Fraksiya tashabbusi bilan vazir axboroti eshitiladi

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari Mikromoliyalashtirish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildilar.

Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, nobank kredit tashkilotlari faoliyatiga nisbatan o‘rnatilgan ayrim cheklovlar, shu jumladan qo‘shimcha moliyaviy resurslar jalb etish imkoniyatlarining cheklanganligi mazkur tashkilotlar tomonidan keng doiradagi iste’molchilarga mikromoliyaviy xizmatlarning ko‘rsatilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Shu bilan birga, yetarli salohiyatga ega mikromoliya tashkilotlarining tijorat bankiga bosqichma-bosqich “o‘sishi” uchun imkoniyatlarning mavjud emasligi sohaga oid qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda. Ushbu Qonun bilan mikromoliya tashkilotlari va tijorat banklari o‘rtasida “zanjir” yaratish, shuningdek mikromoliya tashkilotlari uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslar jalb qilish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish, mikromoliya tashkilotlarini mikromoliya banklariga va mikromoliya banklarini tijorat banklariga hamda aksincha transformatsiya qilishning huquqiy asosi yaratilmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida''gi, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida''gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida''gi va “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida''gi qonunlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonun loyihasida mikromoliya banki tushunchasi, mikromoliya banki tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat turlari, mikromoliya banki ustav kapitalining eng kam miqdori, Markaziy bank tomonidan mikromoliya banki faoliyatini tartibga solish belgilanmoqda.

Deputatlar mazkur qonun loyihasi qabul qilinishi aholining keng qatlamlari tadbirkorlik tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishiga, hududlarda mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish ko‘lamining oshishiga xizmat qilishni e’tirof etgan holda ayrim muhim masalalar yuzasidan oydinlashtiruvchi savollar bilan ham murojaat qilishdi. Qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan fikrlar, takliflar bildirilib, hujjat birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Yig‘ilishda shuningdek, fraksiya tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Musayevning «2024 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturining ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida''gi axborotini eshitish haqidagi masala ham muhokama qilindi va ma’qullandi.

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish