O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Navoiy viloyati Kengashining V plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya viloyat Kengashi a’zolari, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, hududiy partiya tashkiloti rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Plenumda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturi ijrosi hamda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda Navoiy viloyati tashkiloti va deputatlik birlashmasining faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha vazifalar to‘g‘risidagi masalalar muhokama etildi. Tadbirni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat Kengashi raisi Baxtiyor Toshev olib bordi va kun tartibidagi masala yuzasidan ma’ruza qildi.
Ta’kidlandiki, 2023 yilda partiya guruhi tomonidan partiyaning amaliy Harakat Dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalariga oid muhim masalalarni ko‘rib chiqish maqsadida partiya guruhi yig‘ilishida 40 ta, viloyat Kengashi doimiy komissiyalari yig‘ilishida 25 ta, viloyat Kengashi sessiyasi kun tartibiga 42 ta masala olib chiqilib, muhokama qilingan. Kengash doimiy komissiyalari va sessiyalarida 40 marotaba ijroiya hokimiyati mansabdor shaxslarining hisobotlari eshitilgan. Ijro hokimiyati organlari va mutasaddi tashkilotlarga tegishliligi bo‘yicha 191 ta deputatlik so‘rovlari yuborilgan bo‘lsa, partiya “Jamoatchilik qabulxonalari” ga 288 nafar fuqarolardan murojaatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 253 tasi, ya’ni jami murojaatlarning 98% ijobiy hal etilgan, qolgan 35 ta (2%) murojaatlarning ijrosini nazoratga olingan.
Joylarda aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash va yechim topishda “Deputat mahallada” loyihasi doirasida mahalliy Kengash deputatlari tomonidan joylarda yil davomida 174 marotaba sayyor qabullar o‘tkazilgan. Sayyor qabullarda 3166 nafar fuqarolar ishtirok etib, ular tomonidan 105 ta murojaatlar qilindi, ushbu murojaatlarning 87 tasi ijobiy hal etilishiga erishilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Navoiy viloyati kengashi Ijroiya qo‘mitasi va Xalq deputatlari viloyat kengashidagi partiya guruhining o‘tgan davrdagi faoliyati, viloyat kengashining 2023 yilgi budjeti ijrosi va 2024 yil budjetining asosiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi, shuningdek, partiyaning mahalliy kengashlar faoliyatiga oid masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Plenumda ko‘rilgan masalalar yuzasidan qaror qabul qilindi.