“Qishloq joyda yashash insonni huquqdan mahrum qilishi mumkin emas”. XDP deputati ayrim hududlarda QVPlarni qayta tashkil etishni so‘radi

 

Koronavirus xavfi kuchaygan, mamlakat bo‘ylab karantin kunlari davom etayotgan paytda sog‘liqni saqlash tizimini yana bir qayta ko‘rib chiqish, hayot talabi, xalqimiz ehtiyojlarini hisobga olib, sohadagi islohotlarni chuqurlashtirish zarurati yuzaga keldi.

Ma’lumki, 2017-yil qishloq vrachlik punkt (QVP)lari maqbullashtirilib, oilaviy poliklinikalar tashkil etildi. Har qanday o‘zgarish va islohotning qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lganini vaqt ko‘rsatarkan. Muayyan hududlarda QVPlar o‘rniga oilaviy poliklinikalar tashkil etilgani o‘zini to‘liq oqladi. Lekin ba’zi joylarda QVPlar chuqur tahlil o‘tkazilmasdan, aholi ehtiyojlari, ijtimoiy infratuzilma, tibbiyot xodimlari imkoniyatlari hisobga olinmasdan asossiz qisqarib ketgani bugun judayam sezilyapti. Saylovlar payti va undan keyingi uchrashuvlarda aholi vakillari shu masalada ko‘plab murojaatlar qilishdi, e’tiroz va takliflarini bildirishdi. Bu holat mamlakatimizning ko‘plab hududlaridagi muloqot va uchrashuvlarda kuzatilyapti.

Men tibbiyot sohasida hududlarda ko‘p yillar faoliyat yuritgan mutaxassis, shu bilan birga, saylovchilarning fikr-mulohazalarini eshitgan deputat sifatida aytishim kerakki, ayrim hududlarda QVPlar yoppasiga qisqartirilishi xato bo‘lgan edi.

Misol uchun, o‘tgan yil davomida Toshkent viloyati tumanlari chekka hududlarida 60 ming nafardan ortiq, birgina Bo‘stonliq tumanida 4400 nafar fuqaro uzoq masofalardan kelib, turli qiyinchiliklar bilan laboratoriya tahlillari topshirgan.

Borish qiyin, transport masalasi juda og‘ir qishloqlarda emlash hamshirasi va doya shtat birliklari yo‘qligi natijasida bir yoshgacha bo‘lgan bolalar va homilador ayollar eng yaqin davolash profilaktika muassasasiga sarson bo‘lib borishiga to‘g‘ri kelmoqda. Masalan, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida 200 nafarga yaqin 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar emlash uchun o‘rtacha 10 km. uzoqlikdagi DPMga olib borilishiga majbur bo‘lmoqda.

Eng yaqin davolash profilaktika muassasasigacha uzoq masofa bo‘lganligi sababli aholi (bemorlar) ning qatnovi kamayishi va qiyinlashuviga olib kelmoqda. Ya’ni, kasallikning boshlang‘ich davrlarida murojaat etuvchilar ozayib, aksincha, sog‘liq holati ancha yomonlashgandan keyingina murojaat etuvchilar ko‘paymoqda. Bu esa tibbiy xizmat sifatiga, qishloq joylardagi aholining umumiy salomatligiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.

Aksariyat hududlarda shunday qishloqlar borki, barqaror jamoat transport qatnovi mavjud emas. Sovuq, yog‘in-sochinli kunlarda har qanday transport qatnovi umuman imkonsiz bo‘lgan hududlar ham yo‘q emas.

Bu holat tibbiyot xodimlarini ham juda katta qiyinchiliklarga duchor qildi. Laboratoriya tahlillari o‘tkazish imkoniyati yo‘qligi, patronaj xizmati radiusining kengligi, malumotnoma, kasallik varaqasi va boshka zaruriy hujjatlarni tasdiklash uchun transport deyarli yo‘q sharoitda kamida 10 km. yo‘l bosilyapti.

Hozir amaliyotda sog‘liqni saqlash sohasida muassasa tashkil etilishi, xodimlar (shtatlar) ajratilishi asosan, aholi soniga bog‘liq bo‘lib qolyapti. O‘zbekistonda hududlar xususiyati har xil, geografik joylashuv, infratuzilma, kerak bo‘lsa, odamlar, hayot har xil. Yondashuv ham shunga mos bo‘lishi kerak.

Olis, chekka qishloqlarda tibbiy xizmatni tashkil qilish qiyin, buni tushunish mumkin. Byudjet imkoniyatlari ham cheklangan, bu ham tushunarli. Lekin biz chekka qishloqlardagi tibbiy xizmat muammosi haqida gapirarkanmiz, faqatgina birlamchi tibbiy yordamni chidasa bo‘ladigan darajada yo‘lga qo‘yishni nazarda tutyapmiz. Sharoiti qiyin joyda yashayotgani uchun opa-singillarimiz aybdor emasku, to‘g‘rimi?..

Qishloq joyda yashash insonni huquqdan mahrum qilishi mumkin emas. Davlat ularning oldidagi majburiyatini qiyin bo‘lsa-da, qimmatroq bo‘lsa-da, bajarishi zarur. Ayniqsa, ustuvor huquq hisoblanadigan tibbiy xizmatdan foydalanish uchun hech bo‘lmaganda minimal sharoit yaratilishi kerak.

Muammoning yechimini qanday topish mumkin?

Mening takliflarim:

1. Sog‘liqni saqlash vazirligi hududlardagi holatni har tomonlama chuqur tahlil etgan holda, QVP va QOP tashkil qilish bo‘yicha me’yorlarni qayta ko‘rib chiqishi kerak.

2. Aholiga birlamchi malakali tibbiy yordamni tashkil qilish maqsadida avval tugatilgan QVPlar o‘rnida davlat tibbiy muassasasini qayta tashkil etish lozim.

Aks holda, sog‘liqni saqlash tizimida qishloq va shahar aholisiga umuman nojoiz bo‘lgan ikki xil munosabatdan qutula olmaymiz. Qishloq joylarda aholi salomatligi, tibbiy madaniyati bilan bog‘liq muammolar kamaymaydi. Eng asosiysi, bugungi islohotlarning odamlarni rozi qilish deb belgilangan ezgu maqsadiga erishishimiz qiyin bo‘ladi.

 

Qizilgul Qosimova,

Xalq demokratik partiyasining

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi.

 

www.daryo.uz

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish