O‘zbekiston — manfaatli hamkorlik tashabbuskori

 

17 may kuni «Ko‘ksaroy» qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Qarorgoh oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi.

Uchrashuv avvalida Malayziya hukumati rahbari Prezidentimizga Malayziya Podshohi Sulton Ibrohimning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazib, delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan iliq va samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi.

Muzokaralarda O‘zbekiston bilan Malayziya o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari so‘nggi 16 yilda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi davr ochayotganini ta’kidladi.

– Malayziya nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida, balki jahon miqyosida katta salohiyatga ega bo‘lgan, jadal o‘sib borayotgan davlatdir. Mamlakatingiz bilan aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish asosiy maqsadimiz hisoblanadi, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, gumanitar va ta’lim dasturlarini amalga oshirish, turizm va madaniy almashinuvni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida amaliy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Binobarin, o‘tgan yil yakuni bo‘yicha ikki davlat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi ikki baravardan ziyodga o‘sdi, qo‘shma korxonalar soni ortib bormoqda, Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasidagi aviareyslar ko‘paymoqda.

Tashrif doirasidagi O‘zbekiston–Malayziya biznes forumi investitsiyaviy sheriklikni kengaytirishga, innovatsiyalar, sanoat, yashil energetika, neft-kimyo, elektr texnikasi va elektronika, farmatsevtika va boshqa sohalarda yetakchi kompaniyalar kooperatsiyasiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Ushbu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimiz O‘zbekiston–Malayziya sanoat zonasini tashkil etishga tayyor ekani ta’kidlandi. Qishloq xo‘jaligida, jumladan, suvni tejash texnologiyalarini joriy etish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, "Halol" standartlari bo‘yicha sertifikatlashtirish masalalari bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Axborot texnologiyalari, kambag‘allikni qisqartirish va transport bog‘liqligini kengaytirish sohasidagi sheriklik masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonga malayziyalik sayyohlarning oqimi tez sur’atlarda o‘sib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Ziyorat turizmi bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, “Umra plus” loyihasini ilgari surish hamda yoshlarimiz o‘rtasida muloqotni mustahkamlash chora-tadbirlariga ham ahamiyat berildi. Yetakchilar Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari hamda Afg‘oniston masalasi yuzasidan fikr almashdilar. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Qo‘shilmaslik harakati doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

"Markaziy Osiyo + ASEAN" formatida tashqi ishlar vazirlari muloqotini tuzish taklifini ko‘rib chiqish tashabbusi ilgari surildi. Ishonchli, ochiq va do‘stona muhitda o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Malayziya Bosh vaziri Ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonotni imzoladilar.

 

«O‘zbekiston ovozi», 22.05.2023, №21

 

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish