O‘zbekiston–BMT: BMT Bosh kotibi chorlovi

 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Markaziy Osiyo mamlakatlariga tashrifini O‘zbekistondan boshladi.

BMT dunyo xalqlari bir joyga to‘planib, umumiy muammolarni muhokama qiladigan va butun insoniyat uchun foydali bo‘lgan umumiy yechimlarni topish mumkin bo‘lgan yagona umumminbar hisoblanadi. Tashkilotning bugungi kunda 193 ta a’zosi bor.

Mamlakatimizga tashrif buyurgan Bosh kotib bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 1 iyul kuni uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat avvalida BMT Bosh kotibi davlatimiz rahbariga O‘zbekistonga kelish taklifi va ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Davlatimiz rahbari A.Guterrishning respublikamizga bu galgi tashrifi “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar BMT tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganining tasdig‘i ekanini ta’kidladi.

Muzokaralar chog‘ida global va mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish holati muhokama qilindi.

Bugungi kunga kelib, O‘zbekiston va BMT o‘rtasida 140 ta qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarning o‘zida Tashkilotning Bosh Assambleyasida O‘zbekiston tashabbusi bilan 10 ta maxsus rezolutsiyasi qabul qilingan.

Birgalikda global kun tartibiga oid yirik xalqaro tadbirlar, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligi, turizmni rivojlantirish, kambag‘allik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda bioxilmaxillikni muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Prezidentimiz Bosh kotib bilan xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar yuzasidan ham fikr almashilgan. Davlatimiz rahbari Bosh kotibning xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, BMT va uning asosiy organlarini isloh qilish hamda joriy yilda Nyu-York shahrida Kelajak sammitini o‘tkazish tashabbuslarini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Bulardan tashqari, mintaqada transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, oziq-ovqat, energetika va axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilgan.

Uchrashuv yakunida 2026-2030 yillarda O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha BMT bilan hamkorlikning hadli dasturini birgalikda ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Tashrif davomida janob Antoniu Guterrishga jahonda hamjihatlik va birdamlikni faol ilgari surish, tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, mamlakatimiz va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun O‘zbekistonning oliy davlat mukofotlaridan biri – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni topshirildi.

BMT rahbarining xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, global boshqaruv institutlarini isloh qilish, Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, "yashil" va raqamli taraqqiyot, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash borasidagi ko‘p yillik sa’y-harakatlari e’tirof etildi.

Shu o‘rinda BMT Bosh kotibining tashrif arafasida “Dunyo” axborot agentligiga intervyu berib, hamkorlikning bugungi holati va istiqbollariga oid savollarga javob bergani hamda mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyoti bo‘yicha qarashlari bilan o‘rtoqlashganiga e’tibor qaratmoqchimiz.

Janob Guterrish “So‘nggi yillarda mamlakatimiz inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surish sohasida ma’lum muvaffaqiyatlarga erishdi, bolalar va majburiy mehnatga barham berildi, ommaviy axborot vositalari erkinlashtirildi, mamlakatimiz BMTning inson huquqlari bo‘yicha ixtisoslashgan muhim organlari faoliyatida faol ishtirok etmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi jarayonlar xususida qarashlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz”, degan savolga quyidagicha javob berdi:

– O‘zbekiston inson huquqlari sohasida yutuqlarga erishmoqda. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining o‘tgan yili mamlakatingizga tashrifi ham buning yaqqol ifodasidir. Umid qilamanki, ushbu muhim yo‘nalishdagi hamkorligimiz kelgusida ham davom etadi. Paxta dalalarida majburiy mehnatga barham berish, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga fuqarolik berish, ayollar va bolalarni Suriya va boshqa yerlardagi lagerlardan qaytarish va reintegratsiya qilish – tom ma’nodagi ijobiy o‘zgarish hisoblanadi hamda boshqa davlatlar uchun o‘rnak bo‘ladigan namunadir. Men O‘zbekistonni erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaslikka chaqiraman hamda zo‘ravonlik va gender kamsitish masalalariga yechim topish, faol fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yo‘lidagi ishlarni davom ettirishga chorlayman, deya javob bergan.

BMT Bosh kotibining mintaqaga tashrifni aynan O'zbekistondan boshlagani va «Dunyo» axborot agentligiga bergan intervyusidan ham anglashimiz mumkinki, insoniyat tarixidagi eng katta va keng qamrovli tashkilotda O'zbekistonning o'z so'zi va o'rni bor. Bunga osonlikcha erishilmayapti. Bu yo'lda O'zbekistonning yuritayotgan ochiq va jozibador tashqi siyosati, mamlakatdagi shiddatli islohotlarni alohida ta'kidlash lozim.

 

Ahmad QURBONOV tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 3.07.2023, №26

 

 

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish