“Siyosatchi ayol” ko‘rik-tanlovi boshlandi

 

“O‘zbekiston-2030” strategiyasi hamda gender tenglikka erishish strategiyasida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash, partiya Saylovoldi dasturida belgilangan g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etishda partiya safidagi xotin-qizlar salohiyatidan samarali foydalanish, qolaversa, xotin-qizlarning siyosiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, partiya safiga va tizimiga yosh xotin-qizlarni jalb qilish, ularning davlat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston XDP tomonidan “Siyosatchi ayol” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilmoqda.

Qashqadaryo viloyatida tanlovning tuman va shahar bosqichlariga start berildi. Kasbi, Qarshi va Nishon tumanlarida o‘tkazilgan bosqichlarda xotin-qizlar muammosini hal etishning eng samarali yo‘li, siyosiy hozirjavoblik hamda erkin mavzu shartlari orqali faol xotin-qizlarning bilimlari sinovdan o‘tkazildi.

O‘zbekiston XDP Kasbi tuman kengashida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda ishtirok etgan partiyaning 5 nafar faollari 1-shartda o‘z hududlaridan kelib chiqib, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, oilaviy ajrimlar va farzand tarbiyasi, chet elga chiqib ketgan xotin-qizlar va ularning oilaviy hayoti, mahallada xotin-qizlarga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatish masalasini olib chiqishdi.

O‘zbekiston XDP Qarshi tumanidan ham ishtirokchilar hududiy muammolardan kelib chiqib, bandlikni ta’minlashda pillachilikni o‘rgatadigan o‘quv-kurslari tashkil etish, tumanda 18-30 yoshdagi xotin-qizlar bandligini ta’minlash, oilaviy nizolarning oldini olishda qaynonalar bandligini ta’minlash, ajrim yoqasidagi oilalarda farzand tarbiyasi kabi dolzarb muammolarni taqdimot ko‘rinishida namoyish etishdi.

O‘zbekiston XDP Nishon tuman kengashida ham xotin-qizlar bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitishda uzoq hududlar uchun alohida kurslar ochish, xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini oshirish, chekka hududlarda o‘quvlar tashkil etish, tibbiy ko‘riklarni ko‘paytirish masalalarida taqdimotlar qilindi.

Ko‘rik-tanlovda ishtirok etgan faol xotin-qizlar tuman partiya kengashlari tomonidan esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi, g‘oliblar viloyat bosqichiga yo‘l oldi.

 

 

 

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti Loyihalarimiz
← Roʻyxatga qaytish