Kambag‘al oilalar kamaydi(mi)?

 

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda dunyoda 1,2 milliard odam kambag‘allikda hayot kechirgan. O‘zbekistonda-chi? Ochig‘i, 2020 yilgacha bu haqida oshkora so‘z yuritilmadi, muhokama qilinmadi. Aslida kambag‘allar yo‘q edimi? Bor edi, albatta. Ammo hech kim O‘zbekistondagi kambag‘allar soni haqida aniq bilmasdi. Chunki yillar davomida bu atama ham, mamlakatda kambag‘al qatlam borligi ham tan olinmagan.

Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, deydilar. Uzoq vaqt yopiq bo‘lgan kambag‘allik mavzusi sekin-asta, ayniqsa, pandemiya davrida suv yuzasiga qalqib chiqa boshladi. Dunyoning «mana-man» degan davlatlarini ham boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ygan pandemiya, karantin cheklovlari ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning birlamchi ehtiyojlarini qondirish masalasi jiddiy ekanini amalda ko‘rsatdi. Kambag‘allik holatiga tushib qolishdan ko‘ra, undan chiqib ketish qiyinroq ekani yanada oydinlashdi.

2020 yilga kelibgina O‘zbekiston rahbari rasmiy minbardan turib, mamlakatda kambag‘allik darajasi va unga qarshi kurashish haqida gapirdi. O‘shanda mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 12-15 foiz atrofida ekani ma’lum qilindi. Bu 4-5 million nafar aholi yetarli daromad manbaiga ega emasligini, ijtimoiy himoyaga muhtojligini bildiradi. To‘g‘ri, kambag‘allik har qaysi zamonda bo‘lgan va bugun har bir mamlakatda bor. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Asosiy masala kambag‘allikka qarshi qanday kurashilishi, davlat va jamiyatning sa’y-harakatlari birlashishi, aniq maqsadga yo‘naltirilishida. Shularni inobatga olib, kambag‘allikni qisqartirish masalasi kun tartibiga chiqdi.

 

O‘zbekiston kambag‘allikka qarshi qanday kurashmoqda?

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi aynan ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlam bilan ishlash jarayonlarini tartibga solish uchun maxsus tashkil etildi. Xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda 2030 yilgacha Kambag‘allikni kamaytirish strategiyasini ishlab chiqishga qaror qilindi.

Joylardagi davlat va jamoatchilik vakillari bilan birgalikda ijtimoiy daftarlar tashkil etilib, ehtiyojmand, moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Hududlarda kambag‘allik darajasini qisqartirish, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, aholini kasbga o‘qitish tizimini takomillashtirish hamda muhtoj qatlamni manzilli qo‘llab-quvvatlash umummilliy harakati sifatida belgilandi.

2021 yilda O‘zbekistonda ilk bor «kambag‘allik» tushunchasining huquqiy asoslari belgilandi. Unga ko‘ra, aholining minimal ijtimoiy standartlari va kambag‘allik chegarasi aniqlab olindi. Oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash uchun jon boshiga to‘g‘ri keladigan bir oylik daromad mezoni minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga, ya’ni kambag‘allik chegarasiga tenglashtirildi.

Minimal iste’mol xarajatlari (30 turdan ortiq oziq-ovqat va nooziq ovqat tovarlar hamda xizmatlar qiymati) kambag‘allik mezoni sifatida qabul qilinib, jon boshiga bundan kam daromadga ega bo‘lgan oilalarga kam ta’minlanganlik nafaqasi to‘lanadigan bo‘ldi.

Yana bir muhim masala. Mamlakatda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi qabul qilingan. O‘zbekiston Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning barcha hududlarda bo‘limlari, shuningdek, respublikaning har bir shahar va tumanida «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etildi.

Minimal iste’mol xarajatlariga asoslangan milliy kambag‘allik chegarasi tasdiqlandi.

 

Ma’lumot uchun:

O‘zbekistonda kambag‘allikning yangi o‘lchovi sifatida minimal iste’mol xarajatlari joriy qilindi. Uning miqdori 2021 yilda 440 ming so‘mni tashkil etgan, 2022 yil yanvaridan boshlab esa 498 ming so‘m deb belgilandi. Keyinchalik bu miqdor 2023 yil iyul oyida 498 ming so‘mdan 568 ming so‘mgacha, 2024 yilning yanvarida esa 568 ming so‘mdan 621 ming so‘mgacha oshirildi. Joriy yilning 1 mayidan elektr energiyasi va gaz tariflarining qimmatlayotgani fonida esa 648 ming so‘mga yetkazildi.

 

Jahon banki: O‘zbekistonda kambag‘allik sezilarli darajada qisqargan

Yaqinda Jahon banki «O‘zbekistonning kambag‘allikni qisqartirish yo‘li: xalqaro taqqoslash dasturi xulosalari» blogini e’lon qildi.

