Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qilishdi.
Mazkur loyiha O‘zXDP fraksiyasining qonunchilik tashabbusi bo‘lib, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonunga, Mehnat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish ko‘zda tutilgan.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi. Xususan, Konstitutsiyaning 37-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega ekanligi belgilangan. 28-moddada esa «Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emas» degan qoida bor.
Biroq bugungi kunda fuqarolarni ularning yaqin qarindoshlarida sudlanganlik, shu jumladan tugallangan sudlanganlik holati mavjudligi sababli ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etish hollari hamon mavjud.
Mazkur qonunning maqsadi Yangilangan Konstitutsiya normalarining amaliyotda ishlashiga erishish, fuqarolarni ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishni taqiqlash, shuningdek fuqarolarning mehnatga oid huquqlarini ishonchli himoya qilish va ularning mehnat munosabatlarida qo‘shimcha kafolatlar yaratishdan iboratdir.
Fikr-mulohazalar bildirilgach, hujjat fraksiya a’zolari tomonidan to‘la ma’qullandi.
Yig‘ilishda seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonuni loyihasi savol-javob va bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda shaharsozlik sohasini takomillashtirish va shaharsozlik faoliyati obyektlarining seysmik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga seysmik xavfsizlikni ta’minlash hamda binolar va inshootlarning zilzilaga bardoshliligini oshirish masalasi ham dolzarb vazifalardan biri bo‘lib turibdi. Shuningdek, binolar va inshootlarni qurishni hamda ta’mirlashni amalga oshiruvchi tashkilotlarning mas’uliyatini oshirish, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan talablarga qat’iy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurati mavjud.
Mazkur qonun bilan bir necha qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar ko‘zda tutilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga shaharsozlik sohasidagi vakolatli davlat organlarining ruxsatisiz obyektlarni qurganlik, binolar va inshootlarni aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarini, ularni rejalashtirish va qurish loyihalarini buzgan holda loyihalashtirganlik, rekonstruksiya qilganlik va qurganlik uchun javobgarlik yuzaga kelishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritish belgilanmoqda.
Deputatlar hozirgi kunda qurilishlar bilan bog‘liq muammolar va ularning yechimi yuzasidan savollar bilan murojaat qilishdi.
Qurilishlar sifatini oshirish, binolar va inshootlar qonunga xilof ravishda qurilishining oldini olish hamda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan hujjatni yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar berilgach, qonun loyihasi 2-o‘qishda ma’qullandi.