Senatda yetimlarni uy bilan yetarlicha ta'minlamagan hokimlarni jazolash taklif qilindi

 

2015-2019 yillarda O‘zbekistondagi mehribonlik uylari va bolalar shaharchalarida jami 1112 nafar bitiruvchi o‘qishni tamomlagan. Shulardan 449 nafari, ya'ni 40 foizi uy-joy bilan ta'minlangan. Ba'zi senatorlar mazkur ko‘rsatkichni qoniqarsiz deb baholamoqda, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri

Senator Hasan Normurodovning aytishicha, hukumat qarori bilan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turarjoylar bilan ta'minlash tartibi belgilab berilgan bo‘lsa-da, joylarda bu boradagi ahvol qoniqarli emas.

«2015–2019-yillar davomida mehribonlik uylari bitiruvchilarining bor-yo‘g‘i 40 foizi uy bilan ta'minlangani ham bu boradagi holatni ko‘rsatib turibdi.

Shu bois yetimlarni uy-joy bilan ta'minlash masalasiga jiddiyroq yondashish, bu borada hokimlarning mas'uliyatini oshirish, amaldagi qonun hujjatlariga hududidagi yetimlarni turarjoy bilan ta'minlashga barmoq ostidan qaragan, majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan hokimlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha normalar kiritish kerak, deb hisoblayman», – dedi Normurodov 27 fevral kuni Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida.

Qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhamedovaning so‘zlariga ko‘ra, sohaga oid qonun hujjatlarining aksariyati ancha yillar avval qabul qilingan bo‘lib, bugungi kun talablariga javob bermaydi.

«Shu sababli qonun hujjatlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish, jumladan, yetimlar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash to‘g‘risida yaxlit qonun loyihasini ishlab chiqishni hukumat oldiga vazifa qilib qo‘ymoqdamiz», – dedi Dilorom Toshmuhammedova.

Senat tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga uy-joyga muhtoj sifatida ro‘yxatda turgan yetim bolalarga davlat budjeti hisobidan transfertlar ajratish masalasini tezroq hal etish vazifasi yuklatilmoqda.

Senator Jamshid Xo‘jayev «tanganing boshqa tomoni» haqida gapirdi.

«Yetimlarni uy bilan ta'minlash – dolzarb, ijrosini kechiktirib bo‘lmaydigan masala. Lekin tanganing boshqa tomoni ham bor. Bugungi kunda hokimlarning yetimlarni mahalliy budjetdan uy bilan ta'minlashi juda qiyin bo‘lib qoldi. Chunki hududlardagi katta korxonalar to‘laydigan soliqlar respublika budjetiga o‘tib ketdi, tabiiyki hokimliklar ijtimoiy himoya uchun zarur mablag‘larni topishga qiynalishmoqda.

Hozirgi kunda Navoiyda ijtimoiy himoyaga muhtoj 3500 nafar odam uy olish uchun navbatda turibdi. Ularning orasida yetimlar ham bor.

Shu bois yetimlarni uy-joy bilan ta'minlash haqidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish vaqtida hokimliklar turarjoy uchun mablag‘larni qayerdan olishini, ya'ni moliyaviy manbalarni ham aniq ko‘rsatib qo‘yish kerak. Mahalliy budjetdan bu xarajatlarni amalga oshirib bo‘lmaydi, natijada yetimlar vaqtincha yashab turishlari uchun yotoqxonalar yoki boshqa joylarga joylashtirilib qo‘yiladi. Bu esa muammoga yechim bo‘la olmaydi», – dedi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati kengashi raisi Jamshid Xodjayev.

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayevning ma'lum qilishicha, 2011–2019-yillar davomida mehribonlik uylarining 2307 nafar bitiruvchisidan 1024 nafari turarjoyga muhtoj deb topilgan, biroq 2020 yil yanvar holatiga ko‘ra ularning 450 nafari uy bilan ta'minlanib, 574 nafari haligacha o‘ziga berilishi kerak bo‘lgan uylarni kutmoqda.

Xalq ta'limi vazirligi tomonidan Kun.uz'ga taqdim etilgan ma'lumotga ko‘ra, Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Navoiy, Andijon viloyatlarida yetimlarni uy-joy bilan ta'minlash ko‘rsatkichlari qoniqarli emas.

 
← Roʻyxatga qaytish