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2015-2022 yillarda kambag‘allik darajasi 2 barobarga qisqarib, Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yaxshi ko‘rsatkichlardan birini qayd etgan. Xususan, mamlakatda kambag‘allik darajasi 2015 yildagi 36 foizdan 2022 yilda 17 foizgacha pasaygan. Bu ko‘rsatkich Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi umumiy natijalarga nisbatan yaxshiroq. Ushbu davrda umumiy miqyosidagi ko‘rsatkich 13 foizdan 8 foizgacha kamaygan.

Milliy kambag‘allik chegarasi (minimal iste’mol xarajatlari) asosida hisoblangan kambag‘allik darajasi 2021 yildagi 17 foizdan 2023 yilda 11 foizgacha pasaygani keltirilgan.

Jumladan, 2021-2023 yillarda qishloq joylarida 1,2 mln. (kambag‘allik darajasi 2021 yil – 19,8 foiz; 2023 yil – 12 foiz) va shaharlarda 400 ming (13,9 foiz; 10,1 foiz) aholi kambag‘allikdan chiqarilgan. Bunda qishloq hududlarda kambag‘allikning qisqarishi shaharlarga nisbatan tezroq kechgan.

«Uy xo‘jaliklari daromadlarining o‘sishi qashshoqlikni kamaytirishning asosiy omili bo‘ldi. Ish haqining o‘sishi kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha erishilgan yutuqlarning 60 foizini tashkil etdi. Keyingi eng muhim omil ijtimoiy transfertlardir, chunki hukumat aholining ayrim guruhlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha asosiy dasturlarni modernizatsiya qildi va kengaytirdi. Shu bilan birga, pensiya ta’minotining yaxshilanishi ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi», deyiladi JB blogida.

 

Tadqiqot: O‘zbekistonda bolalar kambag‘alligi darajasi haqida...

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi UNICEF bilan birgalikda O‘zbekistondagi bolalarning monetar kambag‘alligi darajasini baholadi. Tadqiqotda ijtimoiy himoya tizimining kambag‘allik darajasiga ta’siri tahlil qilindi.

O‘zbekistonda uch yil ichida bolalar kambag‘alligi 7,8 foiz punktga kamaydi. Qishloq joylarda bolalarning kambag‘allik darajasi 24,6 foizdan 14,5 foizgacha, shaharlarda esa 18 foizdan 13 foizgacha pasaygan.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, bolalar kambag‘alligi darajasi eng past bo‘lgan hududlar Navoiy viloyati va Toshkent shahri bo‘lsa, bu borada yuqori ko‘rsatkich Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga to‘g‘ri kelgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ijtimoiy nafaqalar bo‘lmasa, mamlakatda bolalar kambag‘alligi darajasi 1,6 baravar oshadi.

 

Deputatlar nima deydi?

Odamlarga yoppasiga kredit berish yoki pul tarqatish bilan kambag‘allikni yengib bo‘lmasligini isbotlashga hojat yo‘q, albatta. Aksariyat kambag‘al oilalarda mehnatga layoqatli insonlarimiz bor. Ular ishga joylashsa, bu o‘z-o‘zidan oilalar daromadi oshishiga xizmat qiladi. Shu tariqa oila kambag‘allikdan chiqadi.

Biz hududlardagi haqiqiy holatga nazar tashlaymiz. Aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha Xalq demokratik partiyasining tashabbuslari haqida nima deyish mumkin?

Ushbu savollar bilan O‘zXDP Markaziy Kengashi mas’ul xodimlari va deputatlarga yuzlandik.

 

Sherzod RAHMONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va ishsiz fuqarolarni davlat hisobidan malakali kasb-hunarga o‘qitish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ehtiyojmand aholini manzilli qo‘llab-quvvatlash orqali 2026 yilgacha kambag‘allikni ikki barobar qisqartirish ko‘zda tutilmoqda. Bu juda katta va tarixiy ahamiyatga ega marra. Mazkur natijaga erishilishi mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samarali amalga oshirilishini ham anglatadi. Ya’ni, kambag‘allik ikki barobar qisqarishi juda ko‘plab sohalarda haqiqiy o‘sish bo‘lganining kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

Aslida kambag‘allikka barham berish juda katta qamrovga ega bo‘lgan masala hisoblanadi. Bunda kimgadir ijtimoiy nafaqa yoki uy berish bilan muammo o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi. Bu iqtisodiy infratuzilma bilan birga investitsiya yo‘naltirish, bandlik bilan bog‘liq barcha muammolarni yechish, ta’limni rivojlantirish kabi kompleks choralarni talab etadi.

Xo‘sh, tizimdagi ishlarga nazar tashlasak, haqiqiy manzara nimalarni ko‘rsatadi?

2022 yildan boshlab mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish maqsadida aholini ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 2022 yilning boshida 9 ming hokim yordamchilari tayinlanib, ularga o‘zlariga biriktirilgan mahallada uyma-uy yurish orqali kambag‘al va daromadi past bo‘lgan aholi bandligiga ko‘maklashish, tadbirkorlikka o‘rgatish va kasb-hunarga o‘qitish, subsidiya va kreditlar olishi kabi yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatish vazifalari qo‘yildi. Ular tomonidan ehtiyojmand aholi daromadini oshirish maqsadida xonadonbay o‘rganish asosida 36 ta turdagi xizmatlar, shundan 21 turdagi subsidiyalar hamda Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida imtiyozli kreditlardan foydalanilmoqda.

Mahallalardagi hokim yordamchilari ko‘magida 2023 yilda jami 4,1 mln aholi, shundan 2,3 mln nafari doimiy va mavsumiy ish o‘rinlarida, 112,8 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlarida, 1,6 mln. aholi o‘zini o‘zi band qilish hisobiga bandligini ta’minlashga erishildi.

Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlarini o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida jalb qilish va ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish natijasida «20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis» dasturi ishlab chiqilib, buning doirasida 6 745 ta tadbirkorlik subyekti bilan 455,0 ming nafar aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Biz joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlarga borganimizda muntazam ravishda bu masalani o‘rganib boramiz. Hokim yordamchilari bilan uyma-uy yurib, joylardagi haqiqiy vaziyat qandayligini o‘rganamiz, murojaatlarni ko‘rib chiqamiz.

 

Olim RAVSHANOV,

O‘zXDP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhi rahbari:

– Kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish mahalliy Kengashlardagi deputatlarimizning doimiy diqqat-e’tiborida turibdi. «Mahallabay» va «Fuqarobay» o‘rganishlar asosida bu borada doimiy tarzda nazorat-tahlil ishlari olib borilmoqda.

Yaqinda deputatlar bilan birga hududlarda bo‘lganimizda ijtimoiy daftarlarga kiritilgan aholining muammolari o‘rganildi. To‘g‘ri, aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rilyapti. Odamlarga yer, tikuv mashinasi berilyapti. Bu yaxshi, albatta. Lekin keyin-chi? Bu bilan o‘zini o‘nglab ketolmayotgan fuqarolar bor. Shunday odamlarimiz bor, kasb-hunar o‘rganadi, ishga kelganda har xil bahonalar qiladi, «daromad kam», «ota-onam ruxsat bermadi», kabi bahonalarni ro‘kach qilishadi. Kasb-hunarni puxta o‘zlashtirsa, ishda muammo bo‘lmaydi-ku. Bu shuncha sa’y-harakat havoga sovurildi, degani emasmi?

Saylovchilar bilan suhbatlashganimizda bunga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Tomorqasidagi yerdan oqilona foydalanmay kelayotganlar ham ko‘p. Shuning uchun targ‘ibot-tushuntirish ishlarini kuchaytirishga e’tibor beryapmiz.

Shuningdek, «Har bir oila — tadbirkor» dasturi shartlari asosida tijorat banklari tomonidan dehqon va fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi boshqa korxonalarga yer maydonida kichik intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilikni rivojlantirish, poliz, dukkakli, moyli ekinlar va kartoshka yetishtirish uchun kreditlar ajratish holatlarini ham tahlil qilib boryapmiz.

Mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz bu masalada nazorat-tahlil ishlarini kuchaytirib, aynan kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish, bandligini ta’minlash yo‘nalishlarini, kerak bo‘lsa, har chorakda sessiyada ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.

Chunki mazkur masalalar Xalq demokratik partiyasi g‘oyalari bilan chambarchas bog‘liq. Aynan bizning elektorat manfaatlariga daxldor masalalar taqdiri hududlarda hal bo‘ladi. Joylarda mas’ullarning deputatlar korpusi oldidagi hisobdorligi, mahalliy vakillik organlari tomonidan jamoatchilik nazoratining kuchaytirilishi qonunlar, qarorlar, davlat dasturlari ijrosi ta’minlanishida muhim ahamiyatga egadir. Viloyatimizda 127 nafar deputat bor. Bu katta kuch va imkoniyat, degani. Demak, shunga yarasha faol harakat qilishimiz, bor kuch va imkoniyatimizni safarbar etishimiz kerak.

 

***

Haqiqatan ham, dasturlarga nazar tashlasak, vazifalar ko‘lami kengligiga, qilinajak ishlar ko‘pligiga va o‘z navbatida ularning samarasi ham zo‘r bo‘lishiga qattiq ishonadi odam. Lekin ishonch bilan ish bitmaydi. Hamma gap ezgu maqsadga jiddiy ko‘z bilan qarash, ishga mas’uliyat bilan, vijdonan yondashishda. Chunki kambag‘allikni qisqartirish sohasidagi turli ko‘zbo‘yamachilik yoxud yolg‘on hisobotlar amalda ko‘makka muhtoj fuqarolarni yanada qiyin vaziyatga tushirib qo‘yishi mumkin.

 

Laziza SHEROVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 22.05.2023, №21

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish