MEZBON NEGA UYALDI?

Yoki bolalar so‘kinishni kimlardan o‘rganishyapti?

Bu mavzuni ko‘tarmoqchi emasdim. Sababi, qadrdon do‘stimni xijolatga qo‘yishdan istihola qilayotgan edim. Ammo kunlar o‘tsada bo‘lib o‘tgan voqea dilimdan ko‘chmadi. Aksincha bot-bot esimga tushib, qattiq o‘yga toldira boshladi. Joy nomini ham, do‘stimning ismi sharifini ham o‘zgartirib bo‘lsa-da, voqea tafsilotini siz gazetxonlar bilan fikrlashishga ahd qildim. Keling, birgalikda o‘ylaylik, xulosa chiqaraylik, zora aytganlarimiz ayrim ota-onalar va yoshlarimizga saboq bo‘lsa...

O‘tgan dam olish kunlarining birida poytaxtimizning Yunusobod tumanida istiqomat qiladigan do‘stimning uyiga oilamiz bilan mehmon bo‘lib bordik. Anchadan beri ko‘rishmagan edik. Diydor shirinlik qilib, rosa suhbatlashdik, o‘tgan-ketgan voqealarni esladik. Ayollarimizning yuzida mehr-muhabbatli tabassum, farzandlarimiz bir-birlariga she’rlar o‘qib, yayrashmoqda. Totli, fayzli damlar. Nihoyat, tansiq taom – osh ham tayyor bo‘ldi. Do‘stimning uyi oltinchi qavatda, mehmonxonasi «dom»ning hovli tomoniga qaragan edi. Kun issiqligi sababli uy bekasi derazalarni lang ochib qo‘ydi. Shu payt, sport maydonchasida to‘p surayotgan yoshlarning qichqirig‘i, haqoratli so‘zlar, kurakda turmaydigan so‘kinishlar eshitila boshladi. Bolalar va ayollar oldida noqulay ahvolga tushdik. Uy bekasi Adolatxon qizarib o‘rnidan turdi, sekin borib derazani yopdi. Do‘stim ham xijolat tortdi. Ochig‘i, dilimiz xira bo‘ldi. Xayolga har xil fikrlar keldi. Baqir-chaqir qilib, bir-birini ayamay so‘kinayotgan bu bolalar ko‘pi bilan 16-18 yoshlarda edi. Ular bu uyatli so‘zlarni qayerda, kimdan o‘rganishgan? Ularning ota-onalari bormi, bolalari shunaqaligini bilisharmikin?

Faqat sport maydonchalarida emas, balki ko‘cha- ko‘yda ham bolaxonador qilib so‘kinayotgan yoshlarni tez-tez uchratamiz.

Avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar orasida piyodalarni bo‘ralatib so‘kadiganlari ham oz emas. Bunday madaniyatsiz holatlar sababi nimada?

To‘g‘risi, kimdir oiladan, kimdir mahalla, ko‘cha-ko‘ydan o‘rganyapti bunday yaramas odatlarni. Ko‘p ko‘rganmiz bolalari oldida xotiniga o‘shqirib, so‘kingan erkaklarni yoki eriga kurakda turmaydigan so‘zlarni aytgan ayollarni. Ba’zi bir odamlarning jamoat joyida bir-biri bilan tortishib, qo‘poldan-qo‘pol so‘kinishlariga ham ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Bu illatlar millatimiz sha’niga yarashadimi, obro‘sini to‘kmaydimi? Yoshlar tarbiyasini buzmaydimi?

Balki, bu masalani kengroq doiralarda muhokama qilib, jamoat joylarida so‘kinib gapiradigan odamlarga nisbatan chora ko‘radigan tartiblar joriy etish kerakdir. Jamoat joylarida ogohlantiruvchi talablar yozilgan lavhalar osib qo‘yish kerakdir?! Mana, metrolarimizda ogohlikka muntazam chaqiriqlar bo‘lib turgani sababli yoshlar kattalarga joy bo‘shatib berishadi. Nogahon buyumingizni qoldirib ketsangiz, ichki ishlar xodimlariga xabar berishadi. Past ovozda gaplashish odatga aylanmoqda. Hammasi ishni qanday tashkil etishga bog‘liq. Axir, gap milliy madaniyatimizning og‘riqli nuqtalari, insoniy fazilatlarimizga putur yetkazayotgan illatlar haqida ketayotgan ekan, nega yo‘l qoidasini buzganga jazo boru, jamoat joyida so‘kinganlarga chora ko‘rilmasligi kerak? Bu kabi holatlarga e’tiborsiz qarasak, so‘kinuvchilar, aniqrog‘i, madaniyatsizlar soni oshib boraverishi tabiiy.

Ehtimol, fikrlashib, bahs-munozara yuritib ko‘rsak, kerakli takliflar bildirilar. Siz nima deysiz, aziz gazetxon?!

 

O‘ktam HAYRULLAYEV

www.uzbekistonovozi.uz

← Roʻyxatga qaytish