Hashamat: Maqtanish emas, uyalish vaqti keldi

 

Paxta yig'im-terimi mavsumida tahririyat topshirig'i asosida Yangiyo'l tumanidagi bir xo'jalikka borishga to'g'ri keldi. Diplomatik korpus vakillari uchun tashkil qilingan tadbirni matbuotda yoritish kerak edi. Bu tadbir zamiridagi maqsad nima bo'lgan, hali-hanuz javob topolmayman, ammo to‘rt tarafida paxtazor yastanib yotgan dala shiyponida mehmonlar uchun muhayyo qilingan hashamat, yillar o‘tibdi-ki, ko‘z o‘ngimdan ketmaydi.

Keti uzilmay tortilayotgan tansiq taomlar, dasturxonda qush sutidan bo‘lak hamma noz-ne’matlarning to‘kin-sochinligi, bir tarafda yangrab turgan kuy-qo‘shiqlar... Ochig‘ini aytsam, o‘sha lahzalarda qalbimdagi uyalish va g‘azab hissiga o‘xshash qorishiq nimadandir boshimni ko‘tara olmaganman. Hozir ham ana shu olis xotira yodga tushsa, yuzim olovday yonadi.

O‘sha voqeaga 20 yildan oshdi. Bugun davr o‘zgardi. Odamlarning, jamiyatning qarashlari o‘sdi, global axborot zamonida hayotiy mezonlarimiz, intilish va muddaolarimiz ilg‘orlashdi. Ammo, nazarimizda, bir jihatimiz o‘zgargani yo‘q: hashamat va dabdabaga o‘chligimiz.

Ham diniy, ham umuminsoniy qadriyatlar qarichi bilan o‘lchaganda ijtimoiy illat hisoblangan bu tutum birgina yashash tarzimiz-u to‘y-hashamlarimizda bo‘y ko‘rsatayotgani yo‘q. Hashamat, boshqacha aytganda, haddan oshish ayrim davlat tashkilotlari va mansabdor shaxslar faoliyatida ham uchrab turganini yashirishga nahojat?! Eng taassuflisi aslida shunda.

 

Obro‘ bo‘lmay qoldi

O‘qtin-o‘qtin qaysidir mahalliy hokimliklarning narxini eshitsang, kapalaging uchadigan qimmatbaho avtomobillar xarid qilgani yoki xodimlariga eng so‘nggi rusumdagi mobil aloqa vositalarini tarqatgani xabar qilinadi.

Yoxud budjetdan moliyalashtiriladigan yana qaysidir davlat tashkiloti tomonidan xalqaro tadbir qatnashchilarining birgina tushligi uchun ajratilgan mablag‘ taqsimoti nusxasi ijtimoiy tarmoqlarda “aylanib yurib”, jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘lishi ham bor gap. Bunday “tadbirlar”ga misollar oz emas.

Bir odamning hashamatga moyilligi – uning tanlovi, mayli. Biroq hashamdorlikni ko‘z-ko‘zlash davlat tashkiloti vakili, xalq suyangan mansabdor shaxslar uchun behad nomaqbul. “Pul ketsa, ketsin, obro‘ ketmasin” deyish bugun o‘zini oqlamaydi. Chunki birgina tadbir uchun sarf etilayotgan milliard-milliard so‘mlar davlat budjetidan olinadi.

 

“Ichmoqchimisiz, ko‘chaning u betida bar bor”

Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida Yevropaning eng rivojlangan davlatlaridan birida bo‘lib kelgan hamkasbimiz hikoya qiladi:

– Bu davlat hayotida, unda yashovchi insonlarning yurish-turishi-yu yashash tarzida minimalizm yaqqol ko‘rinadi. Barcha masalada va barcha sohada tartib, qonuniylik yuksak darajada. Dabdabaning zarrasini ham ko‘rmaysiz... Dasturga muvofiq xalqaro tadbirlar yakunlandi, bizni ovqatlanish uchun mehmonxona restoraniga taklif qildilar. Mehmonlar uchun tuzab qo‘yilgan shved stolida 2-3 xil garnir, kotlet, gazli-gazsiz mineral suvlar turibdi, xolos.

Ochig‘i, tarvuzimiz qo‘ltig‘imizdan tushib ketdi. “Go‘shtli boshqa taom xohlasangiz, marhamat, menyudan tanlab, pulini to‘lab, yeyishingiz mumkin”, deyishdi tashkilotchilar. Kun haddan ziyod dim, ishdan keyin muzdek pivo ichmoqchiligini bildirgan safdoshimizga mezbonlardan biri tarjimon orqali uqtiryapti: “Pivo ichmoqchimisiz, ko‘chaning u betida bar bor”...

Finlandiyada bir muddat yashab kelgan hamyurtimiz esa finlar hashamat va dabdabani xush ko‘rmasliklarini aytadi. Ta’kidlashicha, bu mamlakat amaldorlari budjet (xalq puli)ni ko‘kka sovurishni birinchi galda o‘z farzandlariga nisbatan xiyonat, deb bilarkanlar.

Mutaraqqiy davlatlarda barcha jabhada qonunlarning mukammal ishlash mexanizmi, budjet mablag‘larining tiyin-tiyinigacha maqsadli va aniq manzilli sarf etilishi, hashamat-u dabdabadan tiyilish, amaldorlarning xalq oldida hisobdorligi – mohiyatan qaraganda ular rivojlanish cho‘qqisiga shu yo‘ldan chiqib bormadimi?!

 

Hashamatning ziddi-zahri

Hozirgi dunyo miqyosida iqtisodiy buhronlar, tahlikali tahdidlar va “ommaviy transformatsiya”lar sharoitida turli darajadagi boshqaruv tashkilotlari bir so‘mni ham ortiqcha sarflamasligi talab etilmoqda.

Aytaylik, necha yuz million so‘mni hokim uchun so‘nggi rusumdagi hashamatli avtoulovga emas, tumanning chekka qishlog‘idagi maktab o‘quvchilari uchun zamonaviy hojatxona qurib berishga xarjlash ko‘proq hayotiy zarurat emasmi?!

Yurtimizda sanitariya-gigiyena holati, ichimlik suvi ta’minoti qoniqarsiz holdagi maktablar oz emas. Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligining natijalarga erishish ofisi tomonidan o‘tkazilgan tahlil 10 mingga yaqin maktablarning 87 foizida markaziy kanalizatsiya mavjud emasligi, 53 foizida esa suv ta’minoti muammoligini ko‘rsatdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda mamlakatimizda virusli gepatit A bilan kasallanish 2022 yilga nisbatan ikki baravarga oshgan, ayni paytda kasallanganlik holatlarining 39 foizi maktab yoshidagi bolalarda aniqlangan. Bu kasallik sifatsiz suv ta’minoti, yomon sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilmaslik bilan chambarchas bog‘liq.

Shu ikki faktni bilgan mas’ul, rahbar qaysi vijdon bilan hashamatga ruju qo‘yishi mumkin? Vijdon yetishmaydigan rahbar fidoyi, adolatparvar bo‘lishi mumkinmi?..

Mutasaddining mol-dunyoga, hashamatga o‘chligi shaxsiy qusurgina emas, jiddiy professional kamchilik, xulq-atvorning, kompetensiyaning yetishmasligi hamdir. Bunday kamchiliklarga qarshi aniqroq va keskinroq choraga ehtiyoj ortmoqda.

 

Qanday taklif bor?

Sirojiddin SHONAZAROV,

O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi rais o‘rinbosari:

— Dabdababozlik, isrofgarchilik va hashamatga mukkasidan ketish kuchayib borayotganini aytib o‘tish o‘rinli. To‘y-hashamlarimizni qarang! Kim o‘zarga o‘ylab topilgan, bor-yo‘g‘i pulni suvga oqizish bilan barobar bo‘lgan odatlarni sanayversak, adog‘i ko‘rinmaydi. Orzu-havas, deydilar. Xo‘p, insonning orzu-havas qilish va uni ro‘yobga chiqarish huquqini hech kim cheklashga haqqi yo‘q. Biroq do‘ppini boshdan olib o‘ylab ko‘radigan zamondamiz. O‘sha ming kishiga osh berayotgan to‘ydorning mahallasida ehtiyojmandlar yo‘q, deb o‘ylaysizmi? Oylab qozoni go‘sht ko‘rmaydigan, bor pulini kasal bolasi uchun sarflab, qarz-havola qilib, farzand dog‘ida kuyib yurgan qancha odamlar bor.

Joylarda aholi bilan uchrashuvlarda shular haqida so‘zlasak, ba’zan ular tomonidan ham e’tirozli fikrlarni eshitamiz. Ayniqsa, ayrim davlat tashkilotlari va mansabdor shaxslarning budjet mablag‘ini hashamatli maqsadlarga sarflayotganidan noroziliklarini bildirishadi.

Hozir axborot olish va tarqatish imkoniyati shu qadar kengayganki, ta’bir joiz bo‘lsa, odamlarimiz tosh ostida nima borligidan xabar topyaptilar. Demak, har bir amal egasi, boshqaruv organi mas’uli va xodimlari bosayotgan qadami, qilayotgan ishi jamoatchilik nazorati ostida ekanini, oddiy odamlar ularga qarab davlat naqadar insonparvar va ijtimoiy adolatli ekaniga baho berishini unutmasliklari shart.

Kuchli ijtimoiy siyosat tarafdori bo‘lgan partiyamiz faollari davlat tashkilotlari va mansabdor shaxslar faoliyatida hashamatni cheklash va uni odob-axloq kodeksini buzish sifatida intizomiy javobgarlikka tortish amaliyotini yo‘lga qo‘yish g‘oyasini ilgari surmoqchi ekani bejiz emas.

Maqsad shu yo‘sinda budjet mablag‘lari ortiqcha sarflanishining oldini olish, xalq pulini ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish kabi dolzarb sohalarga qaratish, davlat va jamiyatda ijtimoiy adolat va barqarorlikni qaror toptirishdan iborat.

Davlat, xalq hisobiga hashamatga mukkasidan ketishdan uyalish, uyalmaganlarni jazolashga o‘tishimiz har tomondan to‘g‘ri bo‘ladi.

 

Farida MAHKAMOVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 31.07.2023, №30

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish