Deputatning himoyasi kuchaytirilsa, mahalliy kengashlar ishi jonlanadi

 

Shubha yo‘qki, Andijonda ham jasoratli, so‘zi keskir, talablari qat’iy va asosli deputatlar soni oz emas. Bugun ular odamlarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalar yechimi bo‘yicha qanday taklif-tashabbuslarni ilgari surmoqda? Saylovchilar manfaatini ta’minlash, deputatlar, partiyalar guruhlari faoliyati natijadorligini oshirish uchun qanday amaliy chora-tadbirlar qo‘llanilmoqda? Bugun ana shu savollarga javob izlaymiz.

 

— Qonunchiligimizda deputatning maqomi hamda vakolatlariga taalluqli masalalar mustahkamlab qo‘yilgan, ammo bundan to‘g‘ri foydalanuvchilar ham va, aksincha, vakolati doirasidagi tashabbuslarga jasorati yetmay, «och qornim, tinch qulog‘im» qabilida ish tutuvchilar ham bor, — deydi O‘zbekiston XDP Bo‘ston tuman kengashi raisi Matluba To‘ychiyeva. — E’tiborlisi, deputat vakolatlarini yanada kengaytirish choralari davom etmoqda. Yaqinda davlat rahbarining «Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjatni hammamiz o‘qidik, mazmun-mohiyatini angladik. Demoqchi bo‘lganim, bundan buyon faoliyatimizni to‘liq ado etish uchun bahona qolmadi.

Aprel oyida tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyamiz guruhi tomonidan 3 ta masala ko‘rildi. Xususan, «Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmonining tumandagi ijrosi yuzasidan kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi rahbari vazifasini bajaruvchi F. Sobirovning hisoboti tinglandi. Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun yaratilgan tibbiy xizmat holatini o‘rganish yakunlari hamda Prezidentimizning «Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini oshirish ko‘lamini yanada kengaytirish to‘g‘risida»gi qarori ijrosi ko‘rib chiqildi. Har bir masala tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.

Partiyamizdan saylangan deputatlar bilan birga tumandagi maktablarda o‘rganish olib borganimizda, 27 ta umumta’lim muassasasidagi oshxona va bufetlarning 5 tasi ta’mirtalab ekani aniqlandi. Har bir muassasada sharoitdan kelib chiqib, alohida tibbiyot xonasi ajratib berilgan bo‘lsa-da, ular belgilangan tartibda xizmat ko‘rsatmayotir. Ya’ni barcha umumta’lim maktabidagi tibbiyot xonalari tibbiy kushetka, shifokor stoli, tibbiy asbob-uskunalar to‘plami kabi zarur anjomlar bilan to‘liq ta’minlanmagan. Ma’lum bo‘lishicha, tuman tibbiyot birlashmasi hamda maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga ushbu maqsadda kerakli mablag‘ ajratilmagan. Yanada taassuflisi, o‘quvchilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishda asqotadigan dori-darmonlar ta’minotida ham muammolar bor.

Mazkur masala partiya guruhimizda muhokama qilindi va tavsiyaviy xarakterdagi vazifalar ishlab chiqildi. Muammolarning yechimi yuzasidan takliflar tayyorlanib, mas’ullarga yuborildi. O‘rganilgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirildi. Kamchiliklarni bartaraf etishga oid qarorlar tasdiqlanib, ijrosi hamda uning nazorati bo‘yicha mas’ullar belgilandi.

Aslida biz qancha masalani o‘rganib, sessiyaga olib chiqqanimiz muhim emas, muhimi bu urinishlarning natijasiga bog‘liq.

— Yashirib nima qildik, shu paytgacha mahalliy hokimiyat o‘zi chiqargan qarorni o‘zi ijro qildi va o‘z-o‘ziga hisob berdi, — deydi «Bobur XBK» MCHJ direktori, Andijon shahar Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi Shahobiddin Haydarov. – Natijada bu kollegial emas, bir yoqlama qarorlar qabul qilinishiga olib keldi, Kengash fikri bo‘lsa-da, taklif va tashabbuslari yo inobatga olinmadi yoki aytilmay qolib ketdi. Bu holatdan «bezillagan» deputatlar bora-bora gapirmaydigan, katta tashabbuslarga qo‘l urmaydigan bo‘lib qoldi, deb o‘ylayman.

Shunga qaramay, qo‘l qovushtirib o‘tirmay, partiyamizning saylovoldi dasturida ko‘zda tutilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam manfaatlarini himoyalashga harakat qilib kelyapmiz. Imkonimiz, balki «qo‘limiz» yetganicha ularni qiynayotgan masalalarga yechim topishga ko‘maklashyapmiz. Bandlikni ta’minlash, poymol bo‘lgan huquqlarni tiklash, jamoatchilik va deputatlik nazorati borasida ancha o‘zgarishlar, oldinga siljishlar bor.

Yaqinda «Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Prezident qarorining Andijon shahridagi ijrosi o‘rganildi. Unda «Shinam mahalla», «Biotexservis», «Yoyilma shinam xonadonlari», «Sarikuy obod xonadonlar», «Biznes do‘stlik uylari», «Obod dukchi eshon» MCHJ faoliyatiga e’tibor qaratildi. 6 ta boshqaruv servis kompaniyasining 110 nafar ishchi-xodimi, 230 dan ortiq moddiy texnik bazasi mavjud bo‘lib, aholi bilan tuzilgan shartnomalari 40 foizni, majburiy badal to‘lovlarining o‘rtacha tushum miqdori shahar hududida 18 foizni tashkil etadi.

Muammoli masalalar asosan eski, 1991 yilgacha qurilgan ko‘p qavatli uylarda bo‘lib, yuzaga kelgan holatlar aholi tomonidan bartaraf etib kelinayotgan ekan. Boshqaruv kompaniyalari rahbarlari bilan o‘tkazilgan suhbatlarda ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqaro-mulkdorlarning aksariyati to‘lashi lozim bo‘lgan majburiy badallarni to‘lamayotgani shirkatlarning rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgani bildirildi.

Ishchi guruhi a’zolari Andijon shahrining «Yoyilma» MFYdagi 134 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatayotgan «Shinam mahalla» MCHJ boshqaruv kompaniyasi tomonidan obodonlashtirish ishlari yaxshi tashkil etilganiga guvoh bo‘ldi. Bolalar maydonchalari, kattalar uchun sport maydonlari, mashinalar to‘xtash joylari tashkil etilgan, daraxtlar va gullar ekilgan, maishiy chiqindilarni maxsus joylarga olib borish uchun texnikalar mavjud. Kommunal sohada paydo bo‘ladigan avariyalarni tezkor bartaraf etish uchun mutaxassislar navbatchiligi tashkil etilgan.

Shahardagi 663 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatuvchi «Biotexservis» MCHJ boshqaruv kompaniyasi tomonidan ham ko‘p qavatli uylar mulkdorlariga zarur xizmatlar ko‘rsatib kelinayotgani aniqlandi.

Ko‘p qavatli uylarda yashayotgan fuqarolar bilan ochiq muloqotlar davomida ularning aksariyati boshqaruv kompaniyasining vazifasi, badal nimalarga asosan belgilanishi, zarurat paydo bo‘lganda kimga murojaat qilish kerakligi kabi birlamchi ma’lumotlarga to‘la ega emasligi ma’lum bo‘ldi.

Yana bir holat - bu mulkdorlar umumiy yig‘ilishini o‘tkazish va qarorlarni rasmiylashtirish (shu jumladan, imzo qo‘ydirish) masalasi bo‘lib, boshqaruv kompaniyasi vakili «Shu hujjatlarga imzo qo‘yib berishsin», deb MFY xodimiga rasmiy hujjatlarni berishar, fuqarolar esa surishtirmay imzo qo‘yib beraverar ekan. Qarabsizki, tushunmovchiliklar shu yo‘sinda kattalashib, muammoga, hatto turli nizolarga ham sabab bo‘lmoqda.

O‘ylaymanki, bu kabi masalalar boshqa hududlarda ham bor. Ularni hal qilishda faollik ko‘rsatishimiz, bevosita vakolatimiz doirasidagi vazifalarni sidqidildan bajarish orqali odamlarning bugungi kundan rozi bo‘lib yashashiga ko‘maklashishimiz zarur. Zero, xalq vakili deputatlikka saylangan kundan boshlab saylovchilar oldida hisobdor bo‘ladi.

— Mahalliy Kengashlar va ularning faoliyatiga oid masala og‘riqli tomonlarimizdan biri, afsuski, — deydi Baliqchi tumani 43-umumta’lim maktabi direktori, tuman kengashidagi ijtimoiy-madaniy masalalar bo‘yicha doimiy komissiya raisi, O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi Odinaxon Nazarova. — Hozirgi kunda saylovchilar manfaatlarini himoya qilish uchun o‘zining funksional vazifasidan ortib, jamoatchilikka asoslangan deputatlik faoliyatini olib borish oson emas. Ammo buni imkon qadar uddalayapmiz.

Shu joyda bir misol keltirsam. Gap shundaki, bir ayol sobiq turmush o‘rtog‘ining vafoti oldidan vasiyatnoma yozdirib olgan. Uy kadastr hujjatlarini ham to‘g‘rilagan va o‘gay o‘g‘lini shu uydan chiqib ketishini talab qilgan. O‘rganishlar davomida kadastr hujjatidagi qo‘pol xatoni topdik va ma’muriy sudga murojaat yo‘lladik. Kadastr xodimi 15 va 18 sotixli, qo‘rg‘on devori, darvozasi va xo‘jaligi boshqa bo‘lgan ikkita hovli uchun bitta hujjat qilib bergan. 15 sotix uyning egasi, ya’ni ayolning o‘gay o‘g‘li bundan bexabar bo‘lgan. Sud adolatli qaror chiqarib, naqd o‘n yillik janjalga barham berildi.

Aniqki, joylardagi ijro hokimligiga uning qarorlariga qarshi chiqqan deputat yoqmaydi. O‘z navbatida ijro organining kamchiligini aytish yoki ularning fikrini, hisobotini inkor etish mahalliy Kengash deputati uchun o‘z-o‘ziga choh qazish bilan barobar. Mahalliy Kengashlar ishini jonlantirish uchun esa deputatlar himoyasini kuchaytirish maqsadga muvofiqdir.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 8.05.2023, №19

 

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish