Yangilangan Konstitutsiyamiz yangi huquqiy tizimlarimizga asos bo‘lmoqda

 

O‘tgan yilning 30 aprelida, butun xalqimiz bilan birgalikda umumxalq ovoz berish yo‘li bilan, ya’ni referendum asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz bugun bizga, chin ma’noda, mamlakatimizning yangi huquqiy hayotini belgilab berayotgan oliy yuridik hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yangilangan Konstitutsiyamiz dunyoning rivojlangan davlatlariga xos bo‘lgan “huquqiy davlat”, “ijtimoiy davlat”, “Konstitutsiya ustuvorligi”, “inson huquqlari ustuvorligi” va boshqa shu kabi ko‘plab sifatlarni Yangi O‘zbekistonning tavsiflari deya e’tirof etdi.

Yangilangan Konstitutsiyamizning yana bitta muhim jihati shundan iboratki, unda aksariyat davlatlarning konstitutsiyalarida ham qo‘llanilgan va O‘zbekistonning ham huquqiy hayoti mazmunini jiddiy boyitishga xizmat qiladigan “O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimi” tushunchasining aks ettirilganligidir.

Bu tushuncha, nafaqat mamlakatimiz huquqiy hayoti, xalqaro imijining mustahkamlanishiga xizmat qilishi, balki fuqarolarimiz hayotiga bevosita taalluqli bo‘lganligi uchun ham, uning mazmunini ochib berish, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi roli va ahamiyatini ko‘rsatish dolzarb zaruriyat edi va bugungi kunda barcha fuqarolarimiz, Yangilangan Konstitutsiyamiz asosidagi ushbu ustuvorliklardan o‘z hayotlarida to‘liq foydalanishmoqda.

Yana shuni ham alohida ta’kidlashimiz lozimki, endilikda O‘zbekiston huquqiy tizimi tushunchasi xalqaro huquq bilan konstitutsiyaviy maqom asosida chambarchas bog‘landi, jahon andozalariga to‘laqonli moslashtirildi hamda davlat suvereniteti asoslarini yanada mustahkamladi.

Binobarin, huquqiy tizim tushunchasidagi o‘zgarishlar asosan Konstitutsiyamizning 15-moddasida to‘liq aks ettirildi. Unda “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir”, deb qayd etilgan. Bundan tashqari bu tushuncha Yangilangan Konstitutsiyamizning Muqaddimasida, 15-, 17-, va 19-moddalarida ham aks ettirilganligi bilan ahamiyatlidir.

Barcha sohalarda huquqiy tizimning to‘g‘ri yaratilganligi esa, insonlar va jamiyatimiz hayoti uchun naqadar katta rol o‘ynashini barchamiz yaxshi bilamiz.

Zero bugun, Yangilangan Konstitutsiyamiz asosida bizga yaratib berilgan huquqiy tizimimiz aytish mumkinki, mamlakatimizning ertangi kelajagini, yurtimiz farovonligini, shu bilan birgalikda, xalqimizning o‘ziga xos huquqiy rivojlanishini aks ettiradi.

Demak, huquqiy tizim har bir davlatni tavsiflovchi eng muhim mezonlardan biridir. Aytaylik, biror bir chet davlatga yo‘limiz tushadigan bo‘lsa, eng avval uning joylashgan joyi, poytaxti, aholisining millati, soni va boshqa shunga o‘xshash ma’lumotlarni bilishga harakat qilamiz. So‘ngra uning huquqiy tizimiga xos bo‘lgan qonunchiligi bizda qiziqish uyg‘otadi. Bilamizki, qonunchiligi ustuvor bo‘lmagan davlatga bexatar borib kelish ishonchi bo‘lmaydi. Xavfsizlik va tinchlik kafolatlanmaydi. Shu bois qonunchilik inson huquqlari, xavfsizligi, tartib-intizom, huquqiy madaniyat va boshqa shu kabilarning kafolati bo‘lgani uchun ham odamlar qiziqishining asosiy mezoni bo‘ladi. O‘z navbatida qonunchilik har bir davlat huquqiy tizimi fundamentidir. Butun huquqiy hayot uning ustiga quriladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekiston Respublikasi tarixida misli ko‘rilmagan huquqiy tizimining yangi sifatlarini belgilab berdi. Yangi bosqich huquqiy hayotga asos soldi. Shunga ko‘ra dunyoning ilg‘or huquqiy tizimli davlatlari qatoriga yana bitta davlat – Yangi O‘zbekiston qo‘shildi, deb aytishga to‘liq asos bor.

Konstitutsiyamizga ko‘ra, yangilangan huquqiy tizimimizning butun dunyo miqyosida ko‘z-ko‘z qilish mumkin bo‘lgan, muhtaram yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, eng birinchi haqiqati – bu O‘zbekistonda insonning xalqaro huquq subyekti maqomiga ega bo‘lganligidir.

Darhaqiqat, yangilangan Konstitutsiyamizning 55-moddasiga binoan “Har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli” ekanligi, demak endilikda fuqarolarimizning xalqaro huquq subyektiga aylanganligi ham ayni haqiqatdir.

Insonning xalqaro huquq subyektiga aylanganligining ikkinchi haqiqati Konstitutsiyamizning 19-moddasida ifodalangan. Unga, ko‘ra O‘zbekistonda insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga binoan ham kafolatlanadi, deb belgilangan. Bu holat shuni anglatadiki, yangilangan Konstitutsiya tufayli xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari Yangi O‘zbekiston huquqiy tizimi tarkibiga kiritilib, ilgarigi mavhumlik holatidan amaliy reallikka aylandi. Endigi gap faqat ularni qo‘llay bilishlikdadir.

Yangilangan Konstitutsiya xalqaro huquq normalarining huquqiy tizimga kirishini belgilash orqali O‘zbekiston huquqni qo‘llash organlari va fuqarolarimizning bu boradagi imkoniyatlarini yangi bosqichga ko‘tardi.

Bunga misol ta’riqasida, bugungi kunda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ular bilan doimiy muloqotlar o‘rnatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Shuningdek, so‘nggi yillarda bevosita muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan “inson qadri” tamoyili, yangilangan Konstitutsiyamiz orqali bugun barchamizning hayotimizga to‘lig‘icha kirib ulgurganligini va ushbu tamoyil bugungi kunda xorijda istiqomat qilayotgan yoki vaqtinchalik faoliyat olib borayotgan fuqarolarimiz hayotida ham o‘z aksini topayotganligini alohida qayd etib o‘tmoqchiman.

Ma’lumki, bugungi kunda yer yuzi aholisining soni kundan-kunga ortib bormoqda. Ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarning faol jalb etilayotganligi hamda ba’zi hollarda dunyo taraqqiyotining, davr va zamon shiddati, sharoiti ichidagi nomutanosibligi ham ishchi kuchi migratsiyasining ortib borishiga sabab bo‘lmoqda.

Inson omili, pirovardida har qanday mamlakat taqdirini belgilab beruvchi muhim omildir. Bu esa, turli davlatlarda ishchi kuchining sifat va darajasi turlicha bo‘lishiga olib keladi. Aytaylik, sizu-biz mazkur mavzu yuzasidan fikr-mulohaza yuritayotgan bir paytda Germaniya yoki Hindiston ko‘chalarida faoliyat olib borayotgan turli millat vakillariga mansub ishchi yoki rikshalar AyTi (IT) mutaxassislarini ishga jalb etuvchi o‘z e’lonlarini aylantirishmoqda. Boisi, bugungi kunda, dunyoning eng yirik va qudratli mamlakatlarida, har doimgidanda ko‘proq informatsion texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislarga kuchli ehtiyoj paydo bo‘lgan.

Shu va shu kabi boshqa xalqaro mehnat munosabatlari esa, dunyo miqyosida ayni yo‘nalishdagi kelishuvlar va boshqa ko‘rinishdagi huquqiy asoslar paydo bo‘lishiga xizmat qilmoqda.

Albatta, migratsiyayani yuzaga keltiruvchi omillar turfa xil va ular haqida hozir batafsil to‘xtalmoqchi emasman. Zotan yurtimizda ham har yili minglab fuqarolarimiz turli niyatlar bilan xorijga ketadilar. Boshqacha aytganda, O‘zbekiston mustaqil davlat o‘laroq, migratsiyaya masalada ham xalqaro munosabatlarning to‘laqonli subyekti hisoblanadi.

Biroq, uzoq yillar mobaynida, rasmiyat uchun qabul qilingan xujjatlarni inobatga olmaganda, vatandoshlarimizni o‘zlari qo‘nim topgan davlatda yetarlicha qo‘llab-quvvatlash borasida e’tirof etishga arzigulik ishlarimiz bo‘lmagan.

Xattoki, ba’zi hollarda, ya’ni suhbat orasidagi muloqotlarimiz davomida o‘zimiz ham “migrantlar” yoki “gastrobayterlar” degan atamalarni ko‘nglimiz o‘ksimasdan bemalol ishlatgan paytlarimiz bo‘lgan. Ammo so‘nggi yillardagi eng katta islohotlarimizdan biri, bu Vatandosh tushunchasining ongimiz va shuurimizga yanada chuqurroq kirib borganligi, Vatandoshlarimizning yurtimiz iqtisodiy taraqqiyotiga qo‘shayotgan salmoqli hissasi to‘liq va tom ma’noda davlatimiz tomonidan e’tirof etilganligidir.

Bu borada so‘z ketar ekan, eng avvalo O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 oktabrdagi “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorini alohida e’tirof etish to‘g‘ri bo‘ladi. Zero mazkur qaror bilan, aynan vatandoshlarni qo‘llab quvvatlash borasidagi ishlar tizimlashtirildi va aniq mexanizmlar belgilab berildi.

O‘z navbatida turli sabablarga ko‘ra, ayni paytda xorijda istiqomat qilayotgan va fuqarolik olgan, xatto fuqaroligi yo‘q vatandoshlar bilan ham bo‘ladigan o‘zaro hamkorlik jarayonida ularga davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘bat choralari ko‘rsatilishi mumkinligi belgilandi.

Yurtdoshlarimizni mamlakatimiz tashqarisida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlar bu bilan to‘xtab qolgani yo‘q albatta.

2020 yil 29 dekabr kuni Davlat rahbarining parlamentga qilgan Murojaatnomasida “dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash va ular bilan aloqalarimizni yanada mustahkamlash maqsadida “Vatandoshlar” jamg‘armasini tuzish taklifi bildirildi.

Shu asosda 2021 yil 11 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “«Vatandoshlar» jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori e’lon qilindi.

Bugungi kunda hech shubhasiz, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning eng ulug‘i, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash masalasi Yangilangan Konstitutsiyamizda aks etganligidir.

Xususan, Konstitutsiyaning 23-moddasida:

“O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas.

Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qiladi”, deb belgilab qo‘yildi.

Bu tajriba mustaqil davlatchiligimizda ilk bor kuzatilgani bilan ahamiyatlidir. Zero kim va qaysi maqsadda xorijga chiqishidan qat’iy nazar, ortida Vatani turganligini his etishi fuqarolarimizning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash bilan bir qatorda, Vatanga bo‘lgan ishonchini ham oshiradi, maqsadi sari dadil odimlashini kafolatlaydi.

Xalqimizda “sulton suyagini xo‘rlamas”, degan ajoyib naql bor. Hech ikkilanmasdan aytish mumkinki, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bu islohotlar asrlar osha muqaddas qadriyatlarimizdan biriga aylanib ketgan ushbu qarashning amaldagi in’ikosidir.

Muxtasar qilib aytganda, agar 2016 yilgacha bu sohada faqat 5 tagina qaror qabul qilingan bo‘lgan bo‘lsa, 2017-2024 yillarda, bu borada 40 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar, xorijdagi vatandoshlarimiz huquq va manfaatlarini himoya qilmoqda. Yana bir ma’lumot, agar 1991-2016 yillarda jami 830 ta tadbir tashkil etilgan bo‘lsa, 2017-2024 yillar davomida bu borada 1400 ga yaqin tadbirlar amalga oshirilgan va vatandoshlar bilan aloqalarimizning ko‘lami tobora kengayib borayotganligiga yaqqol misol bo‘lgan.

Xorijdagi vatandoshlarimizni himoya qilishning huquqiy asoslari bilan qiziqar ekanmiz, bu boradagi amaliy natijalar haqida ham bilishni istaymiz albatta. Va quyidagi misollarni keltirishimiz mumkin bo‘ladi.

2017 yilda ilk marotaba Prezident tashabbusi bilan tuzilgan “Vatandoshlar” jamoat fondi dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida yashovchi 10 milliondan ortiq o‘zbekistonliklarni va ular tomonidan yaratilgan 170 dan ortiq madaniyat markazlarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Ayniqsa, pandemiya sharoitida davlatimizning o‘z fuqarolarini himoya qilishga qaratilgan xalqparvarlik siyosati yaqqol namoyon bo‘ldi. 600 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz hamda og‘ir ahvolda qolgan 100 mingdan ziyod fuqarolarmizga chet eldagi diplomatik vakolatxonalarimiz va konsullik muassasalari tomonidan zarur yordamlar berildi.

Shuningdek, “Mehr-5” operatsiyasi tufayli, Suriyadagi urush ketayotgan “qaynoq nuqtalarga” borib qolib, “Al-Hol” lagerida 3 yildan ortiq vaqt davomida ushlab turilgan 24 nafar ayol va 69 nafar bolalar O‘zbekistonga qaytarildi. Misr davlatidan o‘zbekistonlik 117 nafar fuqaro Vatanga qaytarib olib kelindi. Yoki Ukrainada yuz bergan noxush voqealar tufayli, ko‘plab yurtdoshlarimiz juda og‘ir sharoitlarda, katta qiyinchiliklar bilan yurtimizga olib kelindi. Ularga o‘z Vatanida hamma shart-sharoitlar yaratib berildi.

Ta’kidlash joizki, ishlab chiqilgan mavjud normativ-huquqiy asoslarimiz bu boradagi ishlarimiz ko‘lami va natijadorligini sezilarli ravishda kengaytirdi. Pirovardida, bugungi kunda xorijdagi vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha turli mexanizmlar yaratildi va muvaffaqiyatli ishlab kelmoqda. Masalan, yoshlar bilan doimiy muloqotni tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi hamda aytib o‘tganimizdek, "Vatandoshlar" fondi tomonidan samarali faoliyat olib borilmoqda.

Bugungi kunda xorijda ishlayotganlar, xorijdagi yurtdoshlarimizning asosiy qismini tashkil etadi va ular Tashqi mehnat migratsiyayasi agentligi va uning Rossiya Federatsiyasidagi 16 ta hududida, Qozog‘istonning Chimkent shahrida, Janubiy Koreyaning Kvandju shahrida, Turkiyaning Istanbul shahrida doimiy vakolatxonalari orqali qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bundan tashqari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga bo‘ysunuvchi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil etildi.

2023 yil davomida xorijiy davlatlardagi jami 200 mingga yaqin fuqaroga turli xizmatlar ko‘rsatilgan.

Shundan, 171 mingdan ortig‘iga maslahat xizmati, 9700 ga yaqiniga huquqiy, 9000 dan ortig‘iga ijtimoiy, 2000 yaqin fuqarolarimizga esa moddiy yordamlar ko‘rsatilgan.

Shuningdek, 39 nafar fuqaro xorijda vaqtinchalik xostellarga joylashtirilgan, og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan 380 nafar yurtdoshimiz esa O‘zbekistonga olib kelingan.

Albatta, bu natijalar xotirjam bo‘lishimiz uchun yetarli emas.

Zero bu boradagi murojaatlarni tizimli ravishda tahlil qilish orqali, yanada yangi vazifalar bo‘y ko‘rsatishi tabiiy. Muhimi shuki, davlatimiz so‘nggi yillarda bu borada ulkan qadamlarni tashladi va shukrki, ushbu intilishlarimiz hamda sa’y-harakatlarimizning ijobiy natijalarini bugun barchamiz yuqorida qayd etilgan misollar orqali ko‘rib turibmiz.

Aziz O‘zbekistonimiz va O‘zbek xalqining jahonda munosib o‘rin egallashi uchun esa, bundanda katta shijoat va qat’iyat bilan, muhtaram Prezidentimiz ta’birlari bilan aytganda, barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, bir jonu, bir tan bo‘lib, shu yurt, shu aziz el, shu ulug‘ Vatan uchun buyuk maqsadlarimiz yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilishimiz shart va zarur deb o‘ylayman.

 

Zulayho Akramova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish