Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi hamkorligida “Mahallada aholi bandligini ta’minlashning yangi mexanizmlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O'zXDP Markaziy Kengashi mas'ul xodimlari, Toshkent shahar Olmazor tumani "Oltinsoy" MFY faollari ishtirok etgan muloqotda mamlakatimizda aholi bandligini ta'minlash bo'yicha olib borilayotgan islohotlar, ijobiy o'zgarishlar, qonunchilikdagi yangiliklar hamda ularning xalqimiz farovonligini yuksaltirishdagi o'rni to'g'risida ma'lumotlar berildi.
Qayd etildiki, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining asosiy maqsadi ish o‘rinlarini ko‘paytirish va kambag‘allikni qisqartirishdir. Keyingi yillarda yurtimizda aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ularning daromadlarini izchil oshirish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
So‘zga chiqqanlar aholi bandligini ta’minlash borasidagi islohotlar va ularning natijalari haqida gapirib o‘tishdi. So‘nggi 3 yilda mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish o‘rinlarni yaratish borasida butunlay yangi va alohida tizim yaratilgani qayd etildi.
2023 yilning boshida bu masalada yana bir o'ta muhim yangilik hayotga tatbiq etila boshlangan edi. Barcha tumanlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasiga qarab 5 toifaga ajratildi. Tumanning qaysi toifaga kiritilganidan, ya'ni sharoitidan kelib chiqib, turli darajada yengilliklar berish tartibi joriy etildi.
Bugun kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Bu soha davlat tomonidan chuqur qo‘llab-quvvatlanmoqda. Jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida yiliga 13 trillion so‘m kredit va 1,5 trillion so‘m subsidiya ajratilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi O‘rol O‘rozboyev davlatimiz rahbari raisligida hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar mazmun-mohiyatini haqida ma’ruza qildi. U o‘z so‘zida Prezidentimiz tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatining Sayxunobod, Namangan viloyatining Uychi, Jizzax viloyatining Zarbdor va Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida tajribalar boshlangani, iqtisodiy kompleks mahallaga tushirilgani hisobiga 4 mingdan ortiq mahalla sanoat va qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashganini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zXDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i Boymurod Yusupov kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlashning yangi mexanizmlari haqida gapirib, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” hamda 2023 yilda yangi joriy etilgan “Ijtimoiy himoya reyestri” orqali 2 million 300 ming oila, xotin-qizlar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan aholi moddiy yordam bilan to‘la qamrab olinganiga e’tibor qaratdi.
Davra suhbati yakunida yaxshi tajribalarni inobatga olgan holda, mahalla institutining oilalarni mustahkamlash va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashdagi rolini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.