Keyingi yillarda fuqarolarimizning advokatga murojaati an’anaga aylana boshladi.
Odamlarimiz o‘z haq-huquqlarini himoya qilish uchun advokat xizmatidan foydalanishga o‘rganishmoqda. Xo‘sh, himoya instituti, deb atalmish advokaturaning qonuniy asoslari yetarlimi, uning inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi o‘rni qanday bo‘lmoqda?
Muxbirimiz ana shu mavzuda Advokatlar palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Amrullo AHMEDOV bilan suhbatlashdi.
— O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 116-moddasida ayblanuvchi himoyalanish huquqi bilan ta’minlanishi, tergov va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlangan, — dedi biz bilan suhbatda Amrullo Ahmedov. — Fuqarolarga, korxona, muassasa va tashkilotlarga yuridik yordam berish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatishi belgilab qo‘yilgan. Bu qoidalar O‘zbekiston Respublikasi JPKda ham mustahkamlab qo‘yilgan. Avvalambor qonunni hurmat qilgan xodim gumonlanuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi bilan bevosita ishlash jarayonida undan advokati bor bo‘lsa, uni taklif qilish huquqiga ega ekanligini yoki unga himoya huquqi ta’minlab berilganidan keyingina u bilan muloqotga kirishishi lozim. Aks holda qonunchilikda belgilab qo‘yilgan bir qator qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilishi oqibatida shaxsning himoyaga bo‘lgan huquqlari paymol bo‘lishiga va u bilan bog‘liq o‘tkazilgan barcha protsessual harakatlar noqonuniy hisoblanishiga olib keladi.
— Gumon qilingan, ushlab turilgan, ayblanayotgan, sudlanayotgan shaxsga tergov va sud jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari advokatga ruhiy bosim yoki jismoniy ta’sir etish holatlari uchrayaptimi? Advokatlar ishiga aralashish holatlari bormi? Chunki bundan oldin gumonlanuvchi yoki ayblanuvchiga nisbatan qonunsiz harakatlar oz emasdi.
— Hozir bunga zo‘ravonliklarga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida bu masalada bizga himoyamizdagi shaxslardan shikoyat bo‘lmayapti. Murojaatlar tahlili esa shuni ko‘rsatayaptiki, advokatga ishonch bildiruvchi shaxslar soni ortib borayapti. Buning sababi shundaki, ilgari fuqarolar o‘z muammolarini hal qilish uchun turli sud-huquq tizimi idoralariga o‘zlari murojaat qilib, juda ko‘p vaqti va asabini ketkazgan. Endi odamlar advokatga murojaat qilish lozimligini biladi. Davlat ayblovchi bilan advokat tengligi amalda ta’minlanganligi natijasida aksariyat fuqarolarimizga o‘z vaqtida sifatli va malakali yuridik yordam ko‘rsatilmoqda .
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 46-moddasida qayd etilganidek, ayblanuvchi o‘zining nimada ayblanayotganligini bilishi, ushlab turilganligi va turgan joyi to‘g‘risida advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilishi yoxud xabar berishi inson huquqlarining himoyasi amalda ta’minlanayotganligidan dalolat beradi. Aynan mazkur qoidalarga rioya qilmaslikning o‘zi ham surishtiruvchi va tergovchining qarorini g‘ayriqonuniy, deb topishga asos bo‘ladi. Bu esa inson huquqlarini himoya qilishda o‘ziga xos mexanizm yaratilganligiga misoldir.
O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi xuzurida Advokatlarning buzilgan huquqlarini himoya qilish departamenti ish boshlaganligini aytib o‘tishim lozim. Ushbu departamentning vazifasi advokatlarga nisbatan bo‘layotgan qonunsiz xolatlarni aniqlash, ularning ish faoliyatiga asossiz aralashish yoki ularga bo‘layotgan ruhiy bosim holatlarini o‘rganadi. Bu advokatning surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi jarayonlarida himoya ostidagi shaxsning huquq va manfaatlarini imkon qadar sifatli himoya etishiga xizmat qiladi.
— Oliy ma’lumotli huquqshunoslarning hammasi ham advokat bo‘la olmaydi. Ya’ni, bu kasbda ishlamoqchi bo‘lganlarga qat’iy talablar qo‘yilgan?
— «Advokatura to‘g‘risida»gi Qonunning 31-moddasiga ko‘ra, advokat maqomiga ega bo‘lishga talabgor shaxs yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lishi, jumladan, advokatlik tuzilmasida kamida uch oy muddat stajirovka o‘tagan bo‘lishi kerak hamda malaka imtihonini topshirishi shart.
Davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatida sudya, tergovchi, surishtiruvchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga ega bo‘lgan shaxs advokatlik tuzilmasida stajirovkadan o‘tmasdan malaka imtihonida ishtirok etishga haqli. Malaka imtihonini topshira olmagan talabgor uni takroran topshirishga kamida olti oydan keyin qo‘yiladi. Malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgor litsenziya olish uchun tegishli adliya organiga uch oy ichida murojaat qilishi kerak. Bu muddatni o‘tkazib yuborgan talabgor litsenziya olish uchun adliya organiga malaka imtihonini takroran topshirganidan keyingina murojaat qilishi mumkin.
Advokatlik faoliyatini litsenziyalash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Bundan tashqari, advokat haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli emasligi qonunning 3-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan. Bular ilmiy va pedagogik faoliyat, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasidagi va uning hududiy boshqarmalaridagi faoliyat, patent vakili va mediator sifatidagi faoliyatdir.
Shuningdek, shartnomaviy-huquqiy asosda davlat organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi, hakamlik sudlarida va xalqaro tijorat arbitrajlarida (sudlarida) sudya sifatida faoliyat ko‘rsatishi mumkin.
— Advokatni oqlovchi, deb bilamiz. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak. Ba’zida esa himoyachisidan nolib gapirayotgan odamlar uchrab turadi. Sizning bu holatga munosabatingiz qanday?
— Guruch kurmaksiz bo‘lmagani kabi barcha sohalarda ham o‘z ishiga vijdonan yondashmaydiganlar uchrab turadi. Ammo bu bilan butun bir boshli himoya tizimini ayblab bo‘lmaydi. Ishoch bildiruvchi yoki gumonlanuvchi advokatga barcha holatni ochiq- oydin aytib berishi kerak. Chunki advokatning pozitsiya tanlashi, himoya ostidagi shaxsning huquqlarini sifatli ximoya qilishi u olgan axborotga bog‘liq. Tushunmovchiliklar kelgusida advokat bilan himoya ostidagi shaxslar o‘rtasida ziddiyat paydo bo‘lishiga olib keladi.
Yana bir e’tiborli holat shundaki, advokat bilan ishonch bildiruvchi shaxs o‘rtasida tuziladigan bitim ham qonuniy va puxta bo‘lishi kerak.Undagi bandlar va talablar har ikki tomon manfaatlariga putur yetkazmaydigan darajada tuzilishi lozim. Har qanday vaziyatda ham advokat ishonch bildiruvchi yoki himoya ostidagi shaxsga ishning natijasi to‘g‘risida oldindan kafolat berishi mumkin emasligini alohida ta’kidlamoqchiman.
— Shaxs ushlangan va uning erkinligi amalda cheklangan paytdan boshlab himoyachi bilan ta’minlanmasligi qanday oqibatlarga olib keladi?
— Shahsning advokat bilan ta’minlanmasligi ayrim jinoyat qidiruv va surishtiruv bo‘limi xodimlariga qo‘l keladi. Gumonlanuvchi va ayblanuvchining aybini og‘irlashtirishga olib keladi, adolatsizlik bo‘ladi, noroziliklar ko‘payadi.
Gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi o‘z vaqtida advokat bilan ta’minlansa, bunday noma’qul harakatlarning oldi olinadi.
— Tan olamizmi, yo‘qmi, ko‘pchilik yaxshi biladi, advokatlar hozircha chinakam himoyachilarga aylanganicha yo‘q. Advokatura instituti nufuzini oshirish uchun yana nimalar talab etiladi, deb o‘ylaysiz?
— Har bir fuqaro, xoh u ichki ishlar xodimimi, prokuror, sudya yoki advokat bo‘ladimi qonunni hurmat qilishi lozim. Qonun gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga himoya huquqi ta’minlashni beribdimi, demak, bu talabni bajarishimiz lozim.
Himoya institutini yanada mustahkamlash zarur. Turli tashkilotlaru ayrim huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlaridan tinkasi qurib, adolat yo‘qligiga ko‘nishga majbur bo‘lgan fuqaroga faqatgina advokat yordam bera olishi mumkin.
Buning uchun esa advokatning qonun doirasidagi imkoniyatlarini kengaytirish va advokatning asosli hamda aniq dalillari sud tomonidan chuqur o‘rganib chiqilishi darkor. Shundagina advokatlar ishonch bildiruvchining chinakam himoyachisiga aylana oladi.
Ravshan SHODIYEV,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.