So‘nggi yillarda mamlakatimizda milliy o‘zligimizni tiklash, inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida g‘oyat muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, muqaddas dinimizning insonparvarlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan ezgu an’analarini munosib davom ettirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Vatanimizning qadimiy tarixini chuqur o‘rganish, buyuk alloma va aziz avliyolarimizning ibratli hayot yo‘li, noyob ilmiy merosini tadqiq etish yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari bilan uyg‘un holda olib borilmoqda.
Zero, xalqimizning muqaddas e’tiqodi – islom dini tinchlik, ma’rifat va mehr-muruvvat dini sifatida barcha insonlarni ezgulikka, yaxshilikka da’vat qilib kelmoqda. Ayniqsa, uning qadriyatlari va fazilatlari Muborak Qurbon hayiti kunlarida o‘zgacha fayz bilan qalblarimizni munavvar etadi.
Shu kunlarida kasalmand, muhtoj kishilar, keksalar holidan xabar olib, ularning ko‘nglini ko‘tarish, yoru birodarlar, qavmu-qarindoshlarni ziyorat qilish, hayitliklar ulashish ulug‘ savobli amallardan hisoblanadi. Qolaversa, hayitda sabru-qanoat, shukronalik, ruhiy poklanish, mehr va ko‘makka muhtojlarga yanada e’tiborli bo‘lish, savobli amallar qilish, millatlararo hamjihatlikni mustahkamlash, qo‘shnilar bilan ahillashishdek oliyjanob fazilatlarni har qachongidan ham yaqqol namoyon etish zarur.
Gap shu haqda borar ekan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda olib borilayotgan bag‘rikenglik, mintaqa xalqlari bilan yaqin birodarlik siyosati ham Allohga xush yoquvchi amallardan ekanini ta’kidlashdan masrurmiz. Yaratgan har bir ezgu amalga xayrli ajr ato etadi. Zero, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar xalqimizning hamjihatlikda, birodarlik ruhida O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi bilan birga hayotimizga yangi mazmun baxsh etmoqda.
Ushbu hayitning yana bir yaxshi tomoni shundaki, bunda qurbonlik qilinadi. Diniy manbalardan ma’lum bo‘lishicha, Allohning payg‘ambarlaridan Ibrohim alayhissalom suyukli farzandlari Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilayotganlarini tushlarida ko‘radi. Sahobalardan Abdulloh ibn Abbosning aytishicha, barcha payg‘ambarlarning ko‘rgan tushlari vahiydir. Shuning uchun ham Ibrohim alayhissalom tushlaridagi belgiga ko‘ra, istamasa-da Allohning amriga bo‘ysundi... Bu haqida Qur’oni karimdagi “Soffot” surasining 101 – 110 oyatlarida batafsil bayon etilgan. Muhimi, Ibrohim va Ismoil payg‘ambarlar Allohning amriga itoat etib, ko‘p ajru savobga hamda beqiyos mukofotga sazovor bo‘lishdi. Ular bu sinovdan keyin mehr-oqibat va iymon-ishonchda yanada sobitqadam bo‘ldilar. Alloh taolo Ismoil alayhissalom evaziga katta bir qurbonlikni baxshida etdi. Shundan keyin Qurbon hayiti kunlarida yaxshi niyatlar bilan qo‘y, echki, tuya yoki mol so‘yib bajariladigan qurbonlik xayrli amallardan biriga aylandi. Ibrohim va Ismoil alayhissalom qissalarida ota va bola, umuman, insonlar o‘rtasidagi nozik rishta hisoblanmish mehr-oqibat to‘g‘risida so‘z yuritilgan. Inson deya atalmish xilqatni aziz-mukarram qilib yaratgan Parvardigori olam uning qalbiga, avvalo, mehrni solgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning hadislarida “Rahmdillarga Rahmon rahm qiladi. Siz Yerdagilarga mehribon bo‘lsangiz, sizga Osmondagi mehribon bo‘ladi”, deb marhamat qilganlar. Rasuli akram Rahmon va Rahim kabi Allohning ulug‘ sifatlari nafaqat insoniyatga, balki butun mavjudotga qaratilganini ta’kidlaganlar.
Qurbon hayitida nafaqat mehr-muruvvat, balki xayr-saxovat ham ko‘rsatiladi. O‘ziga to‘q, zakot berishga qodir bo‘lgan kishilar qurbonlik so‘yish bilan Alloh oldidagi ibodatlarini bajaradilar. Muhtojlarga tarqatilgan qurbonlik go‘shtlari insonning moli va umriga baraka beradi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Inson uchun Qurbon hayiti kuni Alloh yo‘lida qon chiqarish (qurbonlik qilish)dan ham sevimli va maqbulroq amal yo‘qdir. Qurbonlikning qoni yerga tushmasdan oldin (bu ibodat) Alloh dargohida qabul bo‘ladi. Bas, shunday ekan qurbonlik qilish bilan dillaringizni xushnud eting”, deb marhamat qilganlar.
Bunday muborak kunlarda yetimlar, nogironlar, yolg‘iz keksalar holidan xabar olish, ularga xayr-saxovat ko‘rsatish katta savobli amallardan sanaladi. Bu borada Navoiy hazratlarining shunday misralari bor:
Har kishi ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay.
Qurbon hayiti — xayr ehson, saxovat, mehr muruvvat bayrami. Unda qilinadigan qurbonliklar esa jamiyatda kishilar o‘rtasida tenglik, totuvlik kabi insoniy fazilatlar rivoj topishiga xizmat qiluvchi vositadir. Chunki qurbonlik go‘shtidan va undan tayyorlangan taomlardan bir-birlarimizga ehson qilishimiz qalblarimizni yumshatib, odamlar orasida mehr-muhabbat rishtalari yanada mustahkamroq bog‘lanishiga xizmat qiladi.
Shunday ekan, Qurbon hayiti kunlarida savob ishlarni ko‘paytirish, poklanish, chiroyli kiyimlar kiyish, xushbo‘ylanish, nafl ibodat, qurbonlik qilish, yaqinlariga hadyalar ulashish ayni savobli ishlardan bo‘ladi. Zero, ulug‘ allomalarimiz «Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir», deganlar. Islomning shiori bo‘lgan Qurbon hayitida xursandchiligimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq namoyon qilishimiz zarur.
Sherzod Rahmonov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.