Barcha ezgu ishlar – inson uchun!

 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan haftada Buxoroga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida hudud iqtisodiyotini izchil rivojlantirib, yangi ish joylarini ochish, yoshlarni bilimli va kasbli qilish masalalariga to‘xtalar ekan, “oyog‘imiz ostida”gi imkoniyatlardan foydalanish, har bir tizim har kuni mehnat qilishi, izlanishi kerakligini alohida ta’kidladi. Ishsiz, kam daromadli va chet elda qiynalgan odamlarga munosib sharoit yaratib, muhim daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun har taraflama ko‘maklashish mahalliy hokimliklar va sektor rahbarlari oldida turgan ustuvor vazifa ekaniga urg‘u berildi.

Iqtisodiy islohotlarning mana shu yo‘sinda ijtimoiy samaradorligini oshirish Xalq demokratik partiyasining siyosiy pozitsiyasi negizi, desak yanglishmaymiz. Shu ma’noda davlat rahbarining ayni tashrifida ko‘tarilgan dolzarb masalalar doirasida partiyaning Buxorodagi faollari fikrlari va munosabatlari bilan qiziqqanimiz bejiz emas.

 

Zulfiya TUYYEVA,

O‘zXDP Buxoro viloyat kengashi raisi:

– 31 may-1 iyun kunlari davlatimiz rahbari viloyatimizda bo‘lib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan loyihalarni ko‘zdan kechirdi, yirik obyektlar qurilishiga start berdi, xalq bilan muloqot qildi. G‘ijduvonda o‘tgan yig‘ilishda esa viloyatimizni kambag‘allik, ishsizlik, va jinoyatdan xoli hududga aylantirish hamda boshqa bir qator muhim sohalarda "Buxoro tajribasi"ni yaratish zaruratiga e’tibor qaratildi.

E’tirof etilganidek, so‘nggi yillarda viloyat iqtisodiyoti 1,5 barobar o‘sib, 53 trillion so‘mdan oshgan, aholi jon boshiga 26 million so‘mga yetgan. Sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatishda 4 ming 600 ta korxona tashkil etilib, 90 mingta ish o‘rni yaratilgan. Ayniqsa, Qorako‘l, Jondor, Shofirkon va Kogon tumanlarining har birida sanoat hajmi yiliga 1 trillion so‘mdan oshgani quvonarlidir.

To‘g‘ri, viloyatimizning ko‘p joyida dehqonchilikni rivojlantirish uchun tuproq unumdorligi talabga javob bermaydi. Ekin ekish uchun yerning sho‘rini yuvish kerak. Mana shunday sharoitda birinchi galda odamlar uchun ish joylari ochish va ularga daromad manbalarini yaratishda eng maqbul yo‘l sanoatni taraqqiy ettirishdir. Shu nuqtai nazardan Prezidentimiz Buxoroda sanoatga ko‘proq e’tibor berilayotgani sababini aytib o‘tar ekan, bu yo‘nalishda yana foydalanishga topshiriladigan yangi loyihalar atrofida bir nechta korxonalar va ish o‘rinlari paydo bo‘lishini, pirovard natijada odamlarning uyiga yorug‘lik, ishonch va umid kirishini qayd etdi.

Ma’lum bo‘lishicha, oxirgi yetti yilda viloyatga qariyb 4 milliard dollarlik investitsiyalar jalb qilingan. Ularning natijasida 90 mingta ish o‘rni va 1 milliard 800 million dollarlik eksport imkoniyati yaratilgan. Bu yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilda ham 1 milliard 300 million dollarlik 607 ta loyiha hayotga tatbiq qilinmoqda. Navbatdagi qadam – shahar va tumanlarimizda xorijiy investor hamda mahalliy tadbirkorlar tomonidan yana umumiy qiymati 14 milliard dollarlik 80 ta loyiha ishga tushirilsa, 22 ming 200 tadan ortiq ish joylari vujudga keladi.

Buxoroda kichik biznes, turizm va servis rivoji uchun yana 100 million dollar ajratilib, buning evaziga yilning ikkinchi yarmida 78 ming aholi bandligi ta’minlanadi.

Hududda ishsizlik va kambag‘allik ko‘rsatkichlarini tushirish uchun bunday aniq maqsad hamda manzilli loyihalarning ahamiyati beqiyos.

Shu bilan birga Xitoy, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Malayziya, Janubiy Koreya kabi ilg‘or mamlakatlar kompaniyalari investitsiyalari asosida qurilish materiallari, elektr texnikasi, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, tibbiyot, konchilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlarning viloyatimizda yuksalish bosqichiga chiqishi yana bir diqqatga molik jihatdir.

Davlatimiz rahbari Qorako‘l tumanida mahalla yettiligi vakillari, nuroniy otaxon va onaxonlar, yoshlar vakillari bilan uchrashdi, ular bilan dildan suhbatlashdi. Viloyatda xalqaro standartlarga mos, aholining barcha ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladigan infratuzilmani yaratish, har bir mahallada odamlarning samarali mehnat qilishi, dam olishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, qishloqlarda ham katta shahardagi mahallalardan qolishmaydigan, ko‘zni quvontiradigan mahalla markazlarini tashkil etish niyatlari borligini aytdi.

Prezidentimiz Buxoroga tashrifining ikkinchi kunida G‘ijduvon tumanidagi ipakchilik korxonasi faoliyati bilan tanishib, unda faoliyat yuritayotgan ayollar bilan suhbatlasharkan, mutasaddilarga opa-singillarimizning yashash va mehnat faoliyatlarini yanada yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Viloyatda kelgusida qilinadigan ishlar, jumladan, Buxoro tumanida qiymati 226 mln. dollarlik yangi va zamonaviy aeroport qurilishi boshlangani, aholining ijtimoiy ahvolini yaxshilash va uzluksiz elektr energiyani barqarorlashtirish maqsadida Buxoro shahri va Qorovulbozor tumanlarida 50 million dollarlik 3 ta yirik quvvatga ega elektr texnikasi tarmog‘i ishga tushirilishi, Kogon tumanida naqd ming gektar maydonda yirik sanoat majmuasi barpo etilishi belgilab olindi. Binobarin, odamlarni ishli qiladigan katta imkoniyat sanoat zonalarida ekanini hayotning o‘zi isbotlab turibdi.

Anglaganimizdek, viloyatimiz yangi va jiddiy o‘zgarishlar ostonasida. Bu o‘zgarishlar, so‘zsiz, odamlarimiz hayotiga yengilliklar olib kirib, ezgu orzu-maqsadlarga qanot bag‘ishlaydi. Iqtisodiy sohaning barqaror taraqqiyot yo‘liga tushishi, tabiiyki, ijtimoiy, ma’naviy jabhadagi dolzarb muammolarga-da tugal yechim beradi. Qadimdan ilm-ma’rifat, ma’naviyat beshigi bo‘lgan Buxoroi sharifning sharafi yanada yuksaladi.

Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlashda biz, deputatlar ham o‘z vakolatlarimiz doirasida faol ishtirok etishni maqsad qilganmiz.

 

Robiya KAZIMOVA,

O‘zXDP Buxoro shahar kengashi raisi:

– Davlatimiz rahbarining Buxoroga tashrifi o‘zgacha bir kayfiyat bag‘ishladi hammaga. Ko‘nglimizdagi maqsadlar yanada ulkanlashdi go‘yo.

Prezident tashabbusi bilan ilk marotaba joriy yildan boshlab Buxoro viloyatida 548 ta umumta’lim maktabining yuqori sinf o‘quvchilariga darsdan so‘ng korxona va tashkilotlarda kasb-hunarni o‘rgatish hamda oylik ish haqi evaziga ishlash amaliyoti joriy etiladigan bo‘ldi. “Buxoro tajribasi” shiori ostida bu mamlakatimiz miqyosida keng quloch yozishi biz uchun sharaf, albatta.

Yashirishning hojati yo‘q, bugungi kunda maktablarni bitirib, mustaqil hayotga qadam qo‘ygan o‘g‘il-qizlarimizning aksariyati kelgusi maqsadini ko‘p hollarda oliy o‘quv yurtiga kirish, talaba bo‘lish bilan bog‘laydi. Buning uchun maktabdan tashqari repetitorlarga, til kurslariga qatnaydi, bilim va ko‘nikmalarini oshirish payida bo‘ladi. Bu yaxshi. Biroq qo‘lida hech bir hunari bo‘lmagach, umumta’limdan so‘ng ishsiz qolayotgan, migrantga aylanayotgan yoshlarimiz ham oz emas. Shunga ko‘ra, mamlakatimiz bo‘ylab umumta’lim muassasalarida o‘quvchilarning kamida ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish tizimi joriy qilingani yoshlar o‘rtasida ishsizlikni bartaraf etishda muhim omil bo‘lyapti. Endilikda Buxorodan boshlanadigan, o‘quvchilarning darsdan so‘ng va oylik ish haqi evaziga hududda mavjud korxona-tashkilotlarda kasb-hunar o‘rganishini yo‘lga qo‘yish tajribasi ko‘zlangan maqsadga yetishishni yanada jadallashtiradi.

Bilamizki, ham iqtisodiy, ham ijtimoiy-madaniy ahamiyatga ega keng qamrovli soha – turizm daromadliligi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. Yana bir muhim tomoni, u kam xarajat bilan ko‘p ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.

Prezidentimiz ulkan turizm salohiyatiga ega Buxoroda ushbu sohani yanada rivojlantirish orqali xalqning turmush tarzini yaxshilash, turistlarni jalb qilish uchun jinoyatchilikning oldini olish, madaniy-ma’naviy muhitni shakllantirish masalasi bir-biri bilan uzviy bog‘liq ekanini ta’kidlab, barchani vatanparvar bo‘lishga da’vat etdi.

Buxoro aeroporti turistlar oqimini 2 barobar oshirish rejasi uchun kichiklik qilayotgani, Buxoro tumanida hozirgidan 3 barobar ko‘p quvvatga ega 226 million dollarlik yangi zamonaviy xalqaro aeroport qurilishiga start berilgani, bu yerda haftasiga 100 ta reys yo‘lga qo‘yilishi ham aytib o‘tildi.

Shunday qilib, Buxoroda yiliga 5 million xorijiy turist kelishi uchun zarur imkoniyatlar yaratiladi. Shahar markazida Boqiy Buxoro madaniy etnografik parki va yangi aeroport qurilishi boshlangani, viloyatdagi 30 ta tarixiy yodgorlikni ta’mirlash va kelgusi avlod uchun saqlab qolish, so‘lim sayilgoh hamda dam olish maskanlarini ko‘paytirish sa’y-harakatlari ham hududning turizm jozibadorligini, raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Ulug‘ ajdodlarimiz boy merosini chuqur o‘rganish, obidalar atrofida turizm kontentini ko‘paytirish bo‘yicha hukumatimiz tomonidan dastur ishlab chiqilsa va amaliyotga yo‘naltirilsa, “Ochiq osmon ostidagi muzey” atalmish ko‘hna va navqiron Buxoromizga katta qiziqish tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy qulayliklar qamrovi keskin ortadi.

Prezidentimiz ulug‘ allomamiz Bahouddin Naqshbandiy ta’limotiga tayanib, “Ko‘ngil ma’naviyatda, qo‘l ishda bo‘lishi kerak”, degan fikr bilan barcha o‘z qarashlarini o‘zgartirishi, har bir ishga yangi g‘oyalar bilan kirishishi, hozirgi tahlikali davrda ma’rifat bilan yechim izlanib, yaxshi natijalarga erishish kerakligini ta’kidladi. O‘ylab ko‘rsak, bu so‘zlar zamirida chuqur ma’no bor.

Darhaqiqat, davlat va jamiyat taraqqiyoti har birimizdan o‘zgarishlarga befarq qaramay, faol, sog‘lom fikr egalari bo‘lishimizni taqozo etmoqda. Mana shular insonni haqiqiy hayotga bog‘laydi. Ma’naviy uyg‘oqlik ham shu aslida. Demak, muqaddas zaminimizda tug‘ilgan har bir kishi, har bir rahbar va xalq vakili o‘z ona yurtini sevishi, inson qadri, elu yurt manfaati yo‘lida ilgari surilayotgan tashabbus va g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlagan holda jamoatchilik vakillari va soha rahbarlari bilan yakdillikda, belgilangan vazifalarni vijdonan amalga oshirishda kamarbasta bo‘lishi bugunning talabidir.

 

Farida MAHKAMOVA yozib oldi.

«O‘zbekiston ovozi», 5.06.2023, №23

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish