Qoraqalpog‘istonliklar saylovoldi dastur loyihasiga takliflar berdi

 

Xabar berilganidek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Saylov komissiyasidan saylovda qatnashishga ijozat oldi. Shu kunlarda hududlarda partiyaning yangi Saylovoldi dasturi loyihasini har tomonlama takomillashtirish uchun jamoatchilik muhokamalari bo‘lib o‘tmoqda.

Muhokamalarda partiya faollari, xayrixohlar, turli soha mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari o‘z fikr-mulohaza hamda takliflari bilan faol ishtirok etmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ibrohim Yusupov nomidagi ijod maktabida yangi Saylovoldi dasturi loyihasining jamoatchilik muhokamasi o‘tkazildi. Unda partiya a’zolari, hududdagi faollar, boshlang‘ich partiya tashkilotlari yetakchilari, ijtimoiy soha, xususan, ta’lim, tibbiyot sohasi vakillari qatnashdi.

Muloqotda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov yig‘ilganlarni yangi Saylovoldi dasturi loyihasi konsepsiyasi bilan tanishtirdi.

Ta’kidlanganidek, partiya o‘z dasturiy hujjatini ijtimoiy adolat va tenglik, ijtimoiy birdamlik, ijtimoiy demokratiya g‘oyalariga asoslangan holda ijtimoiy demokratik davlatni barpo etish maqsadidan kelib chiqib shakllantirmoqda.

Dasturda kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, arzon uy-joy va sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatish, malakali tibbiy xizmat, mamlakatning intellektual salohiyatini yuksaltirish kabi 10 ta yo‘nalishda 100 ga yaqin maqsad belgilab olinmoqda.

Misol uchun, pensiya tizimini isloh qilish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish yoki jarima bo‘yicha tushumlarni to‘liqligicha davlat budjetiga yo‘naltirish, mahalliy investorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga xorijiy investorlar bilan bir xil imtiyozlar berish masalalari prinsipial ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Kredit mexanizmlarini ijtimoiy adolat prinsipiga muvofiqlashtirish, garovga qo‘yilgan mulkni kredit olgan shaxsga sotish imkonini berish bilan bilan bog‘liq g‘oya kam daromadli fuqarolar uchun muhim ahamiyatga ega ekani bildirildi.

Muhim ijtimoiy qarorlar qabul qilishda ijro hokimiyatining siyosiy partiyalar bilan maslahatlashish institutini joriy qilish masalasi deputatlar, boshlang‘ich partiya tashkilotlari yetakchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Qatnashchilar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining yangi Saylovoldi dasturiga kiritish ko‘zda tutilayotgan g‘oya va tashabbuslar bilan atroflicha tanishar ekan, ularning ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillariga asoslanganligi, kambag‘allikni qisqartirish, barqaror daromad manbaini mustahkamlashga yo‘naltirilganligini har jihatdan ma’qullashdi.

Muhokamada ishtirokchilar ta’lim, sog‘liqni saqlash, yo‘l harakati xavfsizligini kuchaytirish, ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtirish ta’minlash bo‘yicha fikr-mulohaza va takliflarini bildirishdi.

 

 

 

 

 

Teglar

Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish