Sadoqatda e’tiqod mujassam

 

Dunyo charxpalagi aylanishda davom etmoqda. Aytishlaricha, bu charxpalak yuz yilda bir to‘liq aylanib o‘tar ekan. Shu davrda insoniyat tarixidagi buyuk o‘zgarishlar, turli muammolar paydo bo‘lar, yechimini izlash uchun fidoyi insonlar ham dunyoga kelar, ezgu ishlar boshida turar emishlar. Bu rivoyatmi yoki haqiqat, bilmadik. Bilganimiz – bu fikrlar mamlakatimizdagi bugungi hayotda o‘z isbotini topayotganday.

Oramizda shunday insonlar borki, ular o‘z baxtlarini odamlarga ezgulik tilash, xalq manfaati yo‘lida xizmat qilish, kamchilik va kamsitishlarga befarq qarab tura olmaydigan, qalb amri faqat adolat sari undaydigan kishilardir. Hozirgi kunda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Marg‘ilon shahar kengashining raisi lavozimida mehnat qilayotgan Muhammadjon Mirzayev o‘zida ana shunday fazilatlarni mujassam etganlardan.

 

Ota o‘giti

Bu inson bilan tanishish bahona biroz suhbatlashish maqsadida uning huzurida bo‘ldik. Suhbat davomida otasi Hamidjon Mirzayevni, uning o‘gitlarini esladi:

“Har kasbniki egallasang, uni sadoqat ila e’zozlagin, kasbing kalomi ila halol xizmatda bo‘lsang, albatta, kamol topasan”. Bu so‘zlar uning hayot mazmuniga aylanganini izhor etdi.

Muhammadjon Hamidjon Mirzayev oilasining to‘ng‘ich farzandi. Ikkinchi jahon urushining faol ishtirokchisi bo‘lgan Hamidjon aka bosh farzandini ma’rifat sohibi bo‘lishini juda-juda xohlagan. Ota o‘gitini o‘zi uchun farz bilgan Muhammadjon o‘rta maktabni tugallagach, hech ikkilanmasdan Farg‘ona davlat pedagogika institutining tarix fakultetiga kirdi.

Studentlik kunlari ortda qolib, mehnat faoliyati boshlandi. Dastlab, Marg‘ilon shahridagi 10-o‘rta maktabda harbiy ta’lim o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. Qariyb qirq yil pedagoglik sohasida fidoyi mehnat qildi.

Muhammadjon Mirzayev Marg‘ilon shahridagi 1-kasb-hunar kollejida dastlab direktor o‘rinbosari, keyinchalik direktorlik qildi. Kollej o‘quvchilarining kasbga bo‘lgan amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishda reja asosidagi amaliy mashg‘ulotlarni mamlakat hamda mamlakatdan tashqarida joylashgan ishlab chiqarish korxonalarida o‘tkazishlariga harakat qilib keldi. Moskva, Sank-Peterburg, Vladimir, Poltava, Xarkov, Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlaridagi to‘qimachilik va tikuvchilik korxonalari bilan shartnomalar imzolab, amaliy natijalar qo‘lga kiritilgandi. Shu sababdan kollej bitiruvchilari malakalarining yuqoriligi ta’minlangan. Ular viloyat, shahar, hatto qo‘shni respublikalar tikuvchilik korxonalariga to‘liq ishga joylashganlar.

O‘quvchilarning yashash sharoitlarini o‘rganish, ota-onalar bilan suhbat, ish o‘rinlarining imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida shahar va qishloqlarda bo‘lib, “aholi yashash tarzini tubdan o‘zgartirish shart”, degan xulosaga keldi.

Shahar obodonchiligi, kambag‘allikni qisqartirish, ish o‘rinlari yaratish, ta’lim-tarbiyani jonlantirishga qaratilgan takliflar bilan chiqdi, faollik ko‘rsatdi. Shu tariqa shahar rahbariyatining ishonchiga kirib borgan bo‘lsa, xalq orasida obro‘ orttirishga erishdi. Muhammadjon Mirzayev bir necha chaqiriq xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi deputatligiga saylangan.

Deputatlik davrlarida ham asosan kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish, bo‘sh ish o‘rinlarini yaratish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar sonini ko‘paytirish, fuqarolarning oilaviy sharoitlarini yaxshilash, yashash maydonlarini kengaytirish kabi insonparvarlik harakatlarini namoyish qildi. Turli mahallalarda istiqomat qilayotgan muhtoj kishilarga nogironlik aravachasi, eshitish moslamalari, hassa va ko‘zoynaklar bilan ta’minlash choralarini ko‘rganligidan barchaning mamnunligi, roziligi xalq xizmatiga bo‘lgan ishtiyoqini yanada orttirib yuborar edi. Burhoniddin Marg‘inoniy ko‘chasi, 193- va 229-uylarda yashovchi 1-guruh nogironlari Ilhomjon Ermatov, Sodiqjon Madoripovlar nogironlik aravachasidan hanuz foydalanadilar.

“Vatan” mahallasidan Munavvarxon Rahmonova o‘ttiz yildan buyon ijarada nogiron farzandi bilan sarson-sargardonlikda yashab kelardi. Bundan ikki yil muqaddam mahallada bo‘lib o‘tgan deputatlik uchrashuvida opa o‘z dardini deputatga bayon qilishga jur’at etdi.

 

Avvalo, fuqaroni ishga joylashtirish chorasi ko‘rildi, bandligi ta’minlandi. Boshpana masalasi qonun-qoidalar asosida yuqori tashkilotlar oldiga ko‘ndalang qo‘yildi. Marg‘ilon shahar hokimi A.T.Ziyavutdinov ham masalani hal etishga ko‘makdoshlik qildi. Natijada M.Rahmonovaga maxsus order asosida “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Zuhro” ko‘chasi 7-uydagi 27- bir xonali kvartira beminnat biriktirib berildi.

“Ko‘nglim o‘rniga tushgandan buyon ishlarim ham yurishib ketdi. O‘zimning ikkinchi haqiqiy hayotimni boshladim”, deydi mamnuniyat bilan Munavvarxon.

 

Ish vaqti – kecha-kunduz

Hikoyamiz qahramoni tom ma’noda jamoatchi inson. U shunday yo‘g‘rilgan. Xalq xizmati yo‘lida vaqt bilan ham hisoblashmaydi. Uning ish soati bir sutka, 24 soat. Deputatlikka saylangan “Yangi hayot” saylov okrugida joylashgan har bir xonadonda yashovchi oila boshliqlarini yoddan biladi, muammoli masalalar kaftining ustida.

Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar kengashi “Reglament va deputatlik odobi” komissiyasining raisi. Shahar kengashida faoliyat yuritayotgan o‘ttiz nafar deputatlarning ijro intizomi, o‘z vazifalariga munosabatlari, muammolarni hal qilish mahoratlarini oshirish, muomala, sessiyalar kun tartibiga oid masalalarni tayyorlash ishlarida o‘z maslahatlari va ko‘magini ayamaydi.

O‘tgan yaqin o‘n yillardan buyon Marg‘ilon shahar hokimiyati “Jamoatchilik nazorati guruhi”ni ham boshqarib kelmoqda. Jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘layotgan barcha kamchiliklarni, qonun buzilishlari, adolatsizlik ko‘rinishlarini bartaraf etishda astoydil harakat qilayotganligi bilan ham ko‘pchilik e’tirofiga muyassar bo‘lgan.

Pensiya tayinlashdagi adashmovchilik, aholini noqonuniy to‘lovlarga undash, nafaqalar, ta’mirlash ishlaridagi nuqsonlarni ustida aniqlab, bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Shahar markazidan oqib o‘tadigan “Pandikan”, “Yangi ariq” va “Jo‘ybozor” anhorlaridagi suvlarning to‘xtab qolayotganligi haqidagi shikoyat o‘rganilib, suvning oqib o‘tishi tartibga solindi. Aholining maroqli dam olishini ta’minlab kelayotgan qadrdon maskanga aylanib ulgurgan, O‘rta Osiyoga dong taratgan istirohat bog‘i keyingi kunlarda qarovsizligi oqibatida e’tirozga sabab bo‘layotgan edi.

Jonsarak inson, tashabbuskor partiya raisining aralashuvi va taklifi bilan shtat birliklari ajratildi. 1938 yili xalq hashari orqali bunyod etilgan, “Orolcha” nomi bilan mashhur suv havzasi, xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilgan “Amfiteatr” rekonstruksiya qilindi, turli dekorativ daraxtlar keltirib ekildi. Shahar mahallalariga keltiriladigan suyultirilgan gaz balonlarini tarqatish jadvali ham joriy etildi.

Keyingi yillarda Muhammadjon Mirzayev tashkilotchilik qobiliyatining yangi qirralari kashf etildi. Unga viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishonch bildirib, o‘zining Marg‘ilon shahridagi vakili etib tayinlash bilan olib borilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlarini nazorat qilish mas’uliyatini ham yukladi. Shahardagi “Orol bo‘yi”, “Do‘stlik”, “Nadirmat”, “Galatoy”, “Yuksalish”, “Navro‘z” mahallalaridagi “Obod mahalla” dasturi, Burhoniddin Marg‘iloniy, Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy ko‘chalarini kengaytirish ishlarini reja asosida amalga oshirishda faol rahbarlik qildi.

 

Boqimanda odam yo‘q

“Orol bo‘yi” mahallasida obodonlashtirishdan tashqari mahalla hunarmandlari uchun sharoit yaratishga ham e’tibor qaratildi. Mahalla charm poyabzal ishlab chiqarishga moslashganligini inobatga olib, bu yerda O‘zbekiston Milliy banki boshqaruvi homiyligida kosibchilikni rivojlantirish “SHOVROOM” o‘quv markazi qurib bitkazildi. O‘quv markazi butun respublika hunarmandlarining malakasini oshirish va ularga kasb-hunar o‘rgatish vazifasini o‘tamoqda. Bundan bir necha oy muqaddam Qoraqalpog‘istondan kelgan 25 nafar yaqin kosiblar malakalarini oshirib ketdilar. Hozirgi kunda mahalladagi yuzga yaqin xonadonlarda bolalar va o‘smirlar charm Poyabzallari tayyorlanayotir. “Hunarmandlar markazi”ga tadbirkor Ziyovuddin Mamajonov rahbarlik qiladi. Uning aytishicha, mahallada bironta ham boqimandalik kayfiyatida yurgan fuqaroni uchratmaysiz. Har oyda 400 ming juftga yaqin, umumiy qiymati o‘n milliard so‘mdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

“Nadirmat” mahallasida ham ibratli ishlar amalga oshirildi. Avvalo, elektr uzatish tarmoqlarini yaxshilash maqsadida yangi zamonaviy tipdagi transformator hamda ko‘cha bo‘ylariga 200 dona temirbeton stolbalar o‘rnatildi. Olti kilometrga yaqin masofadagi toza ichimlik suv quvurlari yangilandi. “Amindaryo”, “Bobodehqon”, “Maktab”, “Nadirmat” va “Dongdor” ko‘chalariga asfalt yotqizildi. Mahalla hududida bo‘sh turgan binoda kosibchilik korxonasi ishga tushirilib, 22 nafar yoshlar bandligi ta’minlandi.

 

Mahallada sanoat zonasi

Shahrimizning “Navro‘z” mahallasi hududida bunyod etilgan “Navro‘z” kichik sanoat zonasi tezkorlik bilan sifatli qilib, barcha texnik va qurilish talablari asosida qurib bitkazilishi hamda Prezident e’tirofiga loyiq bo‘lishida Muhammadjon Mirzayevning katta hissasi bor.

Buni M.Mirzayevga “Do‘stlik” ordenini topshirish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning dil so‘zlaridan ham idrok etish mumkin. O‘nqir-cho‘nqir, tashlandiq bir chekka joyda ancha-muncha shahar markazlarini orta qoldiradigan obod maskan yaratilishi dastlab hech kimning xayoliga ham kelmagan edi. Avvalo, davlatimiz rahbarining odilona siyosati, qolaversa, bu siyosatni o‘z o‘rniga qo‘yib ijrosini ta’minlashga astoydil kirishgan viloyat rahbariyati, obodonchilik tashkilotchilari... Bugungi kunda bu maskanda 22 ta ishlab chiqarish korxonasi faoliyat yuritmoqda. Poyabzal tayyorlash, paypoq to‘quv, shirinlik va konditer mahsulotlari ishlab chiqarish, mineral suvlarni qadoqlash idishlarini presslash, kiyim-kechak, ichki kiyimlar, turli hajmdagi mato va pardalar tikish... To‘qish korxonalarida mahalliy yoshlarning, yigit-qizlarning mahorat bilan quvnoq mehnat qilayotganliklari ko‘zingizni quvontirib, dilingizni ravshan etadi.

 

Mehnat va e’tiqod uyg‘unligi

Tinim bilmaydigan Muhammadjon Mirzayev hali tetik, shijoatga, yaxshi niyatga to‘la, birov bu insonni 75 ga kirgan deyishga iymanadi. Nafaqat shahar, balki viloyat jamoatchiligi orasida bayroqdorlardan. Farg‘onaning “zo‘r”laridan.

Bu inson boshqalarni o‘ylab, mehnat uchun, orzu-maqsadga erishish uchun ko‘mak berib, qo‘llab-quvvatlab, atrofidagilarni ham shunga safarbar etib, shularning hammasidan hayotga mehr va kuch olib yashamoqda. Xalq demokratik partiyasining g‘oyalari ham Muhammadjon akaning chin e’tiqodiga o‘xshab hayotiy, insoniy. Partiyaning Marg‘ilon shahar kengashiga raislikka kelganidan beri qanchadan-qancha yaxshi ishlarning boshida turdi, qanchadan-qancha odamlarga o‘rnak va namuna bo‘ldi. Bu insonning ishi, partiyasi g‘oyasi, hayotiy e’tiqodini bir-biridan ajratib bo‘lmaydi.

U partiya rahbari sifatida shaharda aholi manfaatlarini himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, shahar obodonchiligi, kommunal xizmat ko‘rsatish, tibbiy xizmatni yaxshilash kabi masalalarni partiya tarafdorlari sonini kengaytirish bilan, ularga tayangan holda amalga oshirishga e’tiborini qaratayotir. O‘z takliflarini asoslantirib, yuqori partiya organlari hamda shahar hokimiyati sessiyalari muhokamasiga kiritishga erishmoqda, el manfaatlarini himoya qilmoqda.

Muhammadjon Mirzayevning insonparvarlik, halollik, tashkilotchilik, davlat siyosatini xalq manfaatlari yo‘lida qo‘llay olish mahorati barcha uchun ibrat maktabini o‘taydi. Ana shunday ibrat va shijoat sohibining ko‘ksini bezab turgan “Xalq ta’limi a’lochisi”, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni, davlatimizning yuqori darajadagi mukofoti “Do‘stlik” ordeni uning xalqiga va yurtiga, ezgu g‘oyalarga sadoqati ramzidir.

 

Ro‘zimuhammad Umrzoqov,

Burhoniddin Marg‘inoniy xalqaro jamg‘armasi rayosat a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 24.04.2023, №17

 

 

 

 

 

Teglar

Faxriy Deputat Men OʻzXDPni tanladim Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish