Giyohvandlik illati bugun minglab odamning yostig‘ini quritib, yuzlab oilani murakkab vaziyatga solib qo‘ymoqda. O‘rta asrlarda insoniyat hayotiga jiddiy xavf solgan vabo va o‘lat kabi ofatlar o‘rnini giyohvandlik balosi egallab oldi.
Mutaxassislar ushbu asr vabosi deb atalgan ushbu muammoga qarshi nafaqat tibbiy jihatdan, balki ma’naviy, ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari bilan ham qarshi kurashib kelmoqda. Olmaliq shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 19-sonli ixtisoslashtirilgan Davlat umumta’lim maktabida «Giyohvandlikka qarshi kurash» oyligi doirasida ana shunday tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi a’zosi Qizilgul Qosimova, shahar hokimi o‘rinbosari Sohib Axmedov, shahar Tibbiyot birlashmasi narkolog vrachi Sh.Hasanov shuningdek, maktab direktorlari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlar, psixologlar, kutubxona xodimlari, maktab hamshiralari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga berilayotgan e’tibor, hukumatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar to‘g‘risida o‘z fikrini bildirdi. Bu ishlardan pirovard maqsad, yoshlarning turli aqidaparastlar to‘riga ilinib qolmasligi, ularni giyohvandlik va og‘ufurushlikdan himoyalash hamda yigit-qizlar qalbini turli mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish ekani ta’kidlandi.
O‘z navbatida ma’ruzachilar tahliliy ma’lumotlar va faktlar asosida giyohvandlik, tamaki va alkogol moddalarining girdobiga tushgan yoshlarning organizmidagi salbiy o‘zgarishlar ularning umumiy sog‘ligiga, jumladan naslga, miya va yurak qon-tomir faoliyatiga, ruhiyatiga, shu bilan birga onggi va tafakkuriga ham juda katta salbiy ta’sir o‘tkazishi haqida ko‘rgazmali targ‘ibot materiallaridan foydalangan holda tushuntirib o‘tdilar.