Yangi ish o‘rinlari yaratgan tadbirkorlar bugun e’zoz va e’tirofda

 

Davlatimiz rahbari kuni kecha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Bu uchrashuvda nafaqat mamlakatimizdagi tadbirkorlar, balki, xorijiy davlatlarda yurtimiz nomini tanitayotgan vatandoshlarimiz, 40 nafardan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi. Bugungi kunda o‘z ishini yaxshi yo‘lga qo‘yib, yangi ish o‘rinlari yaratgan bir qator tadbirkorlar davlat mukofoti bilan taqdirlandilar. Ilg‘or biznes vakillaridan 37 nafari orden va medallar bilan, 104 nafari “Faol tadbirkorlar” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Bir yil davomida tadbirkorlar bilan uzluksiz muloqot davom etdi. Prezidentimiz, Bosh vazir, Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, hokimlar, Savdo-sanoat palatasi, Biznes ombudsman-barcha-barcha rahbarlar yil bo‘yi tadbirkorlar bilan doimiy muloqot olib bordi.

Natijada, tasdiqlangan rejadan tashqari, tadbirkorlar tomonidan 700 dan ortiq masala, tashabbus va yangi loyihalar qo‘llab-quvvatlandi, 8 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Yaratilgan sharoitlar natijasida minglab ish o‘rinlari yaratildi.

Ochig‘i bundan bir necha yillar oldin tadbirkorlik qilishdan odamlar cho‘chirdi, chunki, tadbirkor ishini boshlar-boshlamas tekshir-tekshir ko‘p edi. Buning natijasida ilgari kredit, bozor topish, infratuzilma bilan bog‘liq muammolar, tinimsiz “tekshir-tekshirlar” sababli 60 foiz yangi tadbirkorlar faoliyati birinchi yilning o‘zidayoq to‘xtab qolardi. Odamlarning tadbirkorlik qilishga ishonchi yo‘qolib borayotgan bir paytda, yangicha ruh, yangicha madad kirib keldi desak, bu ham ayni haqiqat. Ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladigan Biznes ombudsman lavozimi joriy etildi.

Mahallalarda yangi “Mahalla yettiligi” tizimi joriy qilinib, har bir mahallada hokim yordamchisi lavozimi tashkil etilib, faoliyat olib bormoqda. Hokim yordamchilari bugun o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lganlarga biznes loyihalarini qilishda ko‘makchiga aylandi. Mahallalarda issiqxona deysizmi, asalarichilik deysizmi, yoki xizmat ko‘rsatish deysizmi, hamma-hammasi bugun mahallada bor. Pirovardida odamlar shahar markaziga emas, balki mahallaning guzarida o‘z ehtiyojlarini javob topmoqda. Bu yangi tizim, yangi institut qanchalik uzoqni ko‘zlab qilingan ish ekanligini hammamiz ko‘rib, amalda buning ishtirokchisiga aylanib, guvohi bo‘lib turibmiz.

 

Mavjuda Hasanova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish