Hamjihatlik va mas’uliyat — farovonlik omili

 

BMTning jahon iqtisodiy istiqbollari bo‘yicha yanvar oyida e’lon qilingan hisobotida xalqaro savdoning sustlashuvi, mehnat bozorining yomonlashuvi, geosiyosiy mojarolarning ziddiyatli tus olishi va ortib borayotgan iqlim falokatlari 2024-yilda global o‘sishni sekinlashtirishi qayd etilgan edi.

Bugungi dunyo manzarasiga boqib, nufuzli xalqaro tashkilotning xavotirida jon borligi, yuqorida keltirilgan omillar hatto mutaraqqiy davlatlarning ham ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga keskin ta’sir ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. 2030-yilga borib 8 yarim milliard kishiga yetishi kutilayotgan sayyoramiz aholisi ishsizlik, oziq-ovqat xavfsizligi, ichimlik suvi tanqisligi, energetika inqirozi, global isish kabi jiddiy muammolar bilan tobora yuzma-yuz kelmoqda.

Mana shunday murakkab zamonda mustaqil taraqqiyot yo‘lidan dadil qadam tashlayotgan, so‘nggi sakkiz yilda ichki va tashqi siyosati sifat jihatidan o‘zgargan O‘zbekistonning rivojlanish strategiyasi aynan insonparvarlik va xalqparvarlik g‘oyalari bilan sug‘orilgani xalqaro jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 17-iyul kuni hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qayd etilgan fakt va dalillar buni yana bir karra tasdiqlaydi.

Xususan, joriy yilning olti oyida yalpi ichki mahsulot 6,4 foizga ko'paygan. Umuman, yil boshidan buyon respublikada yaratilgan qo'shilgan qiymat 567,4 trillion so‘m, ya'ni 45,1 milliard dollarlik marrani egallagan.

Ilgari bunday raqamlar amaliyotda kuzatilmagan. Kutilgan natijalarga erishilayotgani zamirida avvalo xalqimizning fidokorona mehnati, strategiyaning to'g'ri tanlangani, davlatimiz rahbarining hamma muhim masalalarda aholi bilan bamaslahat ish yuritish mexanizmlarini yaratib bergani, davlat boshqaruvi organlarining bir-birini tushungan holda harakat qilishi, maqsad va vazifalar aniq belgilanayotgani turibdi.

Iqtisodiyotda uzoq yillar davomida boy berib kelingan imkoniyatlarni ishga solish, islohotlarning xalqchilligini ta’minlash o'z natijadorligini ko‘rsatayotgani hamda bularning bari oson kechmayotganini ham his qilib turibmiz, albatta.

Ayniqsa, ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar yuzlab mahallalarni ko‘rsa, ko‘z quvnaydigan obod manzillarga aylantirish, aholining birlamchi ehtiyoji sanalgan bog‘cha, maktab, tibbiy muassasalarni qurish, yo‘l, suv, elektr energiyasi ta’minotidagi muammolarni bartaraf etish imkonini berayotir. Ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yarim yillikda ushbu maqsadlar uchun budjetdan 31,5 trillion so‘m ajratilgan.

Manzilli ijtimoiy siyosat uchun intiladigan Xalq demokratik partiyasi bunday siyosatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, o‘z tashkilotlari, respublikamizning barcha hududlaridagi deputatlik birlashmalari bilan birga islohotlarning ijtimoiy samaradorligi uchun astoydil faoliyat yuritmoqda.

Jamiyatdagi farovonlik va ijtimoiy barqarorlikda uy-joy siyosati muhim rol o‘ynaydi. Ayniqsa, xalqimiz uchun muqim boshpanaga ega bo‘lishning ahamiyati beqiyos. Olti oy ichida 18 ming 600 ta yangi xonadon barpo etilib, foydalanishga topshirilgan. 26 mingta oilaga 7 trillion so‘mga yaqin ipoteka krediti ajratilgan. Ular bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov va foizni qoplash uchun 545 milliard so‘m subsidiya berilgan. Bu dalillarning o‘ziyoq uy-joyga muhtoj qatlamning manfaatlarini himoya qilish, odamlarning bugungi kundan rozilik hissini oshirishdek ezgu niyat bilan yo‘g‘rilgan amaliy ishlarning keng qamrovini amalda ko‘rsatib turibdi.

Yig‘ilishda iqtisodiy-ijtimoiy sohalardagi yutuqlardan ham ko‘ra ko‘proq muammolarga e’tibor qaratildi. Galdagi reja va vazifalar uzil-kesil belgilab olindi.

Ulardan biri va asosiysi aholi o‘rtasida bandlikni oshirish, shu orqali kambag‘allikni qisqartirish bilan bog‘liq bo‘lib, ayni masala vaqt o‘tgani sari dolzarblashib borayotgani sir emas. Binobarin, shu yil yanvar holatiga mamlakatimizda ishsizlar soni 1,3 million kishini tashkil etgani holda yil oxiriga qadar mehnat bozoriga yana 2,4 million nafar ishga talabgor kirib kelishi prognoz qilingan edi. Agar qarichni kattaroq olsak, ishsizlik va uning ortidan soyaday ergashuvchi qashshoqlik bugun butun dunyo davlatlarida ijtimoiy barqarorlikka tahdid solib turgan muammolardan hisoblanmoqda. Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lum qilishicha, 2024 yilda ishga layoqatli, biroq ishsiz qolgan insonlar soni 400 milliondan ortadi.

Yurtimizda bu muammoning oqilona yechimlarini topish minglab hamyurtlarimizning doimiy ishli bo‘lib, turmush tarzi yaxshilanishiga, mazkur yo‘nalishdagi Sayxunobod, Uychi, Zarbdor, G‘ijduvon tajribalari yanada quloch yozishiga zamin yaratmoqda. Birgina o‘tgan olti oy ichida 4 mingdan ortiq mahalla sanoat va qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashib, 1 million 600 ming aholi rasmiy band bo‘lgan, daromad solig‘i to‘lovchilar yana 712 ming nafarga ko‘paygan.

Davlatimiz rahbari joriy yil 1 dekabrgacha “Sayxunobod tajribasi” asosida xonadonlar uchun moliyaviy paket qilib berish orqali 495 mingta ish o'rni ochilishi, “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi ijrosi uchun 4 trillion so'm ajratilishini aytib o'tdi. Aniq va manzilli chora-tadbirlar yil yakunigacha 2 million 416 ming aholi bandligini ta'minlash imkonini berishi kutilmoqda.

Partiyamiz bandlikni ta’minlash, ehtiyojmand qatlamning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha real vaziyatga mos mexanizmlar samaradorligidan bevosita manfaatdordir. Shuning uchun belgilangan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, ijro etuvchi idora-tashkilotlar faoliyati bo‘yicha joylarda samarali deputatlik va jamoatchilik nazoratini olib borish, elektorat manfaatlari himoyasi bilan bog‘liq masalalarda hamjihatlikda faoliyat yuritishga alohida e’tibor qaratiladi.

“Avval inson, so‘ng jamiyat va davlat” tamoyilining hayotda to‘liq aks etishi, xalqimiz uchun munosib turmush yaratilishi hamjihatligimiz, ezgu maqsadlar yo‘lida birdamligimizga bog‘liq ekanini unutmasligimiz kerak.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O‘zXDP fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish