O‘zaro tajriba almashishda o‘ziga xos platforma

 

Samarqand shahrida “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusida bo‘lib o‘tgan Osiyo ayollar forumi 30 dan ortiq davlatdan kelgan 80 dan ziyod nufuzli mehmonlarni bir safda jamlagani bilan e’tibor molik.

Jahon miqyosida siyosiy-iqtisodiy beqarorlik holati davom etayotgan bir paytda mamlakatimizda mazkur nufuzli xalqaro forumning tashkil etilgani ham yurtimizda xotin-qizlar huquq va erkinliklarini ta’minlash masalasi ustuvor vazifa ekanligidan dalolat beradi.

Osiyo mintaqasi davlatlari yetakchi ayollarining davlat va jamiyat boshqaruvi hamda iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish bo‘yicha o‘zaro hamkorligi va tajriba almashinuvi ushbu forumning ahamiyatini yanada oshirdi.

Forum ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston parlamenti yuqori va quyi palatalarida, mahalliy Kengash deputatlari tarkibida, ijro organlarida ayollar o‘rni ortib borayotgani qayd etilib, bugun ayol vazirlar, vazir o‘rinbosarlari, hokimlar va hokim o‘rinbosari, yirik nodavlat notijorat tashkiloti rahbari lavozimida samarali mehnat qilayotgani e’tirof etildi. Zero, parlamentdagi ayol vakilalar xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga ta’sir etishda muhim rol o‘ynaydi. Ular o‘z mamlakatidagi ayollarning dardu-tashvishi, bugungi kundagi qiziqishlari va intilishlaridan xabardor bo‘lgani bois, xotin-qizlarga oid siyosatni ishlab chiqish, ustuvorliklarni belgilash va Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishga hissa qo‘shadigan kuchli qonunchilik bazasini yaratishda faol ishtirok etadi.

Bugungi kunda ham global miqyosda, ham Osiyo qit’asi mamlakatlarining milliy strategiyalari doirasida parlament tashabbuslari orqali xotin-qizlarning iqtisodiy hayotdagi faolligini oshirishga qaratilgan muhim yutuqlarga erishilayotganini alohida qayd etish joiz.

Bunday yuqori darajadagi tadbirlarni o‘tkazish tashabbusi xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega bo‘lishga intilayotgan Yangi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega. Zero, xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor qaratish orqali O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatga ushbu masalaga jiddiy yondashayotganini namoyish etmoqda.

Binobarin, so‘nggi yillarda yurtimizda ayollarga davlat va jamiyat taqdiriga daxldor qarorlarni hayotga tatbiq etish, xususan, qonunlarni ishlab chiqish, qabul qilish, islohotlarni amalga oshirish jarayonlarida bevosita qatnashishi uchun keng yo‘l ochildi. Bu ayol-ku, ertaga qiynalib qolishi mumkin, degan tushuncha tarixda qoldi.

Forumning parallel sessiyalarida xalqaro tashkilotlar va Osiyo mamlakatlari parlamentlari rahbarlari tomonidan bildirilgan fikrlar, ilgari surilgan takliflar yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga berilayotgan yuksak baho bo‘ldi.

Umuman olganda, ushbu xalqaro tadbir mintaqa davlatlari xotin-qizlarining salohiyatini ro‘yobga chiqarish va bu boradagi tajriba almashish masalalarini muhokama qilish uchun o‘ziga xos muloqot maydoni bo‘ldi. U nafaqat xorijiy davlatlar qonun chiqaruvchi organlari, balki mamlakatimiz parlamenti uchun ham foydali bo‘lib, bu boradagi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surishda hamda o‘zaro tajriba almashishda o‘ziga xos platforma vazifasini bajardi, desak yanglishmaymiz.

 

Dilbar MAMAJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish