Aholi salomatligini mustahkamlashga oid ustuvor vazifalar belgilab olindi

 

Yaqinda Prezidentimiz Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va yangi takliflar taqdimoti bilan tanishish jarayonida birlamchi bo‘g‘in va tez tibbiy yordam tizimini takomillashtirish, davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish, dori-darmonlar xaridini tartibga solish borasida ishlab chiqilgan takliflar atroflicha tahlil qilinib, ushbu yo‘nalishda muhim vazifalar belgilab berilgan edi.

Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xususan, Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha parlament komissiyasi tomonidan asosiy vazifalar, jumladan, sohada olib borilayotgan ishlarning huquqiy asosini mustahkamlash, joylarda parlament nazoratini ro‘yobga chiqarishga oid ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda bu haqda batafsil so‘z yuritilib, mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Yig‘ilishda, shuningdek, “BMTning “2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga erishish (3.1, 3.2 va 3.7-vazifalar ijrosi), xususan, “Onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash borasida Sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan ishlar holati”ni Samarqand va Farg‘ona viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, BRMning 3-maqsadi (3.1, 3.2 va 3.7-vazifalari) onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlashga qaratilgan. Xususan, 2030 yilga borib onalar o‘limi ko‘rsatkichini uchdan birga kamaytirish, chaqaloqlar va 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi ko‘rsatkichini 2 barobar qisqartirish, jinsiy va reproduktiv salomatlikni saqlash bo‘yicha to‘liq qamrovni ta’minlash, jumladan, oilani rejalashtirish, qizlarning nikoh yoshini 18 gacha ko‘tarish, milliy strategiya va dasturlarda reproduktiv salomatlik masalalarini inobatga olish belgilab qo‘yilgan.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha zarur huquqiy asos yaratilib, mavjud qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Misol uchun, Oila kodeksiga tegishli o‘zgartirish kiritilib, qizlar uchun nikoh yoshi o‘n sakkiz yosh etib belgilangan.

Yig‘ilishda o‘tgan davrda mamlakatimizda onalar va bolalar salomatligi muhofazasiga oid salmoqli ishlar bajarilganiga urg‘u berildi. Masalan, bugungi kunda respublikamizdagi 18 mln. nafardan ortiq ayollarga 22,3 ming o‘ringa ega 229 ta tug‘ruq muassasalari, 18 yoshgacha bo‘lgan 11 milliondan ziyod bolalarga esa 13,3 ming o‘ringa ega 245 ta pediatriya muassasalari xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Shu bilan birga, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda “Ayollar maslahatxona”lari, “Bolalar bo‘limlari”, “Prenatal skrining xona”lari, “Onko-nazorat xona”lari faoliyat yurityapti.

Bundan tashqari, 46 ta tumanlararo perinatal markazlari 8 turdagi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

Respublika bo‘yicha hisobga olingan homiladorlarda o‘tkazilgan prenatal skrining tekshiruvi natijalaridan kelib chiqib esa, 2021 — 2023 yillarda 70 mingdan ziyod holatda homilasida turli nuqsonlar aniqlangan ayollarning aksariyatida homiladorlik to‘xtatilib, tug‘ma nogiron bolalar tug‘ilishining oldi olindi.

Munozaralar davomida sohani raqamlashtirish, xususan, “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona” tizimlarining huquqiy asoslarini mustahkamlash, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarining to‘liq yo‘lga qo‘yilishini ta’minlash, onalar va go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichini sezilarli darajada kamaytirishga qaratilgan choralarni kuchaytirish, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish holatlarini bartaraf etish lozimligi qayd etildi.

Muhokamalar jarayonida tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish, qonunlarga sohani raqamlashtirish, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini keng joriy qilish, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni ta’qiqilashga qaratilgan normalar kiritish, irsiy yoki tug‘ma nuqsonlar aniqlangan holatda nogiron bola tug‘ilishining oldini olishga qaratilgan qator taklif va tavsiyalar berildi.

Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish