Bu borada Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining IV konferensiyasida ma’lum qilindi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda davlat va jamoat tashkilotlarining matbuot xizmati rahbarlari ishtirok etdi.
Anjumanda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati, respublikamizning dunyodagi rivojlangan, zamonaviy davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashi, barcha sohalar qatori, ommaviy axborot vositalari rivoji, media-tuzilmalarda faoliyat yuritayotgan jurnalistlarning bilim va malakasi hamda o‘z ishiga mas’uliyatli yondashishiga bog‘liq ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda 1 ming 726 ommaviy axborot vositasi ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 667 tasi gazeta, 398 tasi jurnal, 5 tasi axborot agantligi hisoblanadi va 70 ta telekanal hamda 37 radio kanal faoliyat yuritayotgani to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.
Konferensiyada O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov, «O‘zbekiston ovozi» va «Golos Uzbekistana» gazetalari Bosh muharriri Safar Ostonov, «Jahon adabiyoti» jurnali Bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, «Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalari Bosh muharriri Husan Ermatov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Xalqaro press-klub rahbari Sherzod Qudratxo‘jayev va boshqalar so‘zga chiqib, Prezidentimizning soha xodimlarining kasb bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigida bildirilgan fikrlar bugun mamlakatimizda bo‘layotgan ulkan o‘zgarishlar barchamizdan yangicha ishlashni, yangi g‘oya va tashabbuslar bilan maydonga chiqishni talab etayotganini ta’kidlashdi.
Darhaqiqat, yurtimizda kechayotgan islohotlarning muvaffaqiyati, Vatanimizning dunyoning rivojlangan davlatlari qatoridan o‘rin olishi, barcha sohalar kabi matbuot va ommaviy axborot vositalari ravnaqiga ham bevosita bog‘liqdir. Bugun ommaviy axborot vositalariga ko‘rsatilayogan alohida e’tibor tufayli milliy jurnalistikamizda fikrlar rang-baranglashuvi tobora yaqqolroq ko‘zga tashlanmoqda.
Eng tezkor axborot vositasi hisoblangan internet hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Bugungi kunda global tarmoqlarda ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan Uz domenli veb-saytlar, axborot portallari soni 533 tani tashkil etadi va ularning aksariyati nafaqat o‘zbek, balki ko‘pgina xorijiy tillarda ham faoliyat ko‘rsatayotgani, ushbu yo‘nalishda, ya’ni internet jurnalistlari va blogerlari safi tobora kengayib borayotgani e’tiborga sazovordir.
Prezidentimizning madaniyat, san’at va ommaviy axborot vositalari xodimlarini qo‘llab-quvvatlash, ular mehnatini qadrlash, zarur sharoit hamda imkoniyatlarni yaratish borasida qabul qilgan bir qator qarorlari ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda katta voqelik bo‘ldi. Ularning ijrosini ta’minlash borasida esa tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Davlatimiz rahbarining qaroridan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Ilhom» jamoat fondining Ustavi va Nizomi tasdiqlandi. Shu bilan birga, fondning Homiylar kengashi tashkil etilib, fond o‘z faoliyatini boshladi.
Prezidentimizning «O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Uyushma ustaviga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Uning markaziy apparati va hududiy bo‘limlari tuzilmalari, shtatlar jadvali ishlab chiqildi va boshqaruv yig‘ilishi tomonidan tasdiqlandi. Shuningdek, qarorda ko‘zda tutilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda ehtiyojmand va faol jurnalistlarni imtiyozli ipoteka kreditlari asosida uy-joy bilan ta’minlash hamda ularni moddiy jihatdan rag‘batlantirish yuzasidan tegishli amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, Prezidentimizning tashabbusi bilan Jurnalistlar ijodiy uyushmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi tovar xom-ashyo birjasi aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida tuzilgan «Do‘stlar klubi» uyushma faoliyatini va jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirdi. Xususan, «Yilning eng faol jurnalisti», «Oltin qalam» kabi ijodiy tanlovlar ommaviy axborot vositalari xodimlarining yanada faollashuvi, ilohotlar mohiyatini xalqimizga yetkazishda muhim omil bo‘lmoqda.
Ayni paytda xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, jurnalistlar haqidagi ma’lumotlar bazasini yaratish, soha xodimlarining kasbiy bilim va mahoratini muttasil oshirib borish, ustoz ijodkorlarning mahorat maktabini shakllantirish dolzarb ekaniga alohida e’tibor qaratildi.
Konferensiyada O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining 2014-2019 yillardagi faoliyati haqidagi hisobot va uyushmaning kelgusi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi, shu bilan birga, besh yillik faoliyati bo‘yicha taftish komissiyasi hisoboti eshitildi va ma’qullandi. O‘zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi qabul qilindi va kasb etikasi bo‘yicha jamoatchilik kengashi nizomi tasdiqlandi hamda uyushmaga a’zolik bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, uyushma ustaviga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida va kelgusidagi rejalar atroflicha muhokama etildi.
Toshtemir XUDOYQULOV,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.