Har chorakda sessiya kun tartibidagi masala

 

Aholi bandligini ta'minlash, yoshlar va ishsiz fuqarolarni davlat hisobidan malakali kasb-hunarga o'qitish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ehtiyojmand aholini manzilli qo'llab-quvvatlash orqali 2026 yilgacha kambag'allikni ikki barobar qisqartirish ko'zda tutilmoqda. Bu juda katta va tarixiy ahamiyatga ega marra. Bu natijaga erishish mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samaradorligini ham anglatadi. Ya'ni, kambag'allikning ikki barobar qisqarishi juda ko'plab sohalarda o‘sish sur'atidan dalolat beradi.

Aslida kambag'allikka barham berish juda katta qamrovga ega bo'lgan masala hisoblanadi. Bunda kimgadir ijtimoiy nafaqa yoki uy berish bilan muammo o'z-o'zidan hal bo'lib qolmaydi. Bu iqtisodiy infratuzilma bilan birga, investitsiya yo'naltirish, bandlik bilan bog'liq barcha muammolarni yechish, ta'limni rivojlantirish kabi kompleks choralarni talab etadi.

Shuning uchun kambag'allikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish mahalliy Kengashlardagi deputatlarimizning doimiy diqqat-e'tiborida turibdi. ''Mahallabay'' va ''fuqarobay'' o'rganishlar asosida bu borada doimiy tarzda nazorat-tahlil ishlari olib borilmoqda.

Yaqinda deputatlar bilan birga hududlarda bo'lganimizda, ijtimoiy daftarlarga kiritilgan aholi muammolari o'rganildi. To'g'ri, aholini ish bilan ta'minlash bo'yicha choralar ko'rilyapti. Odamlarga yer, tikuv mashinasi berilyapti. Bu yaxshi, albatta. Lekin keyin-chi? Bu yordam bilan ham o'zini o'nglab ketolmayotgan fuqarolar bor. Shunday odamlarimiz bor, kasb-hunarni o'rganadi, ishga kelganda har xil bahonalar qiladi, ''daromad kam'', ''ota-onam ruxsat berishmadi'', degan bahonalarni ro‘kach qilishadi. Kasb-hunarni puxta o‘zlashtirsa, ishda muammo bo‘lmaydi-ku. Bu shuncha sa'y-harakat havoga sovrildi, degani emasmi?

Saylovchilar bilan suhbatlashganimizda bunga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Tomorqasidagi yerdan oqilona foydalanmay kelayotganlar ham ko‘p. Shuning uchun targ‘ibot-tushuntirish ishlarini kuchaytirishga e’tibor beryapmiz.

Mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz bu masalada nazorat-tahlil ishlarini kuchaytirib, aynan kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish, bandligini ta’minlash yo‘nalishlarini, kerak bo‘lsa, har chorakda sessiyada ko‘rib chiqmoqda.

Partiyamiz xalq deputatlari Kengashlarida 1543 nafardan ortiq deputatlik o‘rniga ega ekani bu yo‘nalishda ham imkoniyat beradi, ham mas’uliyatimizni ikki hissa oshiradi.

 

Jahongir OLIMOV,

O‘zXDP Markaziy Kengashi sektor mudiri.

«O‘zbekiston ovozi», 17.07.2023, №28

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish