Sir emaski, mamlakatimizda aholi soni yildan-yilga ortib bormoqda. Bu esa uy-joyga bo‘lgan ehtiyojni ham oshiradi. Shuning uchun aholini uy-joy bilan ta’minlash, ayniqsa, uy-joyga muhtoj yoki kengaytirish ehtiyoji bo‘lgan, kam ta’minlangan, yetarli daromadga ega bo‘lmagan kishilarga yengilliklar yaratish maqsadida ipoteka krediti bozoridagi qonunchilik takomillashtirilib, qator imtiyoz va qulayliklar yaratildi. Natijada bir necha yil oldin kimlargadir orzu bo‘lgan uy sotib olish masalasi bugun qonuniy yechimiga ega bo‘lyapti.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko'rib chiqilayotgan “Ipoteka krediti bozorining rivojlantirilishi va kengaytirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida''gi qonun loyihasi ham ana shunday yaxshiliklarga ishora, deyish mumkin.
Parlament quyi palatasidagi O'zbekiston XDP fraksiyasining bugungi yig'ilishida mazkur loyiha birinchi o'qishda muhokama qilindi. Ta'kidlandiki, ipoteka bozorini uzoq muddatli resurslar bilan ta'minlashda faqat davlat budjeti yoki tashqi qarz mablag'larini jalb etmasdan ipoteka bozoridagi vositalardan keng foydalanish maqsadga muvofiq.
Odatda bank ipoteka kreditini ajratganidan so'ng ushbu mablag'lar qaytishini 20 yil kutishi kerak. Banklar ajratilgan mablag'lar aylanmasini tezlashtirish uchun ushbu kreditlarning o'zini aktiv sifatida ishlatadi (ya'ni ularni boshqa shaxsga sotadi yoki garovga beradi).
Garov xatining afzalligi esa uni boshqa shaxsga berganda ipoteka krediti bo‘yicha barcha huquqlar avtomatik ravishda ushbu shaxsga o‘tadi. Bunda kredit va ipoteka shartnomalariga notarial tartibda o‘zgartirish kiritish hamda ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab etilmaydi.
Deputatlar loyihada taklif etilayotgan amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan garov xati mexanizmini takomillashtirish orqali ipoteka bozoriga uzoq muddatli resurslarni jalb etish va ipoteka kreditini aktiv sifatida muomalaga kiritish bo‘yicha me’yorni ma’qulladi.
Shu bilan birga, garov xatini rasmiylashtirish, ro‘yxatdan o‘tkazish va aylanmasi tartibini soddalashtirish zarurati borligi qayd etildi. Shundan kelib chiqib, garov xatini rasmiylashtirish, ro‘yxatdan o‘tkazish va aylanmasi tartibini, va tegishli ravishda ipotekani qayta moliyalash jarayonini soddalashtirish uchun, garov xatini onlayn tartibda yoki davlat xizmatlari markazlariga borish orqali rasmiylashtirish imkoniyatini, shuningdek elektron garov xati konsepsiyasini joriy etish bo‘yicha fikrlar muhokama qilindi.
Hozirgi paytda ro'yxatdan o'tkazuvchi organ tomonidan garov xatini rasmiylashtirish paytida tomonlarning ishtirok etishi, ariza beruvchilarning Kadastr organlariga to'g'ridan-to'g'ri murojaat qilishi talab qilinadi, bu esa jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Loyiha bilan garov xatini onlayn tartibda yoki davlat xizmatlari markazlariga borish orqali rasmiylashtirish ma'muriy xarajatlarni kamaytirishi va vaqtni tejash imkonini berishi ijobiy qabul qilindi. Chunki bu orqali garov xatidan foydalanish imkoniyati oshadi.
Savol-javoblar va muhokamalardan so‘ng loyiha birinchi o‘qishda ma’qullandi.
Fraksiya yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga nazorat ostidagi shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish hamda bu yo‘nalishda ichki ishlar organlarining vakolatini kengaytirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida''gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, ichki ishlar organlarida nazorat ostida turgan maxsus toifa shaxslar o‘rtasida qonun ustuvorligini ta’minlash, ular ongida qonunga itoatkor xulq-atvorni, insonga, mehnatga, ijtimoiy turmush qoidalari va an’analariga hurmat munosabatini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-ijroiya va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi taklif etilmoqda.
Deputatlar qonun loyihasida ko‘rsatilayotgan moddalar va me’yorlar bo‘yicha qizg‘in muhokama o‘tkazdi va o‘z fikr mulohazalarini bildirdi.
Xususan, Ulug‘bek Vafoyev tushuntirish xatida yozilgan ma’lumotlarga e’tiroz bildirdi. Gap shundaki, taklif etilayotgan me’yorlarni asoslash uchun xalqaro tajriba o‘rganilgan. Ammo qonun tashabbuskorlari taklif etilayotgan o‘zgartirishlar qaysi mamlakatlarda borligi va u yerda qanchalik o‘zini oqlaganini emas, aksincha, qaysi mamlakatlarda bu amaliyot qo‘llanilmasligi haqidagi ma’lumotlar kiritgan. Bu esa deputatlarning o‘rganishi, fikr bildirishi va loyiha yuzasidan qaror qabul qilishda tushunmovchilikni, ikkilanishni yuzaga keltiradi.
Shuningdek, har qanday yangilik, o‘zgarish jinoyatning oqibatlari bilangina kurashmasdan, profilaktikaga ham xizmat qilishi zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun, jinoyat sodir etilgan hududdagi profilaktika inspektorining ishga mas’uliyatsizligi uchun choralarni kuchaytirish, o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan shaxslarning probatsiyaga olinishini qayta ko‘rib chiqish kabi masalalarda fikrlar bildirildi.
Qator fikr-mulohazalar, navbatdagi o‘qishgacha qadar ko‘rib chiqiladigan hamda inobatga olinishi kerak bo‘lgan takliflardan so‘ng deputatlar loyihani konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatladi.