TA’LIM TO‘G‘RISIDAGI QONUN ESKIRGAN EDIMI?

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yangi, yaxlit, odamlar hayotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadigan qonun loyihalari keng muhokama qilinmoqda. Shulardan biri «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasidir.

So‘nggi yillarda ta’limning nodavlat shakli rivojlanish yo‘liga kirdi. Maktabgacha ta’lim tizimi bo‘yicha alohida vazirlik tashkil etildi. Davlat-xususiy sherikchilik asosida maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etilishi bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratildi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida 6 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ta’limning majburiy etib belgilanishi, 11 yillik majburiy umumiy o‘rta ta’limning joriy etilishi va ular bitiruvchilarga murakkab bo‘lmagan kasblar o‘qitilishi qonunni yangi tahrirda qabul qilishga ehtiyoj yuzaga kelganini bildiradi. Shuningdek, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlarida ta’lim berish muddati va mazmunining o‘zgarishi, mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, yuridik shaxslarga barcha ta’lim turlari bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berilishi ham qonun loyihasini yaratishga asos bo‘ldi.

Pedagoglar, ta’lim muassasasi xodimlari, ta’lim oluvchilarning huquq va erkinliklari kengaytirilib, mas’uliyati kuchaytirilishi, rag‘batlantirilishi ishga bo‘lgan munosabatni yanada oshirdi. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, yuridik shaxslarga ta’lim xizmatini ko‘rsatishga ruxsat berilgani, rivojlangan xorijiy davlatlarning ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalari yurtimizda joriy etilayotgani va bir qator xalqaro konvensiyalar ratifikatsiya qilingani ham «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririga zaruratni kuchaytirdi.

Davlat rahbarining xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishidagi vazifalardan keyin yangi takliflar ishlab chiqildi. Qonun loyihasi bugungi kunda siyosiy partiyalar, mahalliy Kengashlar deputatlari, qolaversa, keng jamoatchilik bilan birga muhokama qilinib, parlamentga kiritildi. Ayni kunlarda palataning muhokamasiga, birinchi o‘qishga tayyorlanmoqda.

Qonunning yangi tahrirdagi loyihasi 12 bob, 70 dan ortiq moddadan iborat bo‘lyapti (amaldagi qonun 5 bob, 34 moddadan iborat). Moddalar soni aniq keltirilmaganiga sabab, hali muhokama jarayoni davom etmoqda: yangi me’yorlar qo‘shilishi, ayrimlari olib tashlanishi mumkin. Albatta, eng muhimi bu emas, asosiysi, ta’lim tizimiga qanday yangi me’yorlar kiritilayotganidir.

Qonun loyihasiga asosiy yangi yo‘nalishlar kiritilmoqda. Xususan, katta yoshdagilar ta’limi, maxsus ta’lim, inklyuziv ta’lim, yakka tartibda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish, davlat-xususiy sherikchiligi, ta’lim sohasiga investitsiyalarni kiritish, ta’lim muassasalarining o‘zini o‘zi baholashi, ta’lim ishtirokchilarining huquqlari, majburiyatlari, ta’lim sohasida eksperimental va innovatsion faoliyat kabi muhim masalalar qamrab olinmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasida pedagog kadrlarning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb etilishi taqiqlanishi, bu masalada ta’lim muassasalari rahbarlari javobgar bo‘lishi belgilanmoqda. Ta’lim sohasidagi davlat boshqaruv organlarining vakolatlari va ta’lim muassasalari faoliyati erkinligi kengaytirilishi taklif etilmoqda.

Fraksiyamiz yig‘ilishida mazkur qonun loyihasini maromiga yetkazish bo‘yicha qator savollar bo‘ldi. Shulardan ayrimlarini mulohaza uchun aytmoqchiman. Jumladan, «Qonun kimga xizmat qiladi, ta’lim jarayoni sub’ekti o‘qituvchigami yoki ta’lim tizimini boshqaruvchi davlat organlarigami?», «O‘quvchilarni maktabga qabul qilish yoshining qat’iy belgilanishining sabablari nimada?», «Sinflardagi o‘quvchilar soni 35 nafardan oshmasligi qanday asosga ko‘ra belgilanmoqda?», ? yoshgacha bo‘lgan bolalarning tarbiyasi bilan bog‘liq masalalar qanday hujjat bilan tartibga solinadi?» kabi savollar berildi. Chindan ham, bir sinfda 40 nafardan ziyod o‘quvchi o‘tiradigan maktablar ham borku. O‘quvchilarning optimal sonini kim belgilaydi? Ana shu savollar fraksiyamizda keng muhokama etildi, taklif-mulohazalar bildirildi. Bularning hammasi qonun loyihasini takomillashtirishda dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Yana bir muhim masala. Yillar davomida maktabdan tashqari ta’limga turli tashkilotlar qo‘shib kelindi. Hattoki, turli to‘garaklarni o‘z ichiga jamlagan tashkilotlarning ichidagi musiqa maktabi, san’at maktablari, sport maktablarini ham maktabdan tashqari ta’lim, dedik. Lekin ular maktabku, qo‘shimcha ta’lim beryapti. Shuning uchun loyihaga qator yangi me’yorlar kiritilishi mumkin. Misol uchun, qo‘shimcha ta’lim turi haqida.

Partiyamiz Saylovoldi dasturida inklyuziv ta’limni rivojlantirish masalalari kiritilgan edi. Ayrim uchrashuvlarda O‘zXDP bu masalani kirita olmayapti, nega unda Saylovoldi dasturida turibdi, degan savollar bizni qiynab kelayotgandi. Yangi loyihaga inklyuziv ta’lim tushunchasi kiritilmoqda, bu har bir bolaning teng huquqliligini ta’minlashga, har qanday kamsitishning oldini olishga xizmat qiladi. Bu esa Saylovoldi dasturimizdagi yana bir muhim masalaning ijobiy hal etilishiga xizmat qiladi.

Yangi loyihada amaldagi qonunchilikda ko‘zda tutilmagan yangi qoidalarni kiritish taklif etilmoqda. Masalan, «katta yoshdagilar ta’limi». Bunda katta yoshdagilar uchun umri davomida bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlab borish imkoniyatlari yaratilishi ko‘zda tutilyapti. «Maxsus ta’lim», ya’ni hozirgi maxsus ixtisoslashtirilgan ta’lim emas, balki mudofaa, xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish yo‘nalishida maxsus mutaxassislarni tayyorlash ta’limi, deb belgilanmoqda. Davlat-xususiy sherikligining yangi mexanizmlari, yana bir qancha moddalari amaliyot va bugungi davr talabidan kelib chiqib kiritilmoqda.

Prezidentimiz «jamiyatimizda o‘qituvchilarning sha’ni va hurmatini boshimizga ko‘taradigan, ularni tom ma’noda kelajak bunyodkorlari, deb ulug‘laydigan muhitni yaratishimiz zarur», deb ta’kidladi. Ana shu muhitning yaratilishini qonunda belgilab berish vazifamizdir.

«Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilinishi tizimdagi muammolar bartaraf etilishida katta ahamiyatga ega bo‘lishiga ishonamiz. Asosiysi, ta’lim sifati yaxshilanadi, o‘qituvchi, muallim mehnati ulug‘lanadi.

 

Shuhrat TURSUNBOYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

← Roʻyxatga qaytish