40 mingdan ortiq imzo topshirildi

 

Shu yil 27 oktabr kuni o‘tadigan saylov avvalgilaridan ancha katta va muhim bo‘ladi. Biz bir paytning o‘zida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga nomzodlarni saylaymiz.

Yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylanadigan deputatlarning teng yarmi majoritar, yana teng yarmi esa proporsional tartibda saylanishi muhim yangiliklardan biridir.

Oldin saylovchilar faqat nomzodlarga ovoz berishgan bo‘lsa, endi siyosiy partiyalarning g‘oyalariga, tashabbuslariga, nimani va'da berayotganlariga qarab ham ovoz berishadi. Ya'ni, endi qaysi partiya qanday mafkuraga tayanishi, parlamentda qaysi partiya ko‘p o‘ringa ega bo‘lsa, jamiyatda nima o‘zgarishlar qila olishi haqida ham fikr yuritib ovoz berishimiz kerak.

Markaziy saylov komissiyasi saylov kampaniyasi boshlanganini e’lon qilishi bilan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi plenumida saylovda ishtirok etish haqida yakdil qaror qabul qilindi. Shu tariqa birinchi qadam tashlandi.

Saylov kodeksiga muvofiq, saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to'g'ri to'ldirilganligini tekshirishda ishtirok etishi hamda saylov o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa hujjatlarni Markaziy saylov komissiyasiga topshirish va qabul qilib olish vakolatiga ega bo‘lgan partiyaning vakolatli vakili tayinlandi.

Xalq demokratik partiyasi ham belgilangan tartibda saylov kampaniyasida qatnashishi bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasiga ariza topshirib, vakolatli vakil ro‘yxatdan o‘tkazdi va imzo varaqalari blankalarini oldi.

Saylovda ishtirok etish istagidagi har bir partiya mamlakatdagi umumiy saylovchilar sonining kamida bir foizining imzosini to‘plashi qonunchiligimizda belgilangan. 1 avgustdan 15 avgustga qadar saylovchilarning imzolarini to‘plash tadbirlari olib borildi. Xususan, ish, xizmat, o‘qish, yashash joylarida va qonunda taqiqlanmagan barcha aholi gavjum hududlarda mazkur tadbirlar o‘tkazildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar kengashlari, 200 dan ortiq shahar va tuman Kengashlari, 10 mingdan ziyod boshlang‘ich partiya tashkilotlarida saylovchilarning qo‘llab-quvvatlovchi imzolarini to‘plash ishlari tashkillashtirildi.

Belgilangan muddatda partiyaning barcha darajadagi tashkilotlari xodimlari, deputatlar, partiyamiz xayrixohlari va ko‘ngillilar saylovda qatnashish uchun kerakli bo‘lgan miqdorda imzolarni to‘plashga erishdi. Qonunchilikda belgilangan talablar asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan 40 mingdan ortiq saylovchining imzolari to‘plandi.

Mazkur jarayonda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi. Ular asosan partiyaning o‘tgan yillarda ijtimoiy himoya, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish kabi yo‘nalishlarda amalga oshirgan ishlari xususida so‘rashdi. Yuzma-yuz muloqotlarda partiya maqsadi, tashabbuslari, erishgan natijalari haqida fikr yuritildi.

17 avgust kuni partiyaning vakolatli vakili tomonidan saylovda O‘zbekiston XDPning ishtirok etishi uchun saylovchilarning qo‘llab-quvvatlovchi imzolari yig‘ilgani va partiyaning saylovda ishtirok etishi bo‘yicha partiya Markaziy Kengashi raisining arizasi “E-saylov” axborot tizimi orqali yuborildi. Ushbu amaliyotdan so‘ng O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining vakolatli vakili partiya bosh shtabi mas’ullari bilan birgalikda Markaziy saylov komissiyasiga imzo varaqalari blankalarini topshirdi.

O‘rnatilgan tartibga binoan Markaziy saylov komissiyasida tuzilgan ekspert guruhi har bir imzo varaqasini ko‘zdan kechiradi. Bu bosqich 5 kunlik muddat ichida nihoyasiga yetkazilishi lozim.

 

Rashid MURTAZAYEV,

xalq deputatlari Qarshi shahar Kengashidagi O‘zXDP guruhi rahbari:

– Uzoq yillardan beri siyosiy jarayonlarda qatnashib kelaman. Bu safargi imzo yig‘ish jarayonlarida aholining bizga berayotgan savollaridan anglash mumkinki, bu saylov avvalgilariga qaraganda qizg‘in o‘tadi. Sababi, odamlar nomzodlar haqida ko‘p ham so‘rashmayapti, balki proporsional saylov tizimi, uning qanday ishlashi, partiyaning dasturi, nimalarni va’da berishiga qiziqmoqda.

Yana bir narsaga amin bo‘ldimki, odamlarning siyosiy madaniyati tez o‘smoqda. Ularning ataylab imzo berish uchun kelayotgani, imzo berishning ahamiyatini, mas’uliyatini his qilayotganini ko‘rish kishiga zavq beradi. Hatto ba’zilari men saylovchi sifatida partiyangiz dasturiga taklif bersam bo‘ladimi, deb so‘rashdi.

Men shunday xulosaga keldim, odamlarimizda siyosiylashish jarayoni tezlashgan. Bu O‘zbekistonda iqtisodiy va siyosiy tendensiyalar parallel rivojlanayotganini anglatishi bilan birga, saylovchilarning ishonchini qozonish, ularni o‘z g‘oyalarimiz ortidan ergashtirish uchun qattiq tayyorlanishimiz kerakligini ham ko‘rsatmoqda.

 

Gulbahor MO‘MINOVA,

O‘zXDP Pop tuman Kengashi raisi:

– Mana, imzo yig‘ish jarayonlari ham nihoyasiga yetdi. Bajaradigan har bir ishimiz aniq strategiya asosida bo‘lishi muhim. Imzo to‘plash ham saylovning eng muhim bosqichlaridan biri. Chunki aynan shu bosqichdan boshlab siz saylovchilarning qo‘llovini, xayrixohligini his qilasiz. Bu katta narsa. Ishonch har doim insonga ishtiyoq beradi.

Qolaversa, endigina saylov yoshiga yetgan yoshlarning imzo berish uchun kelishi, ularni qiziqtirgan savollarga javob berishingiz orqali ularda partiyangiz g‘oyalari haqida tasavvur paydo bo‘layotganini bilish ham quvontiradi odamni.

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy saylov komissiyasidan saylovda qatnashishga ijozat berilishini kutmoqda.

 

«O‘zbekiston ovozi», 21.08.2023, №33

 

 

 

 

 

Teglar

Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish