AYOL BO‘LISH SHARAF, O‘ZBEK AYOLI BO‘LISH YANADA SHARAF!

 

To‘g‘risi, hech qachon bunchalik hayajonlanmaganman va hech qachon o‘zimni bunchalik baxtli his etmaganman.

Tantanali marosimda Prezidentimiznin biz, ayollarni,  onalarni e’zozlab aytgan so‘zlari yuragimni titratdi, g‘ururimni oshirdi. Buning ustiga, davlatimizning yuksak mukofotiga munosib ko‘rilganim va bu mukofotni Prezidentimiz qo‘lidan olganimdan quvonchim cheksiz. Hayotimdagi bu tarixiy voqeaning sharafi va mas’uliyatini ham yaxshi anglab turibman.

Quvongan, g‘ururlangan birgina men emas, albatta. Mamlakatimizda biz, ayollarga ko‘rsatilayotgan mehr va e’tiborni hammamiz ko‘rib, bilib turibmiz.

Ayollar ijtimoiy faolligini oshirish, ularning salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish, qiyin ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan beqiyos ishlar   ayollarimizni yangi marralar sari ruhlantirmoqda. Fikrimiz tasdig‘i sifatida, ayni paytda yurtimizda ilm-fan, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash hamda madaniyat va san’at sohalarida mehnat qilayotganlarning 72 foizi xotin-qizlar ekanini eslash kifoya. Bugun turli sohalarda jami 1 388 nafar ayol rahbar borligi ham fikrimizni tasdiqlaydi. 

O‘z navbatida kam ta’minlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 5 mingta oilaga, jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarga ipoteka krediti asosida arzon uy-joy sotib olish uchun 116 milliard so‘mdan ziyod boshlang‘ich badal to‘lab berildi.

E’tirof etish kerakki, kam ta’minlangan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar to‘lanishi belgilab qo‘yildi. Demak,  2020 yil ham minglab opa-singillarimiz hayotida o‘chmas iz qoldiradi.  Binobarin, yil davomida 1 ming 576 nafar xotin-qizga yangi uy-joyga ega bo‘lishi uchun byudjet hisobidan boshlang‘ich badal to‘lab berilishi ko‘zda tutildi.

Davlatimiz rahbarining Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqi  ham butun ma’no-mazmuni bilan yurtimiz ayollarini e’zozlashga, qadrlashga qaratildi. 

Prezidentimiz  joylardagi ijtimoiy muammolarni hal etishga oid tadbirkorlik tashabbuslarini, ayniqsa, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat berish zarurligini ta’kidladi. Bu esa ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lib qolgan, ammo o‘z g‘oyasi va tashabbusiga ega ayollar hayoti farovonligi oshishida yana bir muhim yo‘nalish bo‘ladi. 2020 yilda 5,5 ming nafar xotin-qizning kichik biznes yo‘nalishidagi loyihalariga beriladigan 100 milliard so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit albatta, yana minglab qizlar va ayollar uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga zamin bo‘ladi.

Prezidentimiz O‘zbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda ayollar soni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetgani, mamlakatimiz parlamenti ayol deputatlari soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta milliy parlament o‘rtasida 37-o‘ringa ko‘tarilganligini alohida g‘urur bilan ta’kidlab o‘tdilar.

Ayni paytda esa, keng jamoatchilikning e’tiboridagi yana bir masala bir qator tumanlarda ayollar hokim sifatida ish boshlanayotganidir. Albatta, tarixda bo‘lmagan bunday evolutsion o‘zgarishga munosabat turlicha bo‘lishi tabiiy. Ammo barcha sohalarda yetuklikka erishib kelayotgan opa-singillarimiz bu borada ham chinakam To‘marislar avlodi ekanini amalda namoyish qilishadi. Buyuk bobokalonimiz Amir Temur bir-necha yillik safarlarda bo‘lgan paytlarida saltanat barqarorligini ta’minlashga Bibixonimning qo‘shgan hissasini eslatsak, fikrimiz yanada asoslanadi. 

Bugun biz parlament zimmasida qandaymas’uliyatli vazifalar turganini yanada yaxshi anglab turibmiz. Bu ishlarda o‘z so‘zimiz va mavqeimiz bo‘ladi, albatta.

 

Zulayho AKROMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Do‘stlik”  ordeni sohibasi.

"O'zbekiston ovozi"

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish