NNT va davlat boshqaruvi organlari bir bo‘lsa...

 

Prezidentimiz parlamentga Murojaatnomasida boshqa ko‘plab dolzarb masalalar qatorida nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanishi kerakligi xususida gapira turib, ular ham shu yurt, shu Vatanning, aziz farzandlarimizning hozirgi kuni va kelajagiga daxldor ekanligiga alohida e’tibor qaratdi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari bugungi kunda aholini o‘ylantirayotgan muammolarga davlat idoralari e’tiborini qaratish orqali islohotlarning yanada jadallashuviga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shadilar.

Oliy Majlis huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat Fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining birinchi yig‘ilishi shu dolzarb masalaga bag‘ishlandi.

Men yig‘ilishda komissiya a’zosi sifatida qatnashdim. Unda ko‘rilgan masalalar bir-birdan muhim bo‘lgani bois barchasi haqida muxtasar bo‘lsa-da, to‘xtalmoqchiman. Xususan, 2020 yil uchun davlat subsidiyasi hamda granti shaklidagi mablag‘larni taqsimlash masalasi ko‘rildi. Shu bilan birga, joriy yil uchun davlat organlari buyurtmanomalarini ko‘rib chiqish, davlat ijtimoiy buyutmalarini taqdim etish uchun tanlov e’lon qilish, davlat granti 1- va 2- tanlovlarini e’lon qilish masalalari kun tartibidan o‘rin oldi.

Ushbu tanlovlar koronavirus pandemiyasi butun dunyoda global muammo bo‘lib turgan hozirgi sharoitda judayam muhim. Gap shundaki, bu xatarning oldini olish borasida samarali faoliyat ko‘rsatayotgan va pandemiya paytida yangi ish o‘rni yaratayotgan sohalar vakillari loyihalari alohida inobatga olinadi.

O‘zimning faoliyatimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, 2015-2019 yillarda nodavlat notijorat tashkiloti rahbari sifatida 3 marta grant loyihasi g‘olibi bo‘lganman. Ular doirasida ayollar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularda biznes yuritish uchun zarur ko‘nikmalarini shakllantirish va boshqa yo‘nalishlarda amaliy ishlar olib borildi.

Endilikda Parlament komissiyasi tarkibida faoliyat yuritmoqdaman. Albatta, bu katta mas’uliyatdir. Hozirdan o‘zimga biriktirilgan hududdagi NNTlar bilan doimiy seminarlar o‘tish, tanlovlar haqidagi axborotlarni ularga vaqtida yetkazish, loyihalarni tayyorlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etishni ko‘nglimga tugdim.

Zotan, bu vazifalar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 10 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining dolzarb muammolarini hal etishdagi ishtirokini kengaytiradi, mahalliy davlat boshqaruvi va ijro organlari bilan NNTning hamkorligini mustahkamlaydi.

 

Malika QODIRXONOVA, 

Oliy Majlis Senati a’zosi.

 

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

← Roʻyxatga qaytish