ACHCHIQ QALAMPIR HAQIDA ACHCHIQ HAQIQAT

Yoki ko‘rinib turgan aybini tan olish o‘rniga tahririyatga raddiya jo‘natgan shovvozlar

Gazetamizning 2019 yil 26 fevral sonida qashqadaryolik fermerlardan kelgan shikoyat asosida «Achchiq qalampirning achchiq haqiqatlari yoki aldanib qolgan fermerlarni kim himoyalaydi?..» sarlavhali maqola chop etilgan edi. Biz aybdorlar xijolat tortadi, fermerlardan kechirim so‘raydi, ular bo‘ynida osilib qolgan qarzlarni to‘laydi, deb o‘ylagandik. Afsuski, unday bo‘lmadi.

Qaytaga «Brand Investment Group Agro» MChJning yuristi tahririyatimizga raddiya ko‘tarib keldi. Unda qisqa muddatda raddiyani e’lon qilish va korxonaga yozma javob berish ham so‘ralgan edi. Biz korxona yuristiga qo‘ng‘iroq qilib, «Maqoladagi masalalar isboti bilan berilgan-ku. Nimadan norozisiz?.. Biz faqat jamiyatingiz tomonidan aldanib qolgan fermerlarni himoya qildik», dedik. «Biz fermerlar bilan gaplashdik. Ulardan biri «men muxbirga unday demaganman, deb yozib berdi», deya bizni ayblamoqchi bo‘libsiz. Lekin barcha fermerlarning aytgan gaplari diktofonga yozib olinganini aytganimizda yurist «yo‘g‘-e, yozib olganmisizlar?», deya o‘ylanib qoldi.

Shuningdek, tahririyatga raddiya jo‘natishdan oldin maqolani diqqat bilan o‘qib chiqish lozim edi. Chunki siz jo‘natgan raddiyada tanqidiy maqolaning nomi ham noto‘g‘ri yozilgan. «Achchiq qalampirning achchiq haqiqatlari... Yoki o‘zi yo‘q qalampirni bor achchig‘i?...» deb yangi sarlavha qo‘yibsizlar.

Tanqidiy maqoladagi jumlalarga o‘zingizcha izoh berib, o‘zingizni oqlashga harakat qilgansiz.

Ehtimol, ayrim jumlalar sizlarga og‘irroq botgandir. Ehtimol, hech kim bizning mushugimizni pisht, demaydi, degan kayfiyatda yurgan bo‘lishingiz mumkin. Ammo sizlarga ishonib, o‘ziga muammo orttirib, ishdan qolib, idorama-idora sarg‘ayib yurgan fermerning ahvolini ko‘z oldingizga keltirib ko‘rmabsiz. Afsus. Ushbu maqolani o‘qigan qanchalab gazetxon bunaqangi MChJlarga rahbariyat tomonidan qattiqroq jazo chorasini ko‘rish kerak, degan mazmundagi ko‘plab qo‘ng‘iroqlariga javob berdik. Uyalmasdan siz o‘zingizni oqlash uchun birinchi, ikkinchi va hokazo, deb jumlalarni raqamlab chiqibsiz. Biz ham sizning uslubingizni qaytargan holda birinchi, ikkinchi va uchinchi jumlaga javob qaytarmoqdamiz.

Maqoladagi fikr: «O‘zini Umid deb tanishtirgan yigit yaqin orada ko‘chatni yetkazib beramiz, dedi. Bahor oyi tugab, ya’ni achchiq qalampirni ekish vaqti o‘tib borsa hamki, qalampir ko‘chatlaridan darak bo‘lmadi. Umid degan goho telefonini o‘chirib qo‘yadi. Gohida umuman ko‘tarmaydi. Shu ahvolda achchiq qalampir ekish vaqti o‘tib ketdi, MChJ xodimlaridan darak bo‘lmadi...» shunday, deb yozgansiz:

Raddiyada buni inkor etishga urinib quyidagi e’tirozni bildiribsiz: «Qalampir ko‘chati tarqatish mavsumi ham xuddi paxta chigiti ekish mavsumi singari Qashqadaryo viloyati hokimligi va tuman hokimlari tomonidan tuzilgan qalampir shtabi orqali amalga oshirilgan. Korxona tomonidan ko‘chatlarni kunlik fermerlarga yetkazib berish tuman hokimligi tomonidan berilgan buyurtmalarga asosan amalga oshirilgan. Korxona tomonidan ko‘chatlar tumanlarga o‘z vaqtida yetkazilib, hokimiyat tomonidan fermerlarga ekish uchun taqsimlangan...»

Bu gaplarga aniqlik kiritish maqsadida biz hokimlikka murojaat qildik. Kasbi tuman hokimligidan quyidagicha javob keldi:

«... Tuman hokimligida qalampir shtabi tashkil qilinib, fermer xo‘jaliklariga qalampir ko‘chatlarini o‘z vaqtida yetkazib berilishini va fermer xo‘jaliklariga ekish uchun taqsimlanganligini umumiy tartibda nazoratga olgan bo‘lsa-da, «Brand Investment Group Agro» MChJ bilan fermer xo‘jaliklari o‘rtasida qalampir yetishtirib berish bo‘yicha (kontraktatsiya) shartnomalar tuzilishiga va qalampir ko‘chatlari yetkazib berish bo‘yicha Kasbi tuman hokimligi tomonidan aralashuvga yo‘l qo‘yilmagan».

Tuman hokimi o‘rinbosari S.Muxammadiyev.

Maqola yuzasidan ikkinchi iddaongizni o‘qiymiz:

Maqolada nomlari keltirilgan «Narzullayev Jaloliddin Elmurod o‘g‘li», «Voha zarchashmasi» hamda «Shaxriyorov Eralijon Shavkatovich» fermer xo‘jaliklari tomonidan qalampir ko‘chatini o‘z vaqtida olmaganlik yoki olmasliklari hamda qalampir yetishtirish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarni oldindan bekor qilish bo‘yicha yozma murojaatlar qilinmagan...

Raddiyangizdagi bu da’voda mantiq bormi? Ko‘p emas, ozgina o‘ylab ko‘rgan kishi bunday deyishga uyalardi. Ular kimga va qayerga murojaat qilishi kerak edi? Birinchidan, ko‘chat olib kelishni va’da qilib, qorasini ko‘rsatmay ketgan xodim bilan ular bir necha bor telefonda gaplashishgan. Kuting, degan javobni olishgan. Keyinchalik qo‘ng‘iroqlarga javob bermay qo‘ygan. Buning ustiga, fermer xo‘jaliklari bilan qilingan shartnomangizda ko‘rsatilgan manzilingizdan biz ham tashkilotingizni topa olmadik, fermerlar qanday qilib topsin. Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumani, Tinchlik QFY, Iykota mahallasida bunaqa tashkilot yo‘qligini aytishdi. Agar manzilingiz o‘zgargan bo‘lsa, shartnoma blankasini yangilash kerak edi. Qolaversa, Qashqadaryodan Toshkent viloyatiga kelib-ketish osonmi? Fermerlarning har biri bankdan 8 million 350 ming so‘m 20 foizlik ustamasi bilan kredit olib, sizning hisob raqamingizga ko‘chirib bersa-da, siz va’da qilingan ko‘chatlarni olib kelib bermasangiz, ular yana xarajat qilib ortingizdan yugurib yurishi kerakmi? Sharnoma shartini bajara olmabsiz, nega o‘zingiz kechirim so‘rab, fermerlar oldiga kelmadingiz?

Maqolada fermerlardan biri aytgan gapidan misol keltiramiz: «Agrobank» ATB Kasbi filialidan achchiq qalampir urug‘ini va’da qilgan MChJning mas’ul xodimi telefon raqamini olib, unga qo‘ng‘iroq qildim. O‘zini Umid deb tanishtirgan yigit yaqin orada ko‘chatni yetkazib beramiz, dedi. Bahor oyi tugab, ya’ni achchiq qalampirni ekish vaqti o‘tib borsa hamki, qalampir ko‘chatlaridan darak bo‘lmadi. Umid degani goho telefonini o‘chirib qo‘yadi. Gohida umuman ko‘tarmaydi. Shu ahvolda achchiq qalampir ekish vaqti o‘tib ketdi, MChJ xodimlaridan darak bo‘lmadi...».

Fermerlar tahririyatimizga ariza yozishdan oldin tuman, viloyat hokimliklariga va Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Kasbi tuman bo‘limiga yozma murojaat qilishgan. Shuncha mas’ul tashkilotlardan birgina Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Kasbi tuman bo‘limidan javob xati kelgan. Unda ham sudga murojaat qiling deyilgan, xolos. Sizningcha, yana qancha joyga murojaat qilishlari lozim edi?

Maqolada shunday mulohaza bor: «Sardor degan bu «janob» nima uchun to‘rt kun uchrashuvni va’da qilib, so‘ngra fikridan qaytdi? Bizningcha, u «Brand Investment Group Agro» MChJning rahbarlari bilan gaplashib, so‘ngra biz bilan uchrasha olmasligini aytganga o‘xshaydi. Agarda lozim topganida o‘zining bosh ofisi raqamini hamda rahbarining ism-familiyasini aytib, o‘sha odam bilan uchrashib, gaplashib olishimizni maslahat bergan bo‘lardi».

Bu fikrga ham e’tiroz bildiryapsiz. Ya’ni, Sardor maqoladagi o‘ziga tegishli gaplarni inkor etdi, deyapsiz. Biz bilan Qarshida uchrashishni ikki marta kelishib, so‘zida turmagan bu xodim aybini bo‘yniga olmaganiga ishonamiz. Agarda muxbir MChJ xodimi Sardor bilan gaplashmagan bo‘lsa, nega Qarshi shahriga borib, ikki kun uni kutdi? Qolaversa, buni isbotlash qiyin emas.

Maqola e’lon qilingandan so‘ng biz voqealar rivojini kutib turdik. Qashqadaryo viloyati prokuraturasidan javob keldi. Unda shunday deyilgan:

«Achchiq qalampirning achchiq haqiqatlari yoki aldanib qolgan fermerlarni kim himoyalaydi?» sarlavhali maqolada keltirilgan holat o‘rganildi.

Aniqlanishicha, «Narzullayev Jaloliddin Elmurod o‘g‘li» fermer xo‘jaligi bilan «Brand Investment Group Agro» MChJ o‘rtasida 04.05.2018 yilda 6-sonli shartnoma tuzilgan.

Shartnomaning 2.12-bandiga muvofiq «Narzullayev Jaloliddin Elmurod o‘g‘li» fermer xo‘jaligi tomonidan yetkazib berilishi lozim bo‘lgan qalampir ko‘chati uchun oldindan 100 foiz (7 975 000 so‘m) to‘lov amalga oshirilgan.

Biroq «Brand Investment Group Agro» MChJ tomonidan shartnomaning 2.1.1-bandini buzgan holda qalampir ko‘chati yetkazib berilmaganligi uchun fermer xo‘jaligi tomonidan mahsulot topshirish imkoni bo‘lmagan.

Shunga ko‘ra, Kasbi tumani prokuraturasi tomonidan «Narzullayev Jaloliddin Elmurod o‘g‘li» fermer xo‘jaligi foydasiga «Brand Investment Group Agro» MChJ hisobidan 7 975 000 so‘m asosiy qarz, 3 000 000 so‘m penya va 16 218 so‘m pochta xarajatini undirish haqida Yuqori Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.

Shuningdek, bu haqda fermer xo‘jaligi rahbari S.Eshmadatovaga yozma ma’lum qilinib, qo‘shimcha va e’tirozlari bo‘lsa, Yuqori Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qilishi haqida tushuntirish berildi.

Viloyat prokurorining o‘rinbosari, adliya katta maslahatchisi A.E.Mirzayev.

Kasbi tuman prokurori O.E.Usanov da’vogar «Narzullayev Jaloliddin Elmurod o‘g‘li» fermer xo‘jaligining manfaatini ko‘zlab, Yuqori Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritdi.

Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudi raisi B.Kenjayev raisligida prokuror protesti ochiq sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi. Qashqadaryo viloyati, Kasbi tuman prokuraturasining da’vosi qanoatlantirildi. «Narzullayev Jaloliddin Elmurod o‘g‘li» fermer xo‘jaligi manfaatiga javobgar «Brand Investment Group Agro» MChJ hisobidan 7 975 000 (etti million to‘qqiz yuz yetmish besh ming) so‘m miqdorda asosiy qarzdorlikni undirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ya’ni, adolat qaror topdi.

Endi o‘ylab ko‘raylik, bu muammo qayerdan paydo bo‘ldi? Fikrimizcha, achchiq qalampir ekib, yetishtirish tashabbusi ijrosi talab darajasida bo‘lmadi, mas’uliyatsizlik qilindi, ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yildi. Faqat Qashqadaryoda emas, balki boshqa viloyatlarda ham tartibsizliklar bo‘ldi. Aslida aybdor tashkilot kreditlarni qaytarish bilan birga fermerlarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni ham qoplashi kerak edi.

Kelasi yil ham qayerlardadir achchiq qalampir ekiladigan bo‘lsa, xatolardan tegishli xulosalar chiqarib olinmog‘i kerak, deb o‘ylaymiz.

 

Toshtemir XUDOYQULOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

← Roʻyxatga qaytish