib olingan.

Xabaringiz bor, 2023 yil 30 aprelda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston “ijtimoiy davlat” degan konstitutsiyaviy tamoyil muhrlandi hamda shunga muvofiq, davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari uch baravarga oshdi.

Ilk bor davlat zimmasiga aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayoti sifatini oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi va o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish majburiyati yuklandi.

Pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi. Birinchi marotaba fuqarolarning uy-joyli bo‘lish huquqi va uy-joy qurilishi davlat tomonidan rag‘batlantirilishi, yoshlarimizning oliygohlarga tanlov asosida davlat granti hisobidan o‘qish kabi huquqlari qat’iy belgilandi.

Ayni shu masalalarda vazifalarni amalga oshirish borasida nomzod o‘z dasturida davlatning ijtimoiy majburiyatlarini samarali amalga oshirish mexanizmlarini belgilash hamda demokratik ijtimoiy davlatni barpo etish uchun muhim ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.

Oldimizda turgan saylovda boshqa siyosiy partiyalar qatorida Xalq demokratik partiyasi ham munosib ishtirok etishi, unda o‘z elektorati oldida qabul qilingan dasturdagi maqsad va vazifalarni bajarishga tayyor ekanligini ifoda etgan holda barchangizdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod va uning dasturini qo‘llab-quvvatlayman.

 

Shoxida SHOVKIYEVA,

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti 4-kurs talabasi, Yoshlar parlamenti a’zosi:

— Nomzodimizning dasturini diqqat bilan tingladim.

Unda aholining turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha qator takliflar kiritilgani, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash samaradorligini oshirish, yoshlarning kasb-hunar tanlashi, bepul va sifatli ta’lim olishi, o‘quv muassasalarini tugatgandan so‘ng ishga joylashish kafolatini mustahkamlash haqidagi mulohazalari hammamizga ma’qul bo‘ldi.

Har kim yaxshi bilim olishga, zamonaviy ta’limdan foydalanishga haqli. Mamlakatimizga bilimli, malakali kadrlar suv va havodek zarur. Qolaversa, bolalarni maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, bog‘cha va maktablarda bolalarning xavfsizligi va salomatligi, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan tarbiya, ta’limning yuqori sifati va mazmundorligini ta’minlash ham e’tiborga loyiq.

Bugun minbarga talabalar nomidan ham chiqdim. Dasturda talabalarning darsni o‘zlashtirishi va ularning innovatsion faoliyatda ishtirok etishiga qarab, stipendiyalar miqdorini belgilash vazifasi ham belgilangan.

Qolaversa, ijara kompensatsiya tizimini doktorantlarga nisbatan ham joriy etish haqidagi taklif turar joy va ijara muammosi bilan qiynaladigan doktorantlarimiz uchun ayni muddao.

O‘ylaymanki, dasturdan o‘rin olgan takliflar talabalar va ilm ahli tomonidan ijobiy qabul qilinadi.

Men, salohiyatli, bilimli yoshlarning siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tizimida ko‘proq ishlashlari borasidagi takliflarini to‘la qo‘llab-quvvatlayman. Tengdoshlarimizga foydali g‘oyalarni mahallama-mahalla, lozim bo‘lsa, uyma-uy targ‘ib qilish, tushuntirishga tayyormiz.

 

Xalilla YESHIMBETOV,

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston respublika kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, partiya fraksiyasi rahbari:

— 2023 yil mamlakatimiz tarixida har taraflama muhim ijtimoiy-siyosiy voqealarga boy yil bo‘lmoqda. “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovozi berishi orqali qabul qilindi. Xalqimiz referendumda o‘zining faol fuqarolik pozitsiyasini va yuksak siyosiy salohiyatini namoyon etib, kelajakda qanday davlatda yashash istaklarini namoyon etdilar.

Barchamiz ushbu jarayonlarning faol ishtirokchisi sifatida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlash va muhokama qilish jarayonlarida keng jamoatchilikning yuksak faolligiga guvoh bo‘ldik.

Shuni alohida ta’kidlash kerak-ki, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi davlatning o‘z fuqarolariga bo‘lgan g‘amxo‘rligini yanada kuchaytiradi, davlat institutlarining faoliyatlari samaradorligini yanada oshiradi.

Partiyaning 30 yillik a’zosi sifatida shuni ayta olamanki, partiyamiz o‘tgan yillar davomida mamlakatimizdagi demokratik islohotlarda, oshkoralik, erkinlik asosida o‘tkazilib kelinayotgan barcha saylov jarayonlarida faol qatnashib keldi. Bu jarayonlar partiyaning siyosiy tajribasini oshirdi, mafkuraviy, tashkiliy va uslubiy jihatdan mustahkamladi.

Saylov – partiyamiz uchun imkoniyat. Biz partiyamizning dasturini xalq oldiga olib chiqamiz, bu orqali xalqimizning hohish-istaklarini bilish, faollar va elektorat vakillarini kengaytirish, shu bilan birga, siyosiy platformamizni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Yuqorida ta’kidlaganidek, ushbu saylovda ham partiyamiz tomonidan munosib ishtirok etish bo‘yicha alohida tayyorgarlik ko‘rildi.

Shuni aytishim kerakki, saylov jarayonlarida, jumladan, partiyamizni qo‘llab-quvvatlovchilar imzosini yig‘ishda partiyamiz safidagi faol, fidoyi va mas’uliyatli insonlar jonbozlik ko‘rsatishdi. Fursatdan foydalanib, ularga o‘z nomimdan minnatdorchilik bildiraman.

Bugun partiyamiz tomonidan Prezidentlikka ilgari surilayotgan nomzodning dasturi e’lon qilindi. Unda jamiyatimizda saqlanib qolayotgan muammolar va kamchiliklarga yechim hamda takliflar ilgari surilmoqda.

Bu partiyamizning dasturiy maqsadlariga ham mos taklif bo‘lib, respublika bo‘yicha 10 mingdan ortiq maktablarni qamrab olishni talab etadi. Bu o‘z navbatida 6 mlndan ortiq o‘quvchi va 500 mingdan ortiq muallimlar hayotiga bevosita daxldor g‘oya hisoblanadi.

Tartibga solinmagan piyodalar o‘tish yo‘laklarini xatlovdan o‘tkazib, svetoforlar bilan jihozlash bo‘yicha dastur qabul qilish bo‘yicha berilgan taklif ham yo‘llarda o‘lim holatlari kamayishiga va xavfsiz harakatlanish ekotizimini yaratishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

Qayd etilganlardan kelib chiqib, partiyamiz tomonidan ilgari surilayotgan nomzod Ulug‘bek Ilyasovich Inoyatovni va uning dasturini to‘liq qo‘llab-quvvatlashimni ta’kidlamoqchiman.

O‘ylaymanki, Xalq demokratik partiyasining Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Ilyasovich bo‘lajak Prezident saylovida elektoratimizning manfaatini munosib ifoda etadi.

Biz qoraqalpog‘istonlik partiyadoshlar ishonch bilan aytamizki, bugun qabul qilinadigan qarorlarni to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz, belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda hamda saylov jarayoni va har bir bosqichida munosib ishtirok etamiz.

 

Nigora ESHMETOVA,

XDP Toshkent shahar kengashi raisi, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, partiya guruhi rahbari:

— Yangilangan Konstitutsiya orqali mamlakatimizda islohotlarni butunlay yangicha ruhiyat bilan amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Mazkur bosqichdagi siyosiy voqelikning eng mas’uliyatli jarayoni bu — Prezidentlik sayloviga tayyorgarlik hisoblanadi. Xalq demokratik partiyasi ushbu siyosiy tadbirga o‘z nomzodi bilan qatnashish uchun qarorlarni qabul qildi.

Muhim jihat shundaki, Xalq demokratik partiyasi saylovlarning barcha jarayonlarida qatnashgan siyosiy kuch sifatida katta tajribaga ega. To‘g‘ri, bu katta mas’uliyat, murakkab yo‘llardan o‘tishni talab etdi.

Bugun maqsadga erishish uchun nomzodga tirgak bo‘lishimiz, uni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak.

Nomzodimizning harakatlari samara berishi uchun biz birgalikda harakat qilishimiz lozim.

Ayniqsa, joylarda partiyamiz faollari har bir harakatini aniq o‘ylab, jiddiy yondashgan holda amalga oshirishi lozim. Demak, bugundan professional qadam qo‘yish zarur. Har bir hududdagi liderlarimiz endilikda yanada faol bo‘lishi talab etiladi.

Dasturga keladigan bo‘lsak, undagi professional yondashuv hamda ko‘tarilgan hayotiy masalalarning har biri muhim ahamiyat kasb etadi.

Xususan, tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy qilish g‘oyasi ilgari surilmoqda.

Biz davlatga, hukumatga ko‘proq jiddiy talablar qo‘yyapmiz. Lekin ushbu masalada jamiyatning roli katta ekanini ham unutmaslik kerak. Zero, insonning sog‘lom bo‘lishi birinchi navbatda uning o‘ziga bog‘liq. Shuning uchun aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini rivojlantirish va tibbiy madaniyatni oshirishga ham alohida urg‘u berish, takliflar kiritishimiz kerak.

Men nomzodimizni shu yo‘nalishdagi maqsadlari uchun ham qo‘llab-quvvatladim.

 

Erkin GADOYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi:

— Har qanday saylov demokratiyaning ko‘zgusi hisoblanadi. O‘zbekistonda ham saylovlar orqali xalqimiz o‘z nomzodini saylaydi. Bu muhim konstitutsiyaviy huquq.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston saylov qonunchiligida juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Siyosiy partiyalarning saylovlardagi o‘rni ortdi. Ular juda katta imkoniyatlarga ega bo‘ldi.

Partiyalar bir-biri bilan o‘zaro raqobatlashib, jamiyatning o‘sishi uchun asosiy turtki, impuls bo‘lib xizmat qiladi. Partiyalar g‘oyalarni ko‘tarib chiquvchi, fikrlar beruvchi va jamiyatni rivojlantirishga undovchi, uni nazorat qiluvchi kuchga ega bo‘lgan siyosiy tashkilot hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan, partiyamiz saylovda o‘z nomzodi bilan qatnashish bo‘yicha ishlarni birinchilardan bo‘lib boshlab yubordi.

Bugungi qurultoyda ham mamlakatimiz siyosiy hayoti uchun muhim bo‘lgan Prezident saylovida partiyaning ishtiroki va munosib nomzodni ko‘rsatish to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilinmoqda.

Men ham partiyamizdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida ilgari surilayotgan Ulug‘bek Ilyasovichni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.

Men u kishini ko‘p yildan beri yaxshi bilaman. U davlat boshqaruvi va siyosat sohasida hamda partiyamiz oldida turgan dasturiy maqsad va vazifalarni samarali bajarish uchun yetarli tajriba va ko‘nikmaga ega.

Bugun partiyamizdan muddatidan ilgari Prezidentlik saylovida ishtirok etuvchi nomzod – o‘z dasturining asosiy mazmunini tushuntirib berdi. Dasturning ustuvor jihatlari juda ko‘p, ularning ayrimlari bo‘yicha o‘z munosabatimni bildirmoqchi edim.

Xususan, dasturda davlat va jamiyat qurilishini isloh qilishning asosiy yo‘nalishi sifatida ijroiya hokimiyati faoliyatini yanada takomillashtirish, u tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy hayotning eng muhim masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilishda siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari bilan maslahatlashuv o‘tkazish mexanizmini joriy etish taklif etilmoqda.

Qayd etish kerakki, ushbu g‘oyani amalga kiritish orqali mamlakat siyosiy hayotida siyosiy partiyalarning roli, hukumatning esa hisobdorligi va mas’uliyati oshadi. Aholi uchun muhim masalalar bo‘yicha qarorlar turli aholi qatlamlari manfaatlarini ifodalovchi siyosiy partiyalar bilan bamaslahat qabul qilinsa, jamiyatning xavotirini uyg‘otishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldi olinishiga, samarali ijtimoiy muloqot o‘rnatilishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, dasturda demografik jarayonlarni tizimli o‘rganishni yo‘lga qo‘yish orqali, davlatning istiqboldagi ijtimoiy majburiyatlarini aniq belgilab borish tizimini joriy etish lozimligi qayd etilgan. Haqiqatan ham yurtimiz aholisi har yili qariyb bir millionga ko‘payib borayotganligi sababli axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda katta ma’lumotlarni tahlil qiladigan texnologiyalarga o‘tish lozim. Ma’lum bir hududda 3, 5 va 10 yildan keyin nechta maktab va poliklinikaga ehtiyoj bo‘lishini tizimli asosda o‘rganib, rejalashtirishimiz davr talabi hisoblanadi.

So‘zim yakunida barchani bugungi Qurultoyda muhokama qilayotgan qarorlarimiz, belgilab olayotgan chora-tadbir va rejalarimizni hamda taklif etilayotgan nomzodni va uning dasturini qo‘llab-quvvatlayman.

 

Gulnora MARUFOVA,

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senatori:

— 2023 yilda mamlakatimiz tarixida yangi bir sahifa ochildi desam, xato bo‘lmaydi. Nega deganda, avvalo xalqimiz o‘z siyosiy irodasini ifoda etib, yangilangan Konstitutsiyani qabul qilgan bo‘lsa, 9 iyul kuni muddatidan ilgari Prezident saylovi o‘tkazilishi belgilandi.

Har qanday saylov – bu siyosiy partiyalar uchun imkoniyat. Bugun siyosiy partiyalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti tobora rivojlanib, ularning davlat va jamiyat hayotidagi ishtiroki kengayayotgan bir paytda aniq, hayotiy va aholi manfaatlariga mos maqsad-vazifalarni o‘z zimmamizga olish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, partiyamizning o‘z oldiga qo‘ygan g‘oya va maqsadlari bugungi zamon talabiga mutanosib, davr taqozo etayotgan muhim masalalar ekanligi bilan ahamiyatlidir.

Yuqorida, ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lib o‘tadigan saylovda partiyamizning munosib ishtirokini ta’minlashimiz bugungi kundagi eng muhim siyosiy vazifamizdir.

Ushbu jarayonda partiyamiz yangilangan Konstitutsiyadan kelib chiqib, dasturimizni ham tubdan qayta ko‘rib chiqqayotganimiz, unga xalqimizni hozirgi kunda o‘ylantirayotgan dolzarb masalalar bo‘yicha aniq yechimlar kiritayotganimiz o‘z vaqtida amalga oshirilmoqda, deb o‘ylayman.

Avvalo partiyamizdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilayotgan Ulug‘bek Ilyasovichning shaxsi haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. U kishi oddiy o‘qituvchilikdan chiqib, ta’lim sohasiga ko‘p mehnati singgan, hayotning past-balandini yaxshi biladigan, kamtarin inson. Siyosatda, davlat va jamoat ishlarida katta tajribaga ega, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi, yurtimiz ravnaqi va taraqqiyotiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shib kelmoqda.

U kishining partiyamizdan Prezidentlik uchun nomzod sifatida ko‘rsatilishini va bugungi ilgari surilgan dasturni qo‘llab-quvvatlayman. Ulug‘bek Ilyasovichni nomzodlikka har tomonlama loyiq inson, deb bilaman.

Prezident saylovida partiyamizdan nomzod – Ulug‘bek Ilyasovich tomonidan ilgari surilayotgan dasturdagi asosiy maqsad sifatida davlatning ijtimoiy majburiyatlarini samarali amalga oshirish mexanizmlarini belgilash hamda demokratik ijtimoiy davlatni barpo etish belgilanganligi barqaror rivojlanish va jamiyat farovonligini oshirish sari aniq choralarni amalga oshirishga undaydi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi. Biroq, bugungi kunda har bir insonning birlamchi hayotiy ehtiyojlariga yetadigan eng kam iste’mol xarajatlarini hisoblab chiqarish bo‘yicha jamiyatda savollar borligini tan olishimiz kerak. Shuning uchun dasturda eng kam iste’mol xarajatlarini qonun darajasida belgilash maqsadida “Eng kam iste’mol xarajatlarini belgilash tartibi to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilishning kiritilganligi xalqaro standartlar asosida minimal iste’mol xarajatlarini hisoblab chiqarish imkonini beradi.

Partiyamiz nomzodining ehtiyojmand shaxslarga ajratilayotgan moddiy-ijtimoiy yordam mablag‘lari manzilli va maqsadli yetib borishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish tashabbusini ilgari surayotganligi ham bugungi kunda davlat mablag‘larining o‘z egasiga yetib borishini, sohadagi korrupsiyaviy holatlarning bartaraf etilishini ta’minlashga xizmat qiladi. Nazorat qiluvchi organlarning resurslari cheklanganligi sababli jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqaligina ijtimoiy himoya sohasiga yo‘naltirilayotgan mablag‘larning samaradorligi ta’minlanadi.

Ushbu saylov partiyamizning siyosiy mavqei va imidjini hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirishi uchun imkoniyatdir. Bunda, avvalo, partiyamiz faoliyatini targ‘ib qilish, yetakchilarimizni siyosiy maydonga olib chiqish, yangi nomzod to‘g‘risida elektoratimizni, saylovchilarimizni xabardor qiladigan muhitni yaratishimiz zarur.

Shuni aytishim kerakki, saylovoldi targ‘iboti jarayonlarida partiyamiz tashkilotlari huzurida tashkil etilgan “Targ‘ibotchilar guruhi”, “Yoshlar” va “Ayollar” qanotlari a’zolari imkoniyatlaridan samarali foydalanishimiz zarur. Oldimizda turgan muhim siyosiy jarayonlarda har bir partiya a’zosi, deputatlar, tuman, shahar Kengashlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari, barcha imkoniyatlarini ishga solishi, shijoat bilan ishlashi lozim.

So‘zimning yakunida, Qurultoy kun tartibiga kiritilgan qaror loyihalarini qo‘llab-quvvatlagan holda, partiyamizning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida munosib ishtirok etishida har bir partiya a’zosi, deputatlar, tuman, shahar Kengashlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari, faollarimizga sog‘liq-salomatlik va muvaffaqiyat tilab qolaman.

 

«O‘zbekiston ovozi», 31.05.2022, №20

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish