Jamoatchilik muhokamasi qizg‘in, yangi fikr va takliflarga boy o‘tmoqda

 

Har bir o‘tgan kun bizni jamiyat hayotidagi muhim sanaga yaqinlashtirmoqda. Saylovga qadar 60 kundan kamroq vaqt qoldi. O‘zbekiston XDP uchun jarayonlar qizg‘in tus olmoqda. Markaziy saylov komissiyasidan saylovda qatnashishga ijozat olingandan so‘ng joylarda partiyaning yangi Saylovoldi dasturi loyihasini har tomonlama takomillashtirish uchun jamoatchilik muhokamalari o‘tmoqda.

Tadbirlarda partiya a’zolari, hududdagi faollar, boshlang‘ich partiya tashkilotlari yetakchilari, turli tizimdagi mutaxassislar, ta’lim, tibbiyot kabi ijtimoiy soha vakillari o‘z fikr-mulohazalari bilan faol qatnashmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatidagi muloqotlarda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov yig‘ilganlarni yangi Saylovoldi dasturi loyihasi konsepsiyasi bilan tanishtirdi.

Ta’kidlanganidek, partiya o‘z dasturiy hujjatini ijtimoiy adolat va tenglik, ijtimoiy birdamlik, ijtimoiy demokratiya g‘oyalariga asoslangan holda ijtimoiy demokratik davlatni barpo etish maqsadidan kelib chiqib shakllantirmoqda. Dasturda kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, arzon uy-joy va sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatish, malakali tibbiy xizmat, mamlakatning intellektual salohiyatini yuksaltirish kabi 10 ta yo‘nalishda 100 ga yaqin maqsad belgilab olinmoqda.

Misol uchun, kam daromadli fuqarolarning buzilgan huquqlarini himoya qilishda advokatura va yuridik xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta’minlash, bepul maslahat beradigan “yuridik klinika”lar tarmog‘ini rivojlantirishga urg‘u berilayotgani hayotiy zarurat ekanligi ta’kidlandi.

Dasturda, shuningdek, ijtimoiy hayotimizdagi muammolarning konkret yechimlari aks ettirilayotgan bo‘lib, banklar taklif etayotgan kredit mexanizmlari ijtimoiy adolat prinsiplariga muvofiq bo‘lishiga e’tibor qaratilmoqda. Ipoteka krediti to‘lovi bo‘yicha qarzdorlik yuzaga kelganligi sababli garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulkni fuqaroga o‘ziga qulay narxda sotish imkonini berish masalasi ham ijtimoiy adolat tamoyillariga mos va xos bo‘lishi qayd etildi.

Dastur loyihasida o‘rin olgan pensiya tizimini isloh qilish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish yoki jarima bo‘yicha tushumlarni to‘liqligicha davlat budjetiga yo‘naltirish, mahalliy investorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga xorijiy investorlar bilan bir xil imtiyozlar berish kabi masalalar prinsipial ahamiyatga ega.

Qatnashchilar partiyamizning yangi Saylovoldi dasturiga kiritish rejalashtirilayotgan g‘oya va tashabbuslar bilan batafsil tanishar ekan, ularda xalq manfaatlari nuqtai nazaridan yondashilgani, mamlakatda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga yo‘naltirilganini har tomonlama ma’qullashdi.

Muhokamada ishtirokchilar sog‘liqni saqlash, sifatli kommunal xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, bandlikni ta’minlash bo‘yicha fikr-mulohaza va takliflarini bildirishdi.

 

Nazira MATYOQUBOVA,

Qoraqalpog‘iston respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist:

— Partiyamiz Saylovoldi dasturi loyihasi konsepsiyasi bilan yaqindan tanishdik, xursand bo‘ldik. G‘oyalarimizning o‘ziga xosligi va menga ma’qul taraflari shundaki, hammasi insonlarning farovon yashashi, davlat fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilishi, barcha birdek ta’lim olish huquqiga ega bo‘lishiga qaratilganida.

Loyihada ham mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishga, ijtimoiy tenglik, ijtimoiy adolatni kafolatlashga qaratilgan ko‘plab halqchil taklif-tashabbuslar bor ekaniga guvoh bo‘ldim.

Masalan, adolatli davlat pensiya ta’minoti tizimini joriy qilish masalasi ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi. Masalan, hozir soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab, davlat qonun qoidalari asosida ishlagan inson kelajakda munosib pensiya olishi kafolatlanishi bilan bog‘liq masalalar qamrab olingan.

Uzoq yillar oldin sobiq jamoa xo‘jaligi va shirkat xo‘jaligida mehnat faoliyatini yuritgan fuqarolarning ana shu mehnat davrlarini pensiya tayinlashda to‘liq yil sifatida inobatga olish tashabbusini olaylik. Bu adolatdan bo‘ladi. Yoki pensiyaga chiqib, kamida besh yil ishlagan va bu vaqtda daromad solig‘ini, ijtimoiy soliqni to‘lagan pensionerlar uchun muqaddam tayinlangan pensiyani qayta hisoblab, oshirilgan miqdorda tayinlash ham juda yaxshi taklif.

Saylovoldi dasturi muhokamasi qiziqarli, bahs-munozaralarga boy tarzda kechdi. Aslida mana shunday muhokamalar chog‘ida zo‘r g‘oyalar tug‘iladi. Biz ham o‘z takliflarimizni berdik.

 

Alisher JANZAKOV,

O‘zbekiston XDP Sirdaryo viloyat kengashi raisi o‘rinbosari:

— Saylovlar – yirik demokratik jarayon. Chunki unda yurtimizning, xalqimizning kelajagi haqida yangi g‘oya, tashabbuslar, takliflar ilgari suriladi. Saylovchilar uchun ham partiyalar g‘oyalaridan xabardor bo‘lib, ulardan birini tanlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Shu jihatdan fuqarolar saylov bilan bog‘liq barcha jarayonlardagi har bir bosqichda faol bo‘lishi, o‘z kelajagiga befarq emasligini ko‘rsatishi lozim.

Dastur loyihasi muhokamalarida bevosita qatnashdik. Ishonch bilan aytish mumkinki, loyihada jamiyatimiz, xalqimiz kelajagiga daxldor ko‘plab masalalar ilgari surilmoqda.

Masalan, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali daromad topayotganlardan ham hamma qatori daromad solig'ini olishni yo'lga qo'yish taklifini olaylik. Bu adolatli, deb o'ylayman. Chunki jamiyatdagi qonun-qoidalar ham, huquqlar ham teng bo'lishi lozim.

Hammaga ma'lumki, ishlab daromad topayotgan har bir shaxs mamlakat budjeti uchun daromad solig'ini to'laydi. Bu butun dunyoda yo'lga qo‘yilgan uzoq yillik mexanizm. Bu to'g'ri tizim. Sababi, biz to'layotgan soliqlardan davlat budjeti shakllantiriladi. Ijtimoiy soha, maktablar, ta'lim, tibbiyot singari sohalar moliyalashtiriladi.

Shunday ekan, nega chekka qishloqlarda farzandlarimizga ta'lim berayotgan o‘qituvchilar, sog‘lig‘imizga mas'ul shifokorlar daromad solig‘i to'layapti-yu, ammo internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali daromad topayotganlar deyarli soliq to‘lamayapti? Bu ijtimoiy adolat tamoyillariga to'g'ri kelmaydi.

Men ijtimoiy tenglik, ijtimoiy adolat tarafdoriman. Shu sababli ham dastur loyihasidagi aksariyat bandlar menga ma'qul. Muhokama vaqtida yana asosli takliflar bildirildi. O‘ylaymanki, bu takliflar ham Saylovoldi dasturidan o‘rin oladi.

 

Shuhrat TESHAYEV,

Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, O‘zbekiston XDP a’zosi:

— Partiya Saylovoldi dasturini tasdiqlashdan avval jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani juda yaxshi bo‘libdi. Bu saylovchilarga imkoniyat demakdir. Ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olibgina qolmasdan, takliflari va dastur loyihasi haqidagi e’tirozlarini ham bildirishi mumkin. Xalq demokratik partiyasi uzoq yillik tarixga ega. Doim saylovlarda yaxshi natijalarga erishib kelgan. Takliflari, tashabbuslari, g‘oyalari har bir insonning yanada farovon yashashiga qaratilgan.

Saylovoldi dasturi loyihasi muhokamasida ham xalqchil taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik tamoyillari, barcha uchun teng imkoniyatlar, og‘ir ijtimoiy sharoitlarga tushib qolgan insonlarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, ish bilan ta’minlanishi, sifatli kommunal xizmatlari ko‘rsatish, adolatli pensiya tizimini qo‘lga qo‘yish singari takliflar ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi.

Bundan tashqari, yo‘llardagi ta’mirlash ishlari va ularning davomiyligi haqida fuqarolarni xabardor qilish masalasi ham qiziq. Bu haqida kamida 10 kun oldin ushbu hududda yashovchi aholini ogohlantirish hamda internet tarmog‘ida e’lon joylashtirish me’yorini joriy qilish taklif qilinyapti. Albatta, yaxshi taklif. Ertalab ishga ketayotganda yoki kechki payt ishdan qaytayotganda odatda yuradigan yo‘limizda ta’mirlash ishlari ketayotgan bo‘lsa, yaxshigina noqulaylik keltirib chiqaradi. Xabardorlik bo‘lsa, tirbandliklar va avto avariyalarning oldini olish imkoni ham oshadi.

Yana bir masalani ham aytmasam bo‘lmaydi. Bu farmatsevtika tizimida nazoratni kuchaytirish bilan bog‘liqdir. Ya'ni, "Dori-darmonlar va tibbiy vositalar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida"gi qonunni qabul qilish tashabbusi bu borada juda o‘rinli va kerak bo‘lgan chora, deb o‘ylayman.

Chunki biror kim shamollasa yoki boshqa turdagi kasallikka chalinsa, shifokor ko'rigiga bormay, televizorda ko'rgan reklamadagi dorilardan sotib oladi. Uning zararini hisobga olmaydi. Ehtimol, dorilar haddan ziyod ko'p bo'lganligi tufayli ham shundaydir. Shu sababli farmatsevtika bozorini qonun bilan tartibga solish to'g'ri yechim bo‘ladi.

 

Shaxzodbek YETMISHBOYEV,

raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti Kasaba uyushmasi raisi:

— O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi uzoq yillardan buyon aholi turmush darajasini oshirish, fuqarolarning ijtimoiy himoyasi kabi maqsadlarni ko‘zlab o‘z dasturlarini ishlab chiqadi.

Muhokamasida ishtirok etdim va ko‘plab yaxshi takliflar, tashabbuslarni tingladim. Ayta olamanki, yig‘ilganlarda aksariyat masalalar qiziqish, ishonch uyg‘otdi.

Masalan, iqtisodiyotda davlatning faol roli va ishtirokini, strategik ahamiyatga ega kompaniyalar ustidan davlat nazoratini saqlab qolish, ularni xususiylashtirishni qonun darajasida taqiqlash taklifini olaylik.

Nazarimda, iqtisodiyotda davlatning faol roli hamisha bo‘lishi kerak. Bu mamlakat manfaatlari bilan bir qatorda oddiy fuqarolar, ishchilar haq-huquqlari muhofaza qilinishida ham muhim o‘rin tutadi. Yirik kompaniyalar, korxonalar rahbarlari faqat shaxsiy daromad orttirishi haqida o‘ylashiga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlat tomonidan nazorat bo‘lganidan keyin har bir qo‘yayotgan qadamini har tomonlama o‘ylab, xalq bilan ham hisoblashib keyin qo‘yadi. Shuningdek, strategik ahamiyatga ega kompaniyalarni xususiylashtirishni qonun darajasida taqiqlash taklifi haqida ham xuddi shu fikrlarni aytish mumkin. Umuman mamlakatda, jamiyatda qilinayotgan har bir ishda davlatning faol ishtiroki bo‘lishi shart.

Saylovoldi dasturida bu kabi xalqchil tashabbuslar oz emas. Muhokamalarda qo‘shimcha taklif va mulohazalar bildirildi. Barchani mana shu kabi jamoatchilik muhokamalarida faol qatnashishga chaqirib qolaman. Chunki dasturlar orqali mamlakatimiz, jamiyatimiz kelajagi hal bo‘ladi, o‘zgaradi.

 

Partiyaning Saylovoldi dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuvlar Sirdaryo viloyatida ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Muloqotda viloyatdagi tuman va shaharlar saylovchilari, talabalar, yoshlar, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya faollari ishtirok etdi.

Muloqotda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Vafoyev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni yangi Saylovoldi dasturi loyihasi konsepsiyasi bilan tanishtirdi.

Qashqadaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan muhokamalarda ishtirokchilar savollariga partiya Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova atroflicha javob qaytardi. Yangi Saylovoldi dasturi loyihasining konsepsiyasi bilan yig‘ilish ishtirokchilarini tanishtirdi. Shuningdek, yangi tashabbuslar, g‘oyalar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Namangan viloyatida bo‘lib o‘tgan muloqotda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Firdavs Sharipov ishtirok etdi. U yig‘ilganlarni Saylovoldi dasturining loyihasi bilan tanishtirar ekan, eng ustuvor jihatlarga e’tibor qaratdi.

Har bir yo‘nalish jamoatchilik fikri, hududlarda olingan takliflar va aholi murojaatlari mazmunidan kelib chiqib shakllantirilganini ta’kidladi. O‘z navbatida, muloqot qatnashchilarning fikr-mulohazalari va takliflari bilan ham qiziqdi. Bildirilgan takliflar dasturni qayta ishlashda foydalanilishini qayd etdi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

O‘zbekiston XDP Axborot xizmati rahbari.

«O‘zbekiston ovozi», 28.08.2023, №34-35

 

 

 

 

 

 

Teglar

Saylov Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish