Ishga qabul qilishni noqonuniy rad qilish holatlari kamayadi

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini 1-o‘qishda ko‘rib chiqdilar.

Ma’lumki, 2022 yilda yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi qabul qilinib, unga muvofiq, yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar va ular bilan bevosita bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning asosiy prinsiplari belgilangan edi. Mazkur hujjat bilan xodimlar mehnat huquqlari va erkinliklarining, shu jumladan mehnat qilishga, erkin ish tanlashga, adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlariga hamda ishsizlikdan himoyalanishga bo‘lgan huquqining davlat kafolatlarini belgilangan.

Biroq, ishga qabul qilishda ishga kirayotgan shaxsdan talab etiladigan hujjatlar qisqargan bo‘lsada, Mehnat kodeksida mavjud bo‘lganligi sababli Mehnat kodeksi asos qilinib, ayrim ish beruvchilar tomonidan ushbu hujjatlar talab qilinayotganligi, bu esa fuqarolarni ortiqcha sarsongarchilik va xarajatlariga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli Mehnat kodeksida ishga qabul qilishda ish beruvchilar tomonidan talab etiladigan hujjatlar sonini qisqartirish zarurligi aniqlangan. Bundan tashqari, ayrim texnik xatoliklar mavjudligi tufayli ularni bartaraf etuvchi va aniqlik kirituvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zaruriyati paydo bo‘ldi.

Qonun loyihasi bilan Mehnat kodeksiga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilmoqda. 124- hamda 434-moddalar bilan ishga qabul qilish chog‘ida ishga kirayotgan shaxslardan talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati qisqartirilmoqda. Ya'ni, axborot texnologiyalarini qo‘llash va raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida ayrim hujjatlarni ishga kirayotgan shaxsdan talab qilmasdan axborot tizimlaridan olish imkoniyati yaratilgan. Davlat tashkilotlari va xo‘jalik birlashmalari shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va mehnat daftarchalarni so‘rashi bekor qilinmoqda. Shuningdek, ish beruvchilar tomonidan jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasini talab qilish amaliyoti bekor qilinmoqda.

Fraksiya a'zolari qonun loyihasini muhokama qilishar ekan, partiya elektorati uchun qator yengilliklar berishi, ishga kiruvchilar hujjat to'plash uchun ortiqcha vaqt sarflab yurishi to'g'ri kelmasligi, byurokratik to'siqlar bartaraf etilishini alohida ta'kidlashdi. Qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar, savol va takliflar berildi. Axborot texnologiyalarini qo‘llash va raqamlashtirish orqali ishga qabul qilishda ish beruvchilar tomonidan talab etiladigan hujjatlar sonini qisqartirilishi natijasida ishga qabul qilishni noqonuniy rad qilish holatlari kamayishi, korrupsiyaviy holatlar oldi olinishi hisobga olinib, qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma'qullandi.

Fraksiya yig‘ilishida shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Xalqaro mehnat tashkilotining haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi 132-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1970 yil 24 iyun) ratifikatsiya qilish haqida"gi qonuni loyihasi ham muhokama qilindi.

Konvensiya har bir xodimga belgilangan eng kam davomiylikda har yilgi haq to‘lanadigan ta'til olishini tartibga solish bilan bog'liq bo‘lib, ko‘plab mamlakatlarda juda keng qo‘llaniladi. Uning asosiy maqsadi – barcha ishlaydigan xodimlarga dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish o'rni (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda xodim ishdan ozod etiladigan, xodimga har yili ish yili davomida beriladigan ta’tillarni ta’minlashdan iborat. Mamlakatimizda xodimlarning mehnat huquqlarini, shu jumladan, dam olish va haq to‘lanadigan ta'tillardan foydalanish huquqlarini ta’minlash loyihaning maqsad va vazifalari hisoblanadi.

Konvensiyaga qo‘shilishi kelgusida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishga, Xalqaro mehnat tashkilotining hujjatlarida belgilangan mehnat huquqlarini, shu jumladan, dam olish va haq to‘lanadigan ta’tillardan foydalanish huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro standartlarni samarali joriy etish, shu bilan birga, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarda O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirish uchun xizmat qilishini inobat olib, fraksiya a’zolari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

 

 

 

 

 

Teglar

Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish