Xavotir o'rinlimi?

 

O'tgan haftada katta-kichik davralarda eng ko'p muhokama qilingan mavzulardan biri yo'l harakati xavfsizligi bo'ldi. Prezident raisligida 11 fevral kuni yo'llarda inson xavfsizligini ta`minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig'ilishida keltirilgan fakt va raqamlar odamni o'yga toldiradi.

Yo'l harakati xavfsizligi bo'yicha jiddiy o'zgarishlar hamda haydovchilik guvohnomasini olishda endilikda tanish-bilishga yo'l qo'yilmasligi, qoida buzganlarga qattiq choralar ko'rilishini kimlardir xursand bo'lib kutib olgan bo'lsa, ochig'ini aytish kerak, yana kimlardir biroz ko'ngil g'ashlik bilan qarshi oldi.

Videoselektorda mamlakatimizda 2021 yilda 10 mingdan ziyod yo'l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 9 mingdan ortiq inson jarohatlangani, eng achinarlisi, 2 ming 500 ga yaqin odam halok bo'lgani ham aytib o'tildi.

Tahlillarga ko'ra, yo'llardagi falokatlarning 25 foizi yo'l holati yomonligi va infratuzilmasi oqilona tashkil etilmagani oqibatida kelib chiqmoqda. Masalan, Pop bilan To'raqo'rg'on, Jarqo'rg'on va Denov, Samarqand bilan G'uzor o'rtasidagi yo'llar, A-373 yo'lining Yozyovon tumanidan o'tgan qismida har yili o'nlab odamlar halok bo'lmoqda. Afsuski, bunday xavfli ko'chalar har bir viloyat, har bir tuman va shaharda bor.

Yig'ilishda yo'l-transport hodisalari ko'p sodir bo'layotgan hududlar ko'rsatib o'tilib, mutasaddilarga intizomiy jazo choralar belgilandi. Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i, Andijon va Samarqand viloyatlari yo'l harakati xavfsizligi boshqarmalari boshliqlari lavozimidan ozod qilindi.

Shuningdek, Prezident O'zbekistondagi yo'l harakati qoidalari eskirganini ta`kidlab, ularni xalqaro standartlar asosida, mutaxassislar va haydovchilar fikrini o'rgangan holda yangilash bo'yicha topshiriq berdi.

«Qonunchilikka kiritiladigan hamma yangiliklar deputatlar, ekspertlar va jamoatchilik bilan bamaslahat ishlab chiqiladi», degan Prezident.

Yig'ilishda sohadagi ayanchli holat statistik ma`lumotlar asosida tanqidiy tahlil qilindi. Tahlillar ko'rsatishicha, «avariya»larning 45 foizi haydovchilarning qoidalarni mensimasligi, 10 foizi haydovchilarning tajribasizligi, 25 foizi yo'l holati va infratuzilmasi talabga javob bermasligi, 20 foizi piyodalarning qoidalarga amal qilmasligi oqibatida sodir bo'lmoqda.

Qayd etilishicha, 2021 yilda aniqlangan 7,7 million huquqbuzarlikdan 46 foizi qo'pol qoidabuzarliklar hisoblanadi. Ayniqsa, mast holda boshqarish Samarqand (12 mingta), Toshkent viloyati (8,5 ming), Farg'ona (7,5 ming) va Toshkent shahrida (7 ming), qizil chiroqda o'tish Toshkent viloyati (62 ming), Samarqand (51 ming) va Toshkent shahrida (47 ming) ancha yuqori.

Shu bois, Davlat rahbari «qo'pol qoidabuzarlarga jazo muqarrarligi ta`minlanishi shart»ligini ta`kidladi.

Qonunchilik palatasi va mutasaddi idoralarga yo'l harakatiga oid qonun hujjatlarini qayta ko'rib chiqib, tubdan takomillashtirish vazifasi qo'yildi. Chunki qo'pol qoidabuzarliklar, ularni takror sodir etish holatlari ko'paygan.

Xususan, 2021 yilda respublika bo'yicha 95 ming nafar haydovchi 5 tadan ko'p, 9 ming nafari 20 tagacha, 700 nafari 50 tagacha, 18 nafari 100 tagacha qoidabuzarlik sodir etgan.

Shu boisdan jazo muqarrarligini ta`minlash maqsadida bundan buyon har bir huquqbuzarlik uchun jarima ballari tizimi joriy etilishi belgilandi. Masalan, haydovchi tezlikni oshirsa, 1 ball, qizil chiroqda o'tsa, 3 ball hisoblanadi. Agar bir yilda qoidabuzarliklar jami 12 balldan oshsa, haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan mahrum qilinadi va qayta imtihon topshiradi.

Ushbu yig'ilishdan kelib chiqqan holda qanday ishlar amalga oshirilishi haqida Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo'l harakati xavfsizligi Axborot xizmati boshlig'i Azizxon Murodov bilan suhbatlashdik.

– Prezidentimiz yig'ilishda “Qaysi viloyat hokimi yoki ichki ishlar boshlig'i ushbu korxonalarni borib, ularning muammolari bilan qiziqqan? Afsuski, hech kim”, deb ta`kidladi va respublika bo'yicha mavjud 3 mingga yaqin chorrahada svetoforlarning “yagona egasi” yo'qligi ko'rsatib o'tildi, – deydi Azizxon Murodov. – Shu boisdan, endilikda viloyat va tuman markazlaridagi yo'l belgilari va ko'rsatkichlari, svetoforlar, yoritgichlar o'rnatish, yo'l chiziqlar chizish, piyoda o'tish joylarini belgilash, yo'l harakati vositalarini tartibga solishga Yo'l harakati xavfsizligi tizimi mas`ul bo'ladi.

Yig'ilishda ta`kidlandiki, “Haydovchilikka o'qitish va guvohnoma berish bo'yicha yangi tizim yaratiladi. Ichki ishlar vazirligi avtomaktablar va imtihon markazlariga talablarni qayta ko'rib chiqadi, ularga lisenziyalarni o'zi beradi”. Shu bilan birga Ichki ishlar akademiyasi avtomaktablarning metodologiyasi, o'quv dasturi, o'qituvchilarning malakasi va o'qitish sifatini oshirishga javob beradi. Shuningdek, yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi haydovchilar to'g'risidagi ma`lumotlar bazasi va ularning reytingini yuritadi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlariga ichki ishlar boshliqlari bilan birga muammoli joylar, “avariya o'choqlari”dan kelib chiqib, ularni bartaraf etish bo'yicha oylik va choraklik manzilli dasturlarni ishlab chiqish vazifasi qo'yilganligi bois bu borada ham belgilangan tartibda reja ishlab chiqilmoqda.

Bundan tashqari, viloyat va tuman markazlarida yo'l belgilari va ko'rsatkichlari, svetoforlar, yoritgichlar o'rnatish, yo'l chiziqlari chizish, piyodalar yo'lagini belgilash, umuman, yo'l harakati vositalarini tartibga solishga Yo'l harakati xavfsizligi tizimi mas`ul bo'ladi.

Bir so'z bilan aytganda, yo'llar holati va mavjud infratuzilma, avariya o'choqlari va qoidabuzarliklarning oldini olish borasida aniq hamda maqsadli rejalar ishlab chiqilmoqda. Bu kabi ishlarning asosiy maqsadi birinchi navbatda fuqarolarning yo'llardagi xavfsizligini ta`minlash, ularning salomatligini saqlash masalasi turibdi.

– Yo'l harakati qoidalari eskirgani ta`kidlanib, ularni xalqaro standartlar asosida, mutaxassislar va haydovchilar fikrini o'rgangan holda yangilash bo'yicha topshiriq berildi va haydovchilarni tayyorlash va imtihon qilish masalalariga ham alohida e`tibor qaratildi, – deydi O'zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Toshkent shahar Kengashi “Olmazor USTK” unitar korxonasi boshlig'i Sanjarbek Esamuratov. – Shuningdek, yurtimizda avtotransport vositalari yildan-yilga ko'payib, haydovchilarning malaka darajasi va o'zaro hurmati, aksincha, pasayib borayotgani, yo'l-transport hodisalarining 75 foizini 35 yoshgacha bo'lgan haydovchilar sodir etgani ta`kidlandi. “Vatanparvar” tashkilotlarining zimmasiga katta mas`uliyatli vazifa yuklandi. Bugungi kunda haydovchilikka nomzodlarga yo'l harakati qoidalarini o'rgatish bilan bir qatorda ularda ushbu qoidalarga rioya etish bo'yicha ham ko'nikmalarni hosil qilishga alohida ahamiyat bermoqdamiz. Qoidani bila turib atayin buzish yoki qoidalarga bepisandlik bilan qarash, ularni mensimaslik kabi salbiy illatlarga qarshi kurashishimiz kerak. Malakali kadrlar, soha bo'yicha kuchli mutaxassislar, kuchli moddiy texnik ba`zaga ega chuqur bilim va salohiyatli, uzoq yillik tajribaga ega o'quv tashkilotlarida haydovchilarni tayyorlash maqsadga muofiqdir. Avtomototransport vositalari haydovchiligiga tayyorlash o'quv dasturini hamda darsliklarini qayta ko'rib chiqqan holda o'quv dasturlarni yangidan tayyorlash borasida ishlar rejalashtirilib turilibdi. Fuqarolarimizdan haydovchilik guvohnomasini sifatli bilim bera oladigan o'quv tashkilotlarida ta`lim olishini istardim.

Ushbu mavzuda poytaxtimizdagi ko'p yillik tajribaga ega haydovchilarning fikri bilan ham qiziqib ko'rdik:

– Prezidentimiz yo'llarda inson xavfsizligini ta`minlash chora-tadbirlari to'g'risida katta yig'ilishda maktab va bog'chalar oldida tezlik 30 kilometrdan oshmasligi hamda ayrim gavjum ko'chalarda esa tezlik chegarasini hozirgi 70 kilometr soatdan 60 kilometrgacha tushirish zarurgini aytibdi, eshitib xursand bo'ldim, – deydi 40 yillik haydovchilik tajribasiga ega Hikmatilla aka. – Har safar maktab yoki bog'chalarning yonidan o'tayotganimda o'sha joydan tezlikni pasaytirmasdan o'tayotgan haydovchilarni ko'rsam, ko'nglim behuzur bo'ladi. Chunki, har kuni nevaralarimni bog'cha, maktablarga tashlab qo'yaganim bois ulardan xavotir olaman. Yana bir gap, yo'l qoidasiga amal qilib mashinani boshqarib ketayotsang, qayta-qayta signal berib asabiylashishga majbur qiladigan vallomatlar ko'paygan. Prezidentning gapidan so'ng, zora shunday haydovchilarga ham insof berib qolsa.

Bundan 40 yil avval, armiyaga xizmatga ketishdan oldin, qiziqishi, ya`ni xohishga qarab hozirgi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan o'qitilar edi. O'sha vaqtda o'qituvchilar juda qattiqqo'llik bilan haydovchilikni o'rgatishgan. Ularning bir gapi hech yodimdan chiqmaydi. Bu temirni sen boshqarasan. Temirning joni yo'q, gapira olmaydi. Qanday boshqarsang, shunday yuradi, ya`ni beton to'siqqa borib urasanmi, daraxtgami unga umuman qiziq emas. Faqat shuni eslaringdan chiqarmasalaring bo'ldi, deb o'rgatishardi. Qolaversa, har bitta yo'l belgisi nima sababdan o'rnatilgani va qoida nima uchun joriy etilganini hijjalab tushuntirishardi.

Ko'p yillik tajribaga ega bo'lgan haydovchi sifatida aytsam, poytaxtimizdagi svetoforlarning qizil, sariq va yashil chiroqlarining yonishidagi vaqt oralig'ini qayta ko'rib chiqish lozim. Chunki, poytaxtimizda kundan-kunga avtomobillar harakati ko'payib bormoqda. Svetoforlarning o'chib, yonishidagi vaqti esa bir necha yil oldin o'rnatilgan eski “rejim”da ishlamoqda, nazarimda.

– Ma`lum ma`noda, avtotransport vositalarining avariyaga uchrashida o'nqir-cho'nqir yo'llarimizning ham “hissasi” bor, – deydi 72 yoshli Olimjon bobo. – Haydovchilik qilayotganimga ham 48 yil bo'lib qoldi. Haqiqatni aytadigan bo'lsam viloyatlarimizdan ko'ra, poytaxtimizning yo'llari ancha yaxshi. Poytaxtning asosiy yo'llarida bir tomonlama harakatlanadi, bu yaxshi, albatta. Ammo qo'shimcha yo'llarda ikki tomonlama harakatlansa bo'ladi. Aynan o'sha yo'llarda “yama”, ya`ni chuqurcha chiqib qolsa, unga tushib ketmaslik maqsadida mashinani olib qochishingiz natijasida yoningizda harakatlanayotgan yoki to'g'ringizdan kelayotgan avtomobilga to'qnashib ketishingiz mumkin. Shuningdek, o'nqir-cho'nqir yo'lda ketayotganingizda mashinangiz boshqaruvdagi muvozanatini yo'qotadi va avariya sodir bo'lish ehtimoli juda yuqori. Avtomobil yo'llarimizning talabga javob bermasligi ham yo'llarda ko'plab avariyalar bo'lishiga olib kelayotganday. Viloyatlarni poytaxt bilan bog'laydigan asosiy yo'llarga mas`ullarimiz biroz e`tiborliroq bo'lsa, foydadan xoli bo'lmasdi.

Ushbu mavzu bugungi kunning dolzarbligidan foydalanib anchadan buyon o'ylab yurgan bir fikrni aytmoqchi edim. Ya`ni, svetoforlar yo'q joylardagi piyodalar o'tish joylariga ham kameralar o'rnatilsa yaxshi bo'lardi. Boisi, ko'pincha yosh bolali, homilador yo bo'lmasa keksa yoshlilar haydovchilar qachon yo'l berarkan, deb kunning sovug'i yoki issig'ida ancha vaqtgacha kutib o'tirishadi. Qoida bo'yicha ular kutishi kerak emas. Ularga birinchi navbatda “insofli” haydovchilar ko'rishi bilan avtomobilini to'xtatib yo'l berishi lozimdir…

 

Toshtemir XUDOYQULOV,

“O'zbekiston ovozi” muxbiri.

“Ўзбекистон овози”, 16.02.2022, №7

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish