Davlatimiz rahbarining shu yil 31-may — 1-iyun kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi odamlar kayfiyatini yanada ko‘tardi, ularni faollikka chorladi. Ayniqsa, aholi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar, samimiy muloqotlar, yangi loyihalar taqdimotlarida bildirilgan fikrlar, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar Buxoro farzandi sifatida meni ham g‘oyatda xursand qildi. Bu galgi tashrif avvalgilaridan farqli jihatlari bilan odamlar yodida muhrlandi.
O‘tgan qisqa vaqt ichida Buxoroda ulkan yangilanish va o‘zgarishlar ro‘y berdi. Hozir viloyatdagi qurilish va bunyodkorlik ishlaridan ko‘zingiz quvnaydi. Bugungi Buxoro kechagi Buxoro emas! Viloyatda bo‘layotgan o‘zgarishlar, eng muhimi, odamlar ongi va dunyoqarashidagi o‘zgarishlar ushbu viloyatning haqli ravishda yangi tarixi boshlanganidan darak beradi.
Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida bugun hududga yangi hayot, yangi kayfiyat kirib keldi. Viloyatning qiyofasi, salohiyati, mazmuni butunlay o‘zgardi. Hayotga tatbiq etilayotgan izchil islohotlar nafaqat buxoroliklarni, uzoq-uzoqdan kelgan mehmonlarni ham quvontirmoqda.
Yangi-yangi korxonalarning ishga tushirilishi tufayli odamlar ishli bo‘lyapti, ro‘zg‘origa baraka kiryapti. Eng muhimi, mamlakatimiz rahbarining xalqni tinglash, unga dildan yaqin bo‘lishdek chinakam insonparvar siyosatidan odamlar mamnun, kayfiyati yuqori, ertangi kunga ishonchi baland. Har bir inson, har bir oila o‘zgarishlarni o‘z hayotida sezmoqda, his etmoqda.
Agar raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda viloyat iqtisodiyoti 1,5 barobar o‘sib, 53 trillion so‘mdan oshganini, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatishda 115 trillion so‘m investitsiya jalb qilinib, 4,6 mingta korxona ishga tushgani va 90 mingta ish o‘rni yaratilganini ko‘rish mumkin.
Iqtisodiyotning jadal sur’atda rivojlanayotgani natijasida eksport 215 million dollarga yetdi. Qorako‘l, Jondor, Shofirkon va Kogon tumanlarining har birida esa sanoat hajmi yiliga 1 trillion so‘mdan oshdi. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Aytish joizki, so‘nggi yillarda viloyatda aholi bandligini ta’minlash masalasiga ham katta e’tibor qaratilayotir. Masalan, yoshlar va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, biznesini boshlashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, orzu istaklarini ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashish bo‘yicha muayyan ishlar qilinmoqda.
Davlatimiz rahbarining viloyatlarga tashriflari davomida yoshlar masalasi doim e’tibor markazida bo‘ladi. Bu safar ham xuddi shunday bo‘ldi. Xususan, G‘ijduvon tumanida Buxoro viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda yoshlarni bilimli va kasbli qilish bo‘yicha hali ko‘p ishlash kerakligiga urg‘u berildi. “Oyog‘imiz ostida” imkoniyatlardan foydalanib, 544 ta mahalladagi 2 milliondan ziyod aholining sharoitini yanada yaxshilash zarurligi qayd etildi.
Mazkur yig‘ilishda g‘ijduvonlik tadbirkorlar 10-11-sinf va kollej o‘quvchilariga darsdan so‘ng kasb o‘rgatib, 2 million so‘mgacha oylik to‘lash, bepul tushlik va tekin avtobus bilan ta’minlash taklifini bildirgan. Prezidentimiz bu taklifni ma’qullab, xayrli tajribaga aylantirish kerakligini ta’kidladi. Bu esa yurtimizda hech bir yosh davlatimizning e’tibori va g‘amxo‘rligidan chetda qolmayotgani, ularning hayotda o‘z yo‘lini topishi uchun barcha qulayliklar, imkoniyatlar yaratib berilayotganidan dalolat beradi.
Ishsiz, kam daromadli va chet elda qiynalgan odamlarga munosib sharoit yaratib, ishli qilish hokimlar va sektor rahbarlari uchun strategik vazifa ekani qayd etilar ekan, bu borada Buxoroda bu yil kichik biznesga 5,9 trillion so‘mga qo‘shimcha yana 2,1 trillion so‘m kredit berilishi, kichik biznes, turizm va servis uchun yana 100 million dollar alohida ajratilishi aytib o‘tildi. Shubhasiz, ushbu sa’y-harakatlar natijasida iyun-dekabr oylarida 78 ming aholi bandligini ta’minlash mumkin. Tasavvur qilyapsizmi, bu orqali ming-minglab odamlar ishli bo‘ladi, ro‘zg‘origa baraka kiradi, asosiysi, yoshlar xorijga ish qidirib yurmasdan shu yerning mehnat qiladi.
Sir emaski, odamlarni ishli qiladigan katta imkoniyat sanoat zonalarida. Shu bois, Kogon tumanida ming gektarda yirik sanoat majmuasi barpo etilmoqda. Birinchi bosqichda 300 million dollarlik loyiha amalga oshiriladi. Bu viloyat iqtisodiyotiga yiliga 250 million dollar qo‘shilgan qiymat, 2 mingta ish o‘rni, 250 milliard so‘m soliq tushumi va 100 million dollar eksport beradi.
Uch ming yillik tarixga ega Buxoro o‘zining tarixiy hashamati va go‘zalligi bilan “Osmon ostidagi muzey” ta’rifini olgan. Olimu ulamolar, fozilu fuzalolar yurti hisoblangan mazkur sharif shahar dovrug‘i butun dunyoga mashhur. Qadimdan Buyuk ipak yo‘lida joylashgan va qizg‘in savdo markaziga aylangan mazkur voha bugun ham o‘zining yuksak potensialiga ega.
So‘nggi yillarda viloyatda bo‘layotgan o‘zgarishlar, yangilanishlar tufayli bu yerga kelayotgan sayyohlar oqimi yil sayin ortmoqda. Endi Buxoroda yiliga 5 million xorijiy turist kelishi uchun sharoit yaratilyapti. Buning uchun shahar markazida Boqiy Buxoro madaniy etnografik parki va yangi aeroport qurilishi boshlandi. Bu, o‘z navbatida, viloyatning nafaqat boy tarixiy madaniy merosini muhofaza qilish, uning zamonaviy qiyofasini yaxshilash, pirovardida aholi real daromadini oshirish va farovonligi ta’minlashga zamin yaratadi.
Umuman olganda, mazkur tashrif doirasida belgilab berilgan muhim vazifalarning hayotga to‘la tatbiq etilishi odamlarni rozi qilish, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirib, hududning beqiyos imkoniyatlarini yuzaga chiqarish bilan birga, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga ham xizmat qiladi.
Sherzod RAHMONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.