2024-yil 1-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga elektron (raqamli) dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, jahon miqyosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan ayni zamonda elektron (raqamli) ashyolar dalillarning yangi turi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda milliy protsessual qonunchilik hujjatlarida elektron (raqamli) dalillar tushunchasi, ulardan foydalanishning o‘ziga xos jihatlari va shu bilan bog‘liq masalalar tartibga solinmagan. Hatto elektron dalillarga qanday ma’lumotlar kiritilishi qonunchilikda belgilanmagan. Bu esa axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanib kibermakonda sodir etilayotgan huquqbuzarliklar soni ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Qonun loyihasi bilan bir qator kodeks va qonunlarimizga elektron (raqamli) dalillarni aniqlash, to‘plash, taqdim qilish, tekshirish, baho berish, qayd etish, saqlash tartiblari va bu jarayonda protsess ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilash bilan bog‘liq tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Fraksiya a’zolari muhokamalar davomida qonun loyihasini konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilar ekan, kiritilayotgan yangi normalar raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini qayd etishdi. Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi bilan protsessual qonunchilikdagi bo‘shliqlar bartaraf etiladi, yangi institutlarni joriy etish hamda sud ishi yurituvini takomillashtirishga erishiladi. Qonun loyihasi yuzasidan fikr-mulohazalar almashinib, deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Yig‘ilishda kun tartibiga kiritilgan masalalar batafsil ko‘rib chiqildi.