Xalqimdan, Vatanimdan qarzim ko‘p

 

Guliston Annaqilichevaning ma’naviy olami shunday – minglarning ko‘nglini zabt etishga qodir, minglarga suyanchiq bo‘lgulik keng va qudratli olam. Odatda “sheryurak”, degan ta’rifni erkaklar nomiga qo‘shib aytishga o‘rganib qolganmiz. Lekin nechun shunday ta’rif ayollarga nisbatan berilmaydi? Menga qolsa, botirligi-yu jasoratiga qiyos etib ko‘rsak, Guliston opamiz ayni paytda har qanday alp yigitlardan-da dadil, sheryurak!

– Guliston Annaqilicheva avvalo ayol, ona, davlat va jamoat arbobi, o‘tkir siyosatshunos, shoira, jurnalist, adiba, kuchli publitsist. Eng muhimi, davlat va jamoat hayotiga oid o‘ylar bilan qorishib, keng ko‘lamli ishlari bilan yetuk shaxs sifatida shakllangan zahmatkash inson, — deb ta’rif beradi shoira opamiz Robiya Shodiyeva.

– Aziz momomiz ruhi meni afv etsin. Guliston opadagi sabr-u-qanoat, bardosh, matonat, hayotidagi va ijodidagi jasorat haqida o‘ylasam, qadim afsonaviy momomiz qiyofasi bilan bugungi opamiz qiyofasi-yu sumbati, qilgan va qilayotgan ezgu amallari, fidoyiliklarini xayolan qiyoslab, shu opamiz naqd To‘maris momomizning o‘zi, degim kelaveradi. Zamona zayli, To‘maris g‘animlarini qilich bilan mahv etsa, bizning davr To‘marislaridan biri Guliston Annaqilicheva oddiy so‘z qudratini o‘zining matonat va jasorat timsollari barq urib turgan she’riyati bilan namoyon eta oldi, – deydi shoira.

Biz hikoyaga qilayotgan Guliston Annaqilichevani butun mamlakatda ko‘pchilik taniydi, biladi. U 1948 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, To‘rtko‘l tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston XDP fidoyisi. Uzoq yillar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, 2005-2010 yillarda esa O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasiga deputat bo‘lgan. Qoraqalpog‘istonda, butun mamlakatimizda vakillik, parlament institutini shakllantirish va rivojlantirishda bevosita ishtirok etgan.

2015 yildan va 2020 yildan ikki chaqiriqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi. Bugungi kungacha Senatda har bir qonun va qarorlar yuzasidan uning televideniye, radioda intervyulari va matbuotda o‘nlagan tahliliy maqolalari chop qilinmoqda.

Guliston opaning hayot yo‘liga bir nazar solsak, u 1973 yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagan. O‘z faoliyatini 1964 yil To‘rtko‘l tumani radio eshittirishlari, tuman gazetasida boshlagan. 1983 yil tuman gazetasining Bosh muharriri bo‘lgan.

Oila bilan jamoat ishlarini barobariga olib borgan Guliston Annaqilicheva 2005 yil Xotin-qizlar qo‘mitasining «Guloyim» gazetasiga, 2011 yil Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasining «Qoraqalpoq adabiyoti» gazetasiga asos soldi. Hozirda bu gazetalar o‘zining minglab o‘quvchilariga ega.

To‘rtko‘l tumani - qadimgi Xorazm vohasining ulkan madaniyat o‘chog‘ida paydo bo‘lgan, qadimdan belgili el. Uning atrofida hozir ham Guldursin, Tuproq qal’a, Qirqqiz qal’a, Ayoz qal’a singari qadim xorazmshohlar qurgan kentlarning baland devorlari minoralanib, tarixiy o‘tmish xayollariga cho‘mib, quyuq tumanlarga cho‘kib turadi. Bu muqaddas diyor ota-bobolarimizning qadim zamonlardagi dono hikmatlariga boy, dunyoga mashhur “Qirqqiz” dostonining va uni yangi avlodlarga yetkazgan atoqli baxshi Qurbonbay jirovning vatani. Bu jirovni Guliston ham tinglab o‘sgan.

Gulistonning ustozi O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya shunday deb yozadi: “Menga Guliston Matyoqubovaning (oldingi qizlik familiyasi) she’rlari ayniqsa yoqadi. She’rning misralari qalbining alangalaridan o‘tib turg‘anday joningizni isitib o‘tadi. Mavzui keng, turli-tuman va bir biriga o‘xshamagan, lekin o‘qib chiqqach, bilasizki, bu Guliston Matyoqubovaning qalamiga mansub”.

– Bolaligim Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida o‘tgan. Padari buzrukvorim Ahmad ota Matyoqubov o‘ta ma’rifatparvar ziyoli inson edilar. Uyimizdagi tokchalarda juda ko‘p kitoblar turar, otam ularni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylar, tez-tez xonalarni shamollatib turar, “kitoblarning ham joni, ruhi bor, ular ham odamga o‘xshab nafas oladi”, derdilar. Kitobga, adabiyotga mehrim o‘sha paytlardan boshlangan bo‘lsa kerak. Keyinchalik jurnalistikaga, she’riyatga qiziqish uyg‘ondi. 1966 yilda ilk bor O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiya bilan uchrashish sharafiga muyassar bo‘lganman. Ular menga she’riyat bobida ustozlik qilganlar, – deydi Guliston opa. – Inson o‘z kasbiga mehr qo‘ysa, ish uning uchun hech qachon og‘irlik qilmaydi. Men ham jurnalistikaga juda erta kirib kelganman. Hali maktabda o‘qib yurgan kezlarimdayoq tuman gazetasiga qatnay boshlaganman. 8-sinfligimdan boshlab tuman radiosida suxandonlik qilganman. Maktabni oltin medal bilan bitirganman. Lekin, hech qachon rahbarlikka, mansabga intilmaganman. Balki, bu taqdir yo‘lidir, har doim zimmamga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarishga intilib keldim. Shu paytga qadar mehnatimiz, izlanishlarimiz, harakatlarimiz sabablimi, o‘ta mas’uliyatli ishlarda ishladim. Hozir ham mamlakatimizning qonun chiqaruvchi oliy organi – Senat a’zolaridan biriman. Bu men uchun ham katta faxr, ham xalq, el-yurt oldidagi yuksak mas’uliyat. Xudoga shukr qilaman, to‘rt nafar o‘g‘lim bor. Har biri hayotda o‘z yo‘lini topib ketgan. O‘zlari tanlagan sohalarda mehnat qilishyapti.

Hayotda har bir insonning o‘z baxt formulasi bo‘ladi. Siz bu formulani qanday tuzgan bo‘lardingiz, degan savolimizga:

– O'z qadrini bilib yashash. Ya'ni, ayol kishi oilada ham, jamiyatda ham o'z qadrini, o'z o'rnini yaxshi anglay olsa, u chin ma'noda baxtli bo'ladi. O'zini qadrlamagan, hurmat qilmagan ayol hayotda o'z baxtini topa olishi qiyin, — deb javob beradi.

– Oilada ham, jamiyatda ham to'g'ri yo'l tutganimdan xursandman. Ko'p hollarda ishonuvchanligim pand bergan. Odamlarni yaxshi-yomonga ajratishda qiynalganman. Ana shu qusurlar sababli bir necha bor pand yeganman. Ammo, bu xatolar menga katta saboq bergan, tajriba orttirganman. Chunki, inson o‘zining taqdiriga o‘zi yo‘l ochadi. Bu taqdir bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.

Men uchun To‘rtko‘l juda katta olam edi. Dunyoni shu To‘rtko‘ldagi eshiklardan ko‘rganman. Lekin, nasibam, taqdirim mening To‘rtko‘lda ochilgan o‘sha eshik orqali eng avval Nukusga kelgan bo‘lsam, dunyolarni ko‘rayapman. Chunki xizmat vazifalarim tufayli O‘zbekistonimiz hududining men bormagan hududi qolmadi. Hammasini ko‘rganman. Mening shukronam juda ko‘p. Nukusda yashayotganim esa bu mening baxtim, deb o‘ylayman. Qoraqalpog‘iston tug‘ilgan ota-makonimiz kengliklari, tog‘lari, ziyoratgohlari, ko‘ngli ochiq, ajoyib odamlari do‘stlarim bilan menga aziz, menga qadrdon bo‘lib qolgan, do‘stlarim bilan juda azizdir, menga muqaddas bo‘lib qolgan, – deydi opa.

Inson yashar ekan, hayotni tanib, odamlarni tanib, o‘zining hayot yo‘lini belgilab, umri davom etaverarkan. Insonning eng aziz makoni uning oilasi, turmush o‘rtog‘i. Biz Guliston opa to‘g‘risida aytib berishni so‘rab, uning turmush o‘rtog‘i Saparmuhammad akaga yuzlanamiz:

– Bir kuni o‘zim ruldaman, endi ancha yil bo‘lib qoldi. Nukusdan To‘rtko‘lga ketayapmiz. Qoratog‘ga yaqinlashganimizda havo bulutlandi. Men “yomg‘ir yog‘adi-yov hozir”, dedim. Sal yurmay yomg‘ir yog‘a boshladi. «Endi xonim bir she’r bo‘lishi kerak. «Yomg‘ir yog‘sa Qora tog‘ning etaklariga», deb she’r yozgin dedim. Xuddi shu she’r To‘rtko‘lga boramiz deguncha yozildi.

Eslaydigan voqealar juda ko‘p. Bolalar endi tug‘ilgan paytlarida, u vaqtda To‘rtko‘lda ancha-muncha ko‘chalar asfaltlanmagan, mashinamiz xam yo‘q. 50 yil oldingi gapni aytayapman. O‘sha paytda bolalarga kolyaskani olib berganman. Kolyaskaga o‘tqazadi-yu, bog‘chaga olib ketadi. Joylashtirib keyin, ishxonasiga o‘tib ketadi. Bu masofa 4-5 km bor. Men o‘z ishimga ketaman. Tuman markaziy dorixonasida ishlardim. Keyin kechqurun ham mana shu yo‘l bilan yana qaytib kelib, ovqat tayyorlash kerak, uydagi boshqa ishlar deganday.

– Bizning hayotimiz, takror-takror aytishdan hech charchamayman, biz juda baxtli kunlarda yashayapmiz. Shunday davrni ko‘rganim, shu davrda yashayotganimga shukronalar qilamanki, nevaralarimga, evaralarimga havasim keladi. Ular undan ham baxtli zamonda yashashiga ko‘zim yetadi. Meni yana bir katta ishonch umrimni uzaytiradiganday bo‘lib tuyuladi. Bu ishonch shuki, bu yurtga hali juda katta bir hikmatlar kirib keladi. Bu hikmatlarni avlodlar olib keladi. Bu hikmatlar bugun paydo bo‘lgan emas. Besh ming yil, o‘n ming yillarni izlasak ham bobolarimiz, avlodlarimiz, ajdodlarimiz qoldirgan hikmatlari bor. Biz hali hammasini o‘rganib-bilganimiz yo‘q. Bilgan sayin bilmaganimizni sezayapmiz. O‘rgangan sayin o‘rganishimiz kerak bo‘lgan hikmatlar borligini anglayapmiz, – deydi Guliston Annaqilicheva. – Bizning O‘zbekistonimiz, Qoraqalpog‘iston deb ataluvchi, men tug‘ilib o‘sgan yurtda, hali yerning ostidagi sir-asrorlar, yerning ustidagi sir-asrorlar shunday bo‘y tiklaydiki, ona sayyoramiz inson tufayli sog‘-omon tursa, kelajagimizda yurtimiz bilan faxrlanadigan, iftixor qiladigan, g‘urur tuyadigan avlod yashaydi bu tuproqda.

Guliston Annaqilicheva yetuk siyosiy rahbar sifatida ham mamlakatimizda olib borilayotgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi hamda mustaqillikni mustahkamlash, bu sohadagi davlatimiz erishayotgan yutuqlarni targ‘ib qilishda o‘zining o‘nlab publitsistik asarlari, respublika matbuoti va boshqa ommaviy axborot vositalarida yoritilayotgan ko‘plab tahliliy maqolalari, suhbatlari bilan faol ishtirok etib kelmoqda. U davr talablariga o‘zining hozirjavobligi, kamtarligi va samimiyligi bilan saylovchilar, partiyadoshlari hamda hamkasblari orasida katta obro‘-e’tibor qozongan.

– Guliston Annaqilicheva senator va deputat sifatida mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish, aholining turmush sharoitini yaxshilash bilan bog‘liq qator muammolarni bevosita hal qilishga, ayniqsa, saylovchilar bilan tez-tez muloqot qilib, uchrashuvlar o‘tkazib, ularning muammolarini tinglash va o‘z vaqtida samarali yechim topishga alohida e’tibor qaratadi. Buni biz misollarda ham keltirib o‘tishimiz mumkin. Jumladan, Nukus shahridagi “Amudaryo” mahallasidagi uchrashuv chog‘ida “Ayteke biy” ko‘chasiga tungi yoritqichlar o‘rnatish, ushbu hududda “Otalar choyxonasi” va “Kutubxona”, “Sport maydonchasi” qurish masalalari ko‘tarilgan edi.

— Senator tomonidan bu masalalarni tegishli davlat dasturlariga kiritish bo‘yicha takliflar berildi, – deydi Jo‘qorg‘i Kengesdagi O‘zbekiston XDP deputati Nazira Matyaqubova. – Shuningdek, uning yordami bilan Nukus davlat pedagogik instituti talabasi Juldiz Dauletboyevaga qo‘shimcha stipendiya tayinlandi. Nukus shahridagi Pushkin ko‘chasi 9-uyda istiqomat qiladigan, 2 nafar farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan Ra’no Qaipnazarova ro‘zg‘ori, tomorqasi obod qilindi. Uning faoliyatida murojaatlar bilan bog‘liq bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Ko‘p yillik deputatlik faoliyatida ulkan tajriba to‘plagan. Ko‘plab yoshlarning talabchan va mehribon ustozi hamdir. U o‘zining 40 yildan ortiq jurnalistik faoliyati davomida 120 nafar yosh qalamkashlarga ustozlik qilgan va ularning aksari oliy ma’lumotli jurnalist bo‘lib yetishgan. Shogirdlaridan 3 nafari Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibalari bo‘lishdi.

Guliston Annaqilicheva 2016 yil “Fidokorona xizmatlari uchun”, 2024 yil “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlandi. Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, Berdax nomidagi Davlat mukofoti sovrindori.

– Men bugun qanday yutuqqa erishgan bo‘lsam, barchasini sizlardan oldim, xalqimdan oldim. Olganlarim bunyodkor xalqimizning yurtni yanada obod qilish, poytaxtdan boshlab ovul va qishloqlarimiz qiyofasi yanada ko‘rkam bo‘lishi, dasturxonlar to‘kin-sochinligi, olib borilayotgan yaratuvchilik mehnatlari natijasidir. Omonlarim — Qoraqalpog‘istondagi yaratilayotgan katta imkoniyatlar, ziyolilar uchun ochilgan nurli eshiklar, hamma-hammasi barcha ijodkorlarning ilhomi, aytiladigan so‘zlarimiz, yoziladigan she’rlarimiz, asarlarimizdir. Mening hali xalqimdan, Vatanimdan qarzim ko‘p!

 

Minajatdin QUTLIMURATOV,

Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

«O‘zbekiston ovozi», 31.07.2023, №30

 

 

 

 

 

Teglar

Faxriy Deputat Oliy Majlis Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish